Qoʻmita majlisida qanday masalalar muhokama qilindi?

17:01 17 Noyabr 2020 Siyosat
259 0

2020-yil 17-noyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qoʻmitasining videokonferensaloqa tarzida majlisi boʻlib oʻtdi.

Unda parlament yuqori palatasining toʻqqizinchi yalpi majlisida koʻrib chiqilishi rejalashtirilgan masalalar dastlabki tarzda muhokama qilindi.

Senat aʼzolari, vazirlik va idoralar mutasaddilari, ekspertlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etgan ushbu majlisda dastlab “Koronavirus pandemiyasi va global inqiroz holatlarining iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy taʼsirini yumshatish boʻyicha chora-tadbirlar qabul qilinganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonun muhokama qilindi.

Mazkur hujjat bilan “2020-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat byudjeti toʻgʻrisida”gi Qonunga hamda Soliq kodeksiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilayotgani taʼkidlandi.

Jumladan, Qonunga kiritilgan oʻzgartirish bilan, narx-navo oshib ketishining oldini olish maqsadida joriy yilning yakuniga qadar ayrim turdagi aksiz soligʻi stavkalarini oʻzgarishsiz saqlab turish nazarda tutilmoqda.

Shuningdek, qishloq xoʻjaligi yerlarini sugʻorish va baliq yetishtirish uchun foydalanilgan suv hajmlari boʻyicha soliq stavkalarining belgilangan miqdordan 50 foizga kamaytirilishi ham belgilanmoqda.

Shu bilan birga, Prezidentning farmon va qarorlari bilan iqtisodiyotni rivojlantirish uchun koʻrilgan choralar asosida Soliq kodeksiga:

qonunchilikda belgilangan alohida soliqlar va yigʻimlar boʻyicha imtiyozlar berish hamda soliq stavkalarini oʻzgartirish, toʻlov muddatlarini uzaytirish;

soliqlar, penya va jarimalar toʻlashni kechiktirish, boʻlib-boʻlib toʻlash yoki muddatini uzaytirish;

majburiy undirish choralarini toʻxtatib turish kabi bir qator oʻzgarishlar kiritilmoqda.

Bundan tashqari, majlisda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yilning toʻqqiz oyi davomida Harakatlar strategiyasini “Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi bajarilishining borishi toʻgʻrisidagi hisoboti ham muhokama markazida boʻldi.

Iqtisodiyot yoʻnalishiga toʻxtaladigan boʻlsak, dastlabki hisob-kitoblarga koʻra, joriy yilning yanvar-sentyabrida YAIMning oʻsishi 0,3-0,5 foizni tashkil etishi kutilmoqda.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 30-iyuldagi PF-6038-son Farmoniga muvofiq, “temir daftar”ga kiritilgan, muhtoj, nochor va ehtiyojmand oilalarni moddiy qoʻllab-quvvatlash maqsadida Qurbon Hayiti bayrami arafasida 154 mlrd. soʻm moddiy yordam, avgust oyida 260 mlrd. soʻm bir martalik moddiy yordam, shuningdek, tez tibbiy yordam brigadalarining 41 mingdan ortiq xodimlariga bir martalik pul mukofotlari uchun 141 mlrd. soʻm mablagʻ ajratilgan.

Moddiy yordam va koʻmakka muhtoj “temir daftar”ga kiritilgan oilalarning 16 yoshga toʻlmagan bolalariga, nogiron va boquvchisini yoʻqotganlik pensiyasi yoki nafaqasini oluvchi oilalarning 16 yoshga toʻlmagan jami 845 ming nafardan ortiq bolalarning har biriga 500 ming soʻmdan jami 422 mlrd. soʻm bir martalik yordam toʻlovlari amalga oshirilgan.

Yana bir jihat. Ijtimoiy va infratuzilma obyektlarini qurish, rekonstruksiya qilish va kapital taʼmirlash uchun 2 trln. 824 mlrd. soʻm mablagʻ, aholini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash uchun 1 trln. 211 mlrd. soʻm mablagʻ yoʻnaltirilgan.

Koʻrib chiqilgan masalalar yuzasidan Qoʻmitaning tegishli qarori qabul qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?