Qo‘mita avtomobil yo‘llarida inson xavfsizligini ta’minlash yuzasidan ko‘rilayotgan chora-tadbirlar natijalariga e’tibor qaratdi

18:29 26 May 2023 Siyosat
500 0

Foto: Yunus Bo‘riyev / “Xalq so‘zi”

Joriy yil 26-may kuni Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 4-apreldagi “Avtomobil yo‘llarida inson xavfsizligini ishonchli ta’minlash va o‘lim holatlarini keskin kamaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar holati to‘g‘risida mas’ul vazirlik va idoralar rahbarlarining axboroti eshitildi.

Tadbirda senatorlar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari doimiy komissiyalari raislari, Qo‘mita huzuridagi ekspertlar guruhi a’zolari, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, Hisob palatasi, Ichki ishlar, Transport vazirliklari hamda boshqa mutasaddi vazirlik va idoralar rahbar xodimlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Ta’kidlanganidek, qarorda belgilangan vazifalarning 21 tasi ijro qilingan, 6 ta normativ-huquqiy va boshqa hujjatlar qabul qilingan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2022–2026-yillar davomida amalga oshirilishi mo‘ljallangan “Xavfsiz va ravon yo‘l” umummilliy dasturini tasdiqlash to‘g‘risida”gi, Vazirlar Mahkamasining avtomototransport vositalari haydovchilarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini tubdan takomillashtirish, yo‘l harakati qoidalari targ‘ibotini kuchaytirishga oid qarorlari shular jumlasidandir.

Ushbu hujjatlar ijrosini ta’minlash maqsadida mamlakatimizda mavjud avtomobil yo‘llari infratuzilmasi kompleks takomillashtirilib, avtomobil yo‘llarida harakatni boshqarish tizimi raqamlashtirilmoqda.

Jumladan, Umummilliy dastur ijrosini ta’minlash va avtomobil yo‘llarida transport vositalarini o‘tkazuvchanlik qobiliyatini yaxshilash maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahriga 2023-yilda jami 707 ta transport va 298 ta piyodalar svetoforini o‘rnatish hamda 404 ta svetoforni (348 ta transport, 56 ta piyoda) rekonstruksiya qilish belgilangan.

Bundan tashqari, ilg‘or xorijiy tajriba asosida O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-protsessual hamda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslarini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi ishlab chiqilib, parlament muhokamasiga kiritilgan.  

Biroq o‘tkazilgan o‘rganishlar tahlili Qaror ijrosini ta’minlashda ayrim kamchiliklar ham mavjudligini ko‘rsatmoqda.

Xususan, Qarorda belgilangan vazifalar doirasida “Uzavtomotobelgi” davlat unitar korxonasida yo‘l harakatini tashkil etishning texnik vositalarini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish va ushbu sohada raqobat muhitini shakllantirish bo‘yicha yetarli ishlar amalga oshirilmagan. Oqibatda bunday texnik vositalarning sifati pastligicha qolmoqda. 

Qarorning 9-bandida belgilangan vazifalar ijrosi tegishli hududiy maxsus komissiyalar tomonidan to‘liq ta’minlanmayapti. Jumladan, harakat xavfsizligini ta’minlash bilan bog‘liq masalalar xalq deputatlari mahalliy Kengashlari muhokamasiga muntazam kiritilmayapti. 

Aynan shunday kamchiliklar oqibatida 2022-yilda mamlakatimizda 9902 ta yo‘l transport hodisasi sodir bo‘lgan hamda ularda 9606 nafar fuqaro jarohatlangan va 2356 nafar fuqaro halok bo‘lgan.

2023-yilning 4 oyi davomida esa 2144 ta yo‘l transport hodisasida 499 nafar fuqaro hayotdan ko‘z yumgan.

Umummilliy dasturda ko‘zda tutilgan ayrim vazifalar ijrosi ham o‘z vaqtida ta’minlanmagan. Xususan, 26 ta vazifa ijrosi belgilangan muddatda amalga oshirilmagan.
Shuningdek, joriy yilning 1-chorak yakuniga qadar muddati kelgan 5 ta topshiriq ijrosi ta’minlanmagan.

Jumladan, Andijon, Farg‘ona, Buxoro, Navoiy viloyatlarida qoidabuzarliklarni qayd etuvchi foto va video moslamalarni (kameralar) o‘rnatish, ularni viloyat va respublika monitoring markazlariga integratsiya qilish,  yirik bozorlar atrofida ko‘p qavatli yoki yer osti avtoturargohlari hamda avtomatlashtirilgan yo‘l bo‘yi pullik to‘xtab turish joylarini tashkil etish kabi topshiriqlar ijro etilmagan.

Bugungi kunda transport vositalari soni aholi jon boshiga ko‘payishi va yirik shaharlarda yangi avtomobil yo‘llarini qurish imkoniyati cheklangani, svetofor orqali transport oqimini boshqarishning yagona aqlli avtomatlashtirilgan tizimi to‘liq joriy etilmaganligi sababli yo‘llarda tirbandliklar vujudga kelmoqda.

Tahlillar davomida aniqlanishicha, avtomobil yo‘llarini qurish, rekonstruksiya qilish va ularni saqlashda hamon bir qator qonun buzilishi holatlariga yo‘l qo‘yilmoqda.
Yo‘l harakati qoidalari aholi o‘rtasida hanuzgacha ta’sirchan va samarali targ‘ib qilinmaydi, ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda fuqarolarning bu boradagi madaniyatini yuksaltirishga qaratilgan materiallar yetarli darajada berilmayapti.

Tegishli oliy o‘quv yurtlarini bitirgan bakalavr va magistrlarni yo‘l harakati xavfsizligi xizmatiga ishga qabul qilishning zamonaviy, shaffof va samarali tizimi to‘liq joriy etilmagan. 

Yuqoridagilardan kelib chiqib, Qo‘mita yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan qator takliflarni ilgari surdi. Xususan, Qaror hamda Umummilliy dastur ijrosini ta’minlashda sustkashlikka yo‘l qo‘yayotgan mahalliy davlat hokimiyati organlarining mutasaddilari faoliyatiga baho berish masalasini ko‘rib chiqish,  Qaror hamda Umummilliy dastur ijrosini ta’minlash yuzasidan hududiy komissiyalar mas’uliyatini kuchaytirish, hududiy komissiyalar tomonidan har oyda yo‘llarning holati va mavjud infratuzilma, avariya o‘choqlari, qoidabuzarliklarning tahlilidan kelib chiqib, harakat xavfsizligi, transport va yo‘l sohalariga mas’ul idoralar rahbarlari faoliyatini tanqidiy o‘rganish shuningdek, tegishli tahlillarning Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari muhokamasiga kiritilishi kabi masalalar shular jumlasidandir. 

Muhokama yakunlari bo‘yicha Qo‘mitaning tegishli qarori qabul qilindi.

 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер