Qolganlarga mablagʻlar berish choralari koʻrilmoqda — MOQ Tokioga yoʻl olgan sportchilarga mukofot puli berilmagani haqida

18:02 21 Iyul 2021 Sport
496 0

Ijtimoiy tarmoqlarda Tokioga yoʻl olgan oʻzbek yengil atletikachilari Prezident vaʼda qilgan mukofot puli berilmagani haqida xabarlar tarqaldi. Xabarlarga Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi munosabat bildirdi.

Unga koʻra, Oʻzbekiston sportchilarini 2020-yil Tokio shahrida (Yaponiya) boʻlib oʻtadigan XXXII yozgi Olimpiya va XVI Paralimpiya oʻyinlariga tayyorlash boʻyicha Respublika komissiyasi qaroriga muvofiq, Olimpiadada ishtirok etish huquqini qoʻlga kiritgan sportchiga 100 million soʻm, uning murabbiysiga esa 50 million soʻm bir martalik ragʻbatlantirish puli berilishi belgilangan.

Ushbu hujjatga asosan, 17 sport turi boʻyicha 71 ta litsenziyani qoʻlga kiritgan milliy terma jamoa vakillaridan 64 nafariga 100 million soʻmdan hamda ularning murabbiylariga 50 million soʻmdan bir martalik ragʻbatlantirish puli taqdim etildi.

“Olimpiya qoʻmitasi va Yengil atletika federatsiyasi rahbariyati turli bahonalar bilan yengil atletikachilar va ularning murabbiylariga Prezident qarorida belgilangan ragʻbat puli berilmayapti”, mazmunidagi daʼvo haqiqatga toʻgʻri kelmaydi.

Birinchidan, Tokio olimpiadasida Oʻzbekiston sharafini himoya qiluvchi yengil atletikachilardan 7 nafari Olimpiya oʻyinlarida qatnashish normativlarini bajargani va litsenziyalarni qoʻlga kiritgani Xalqaro yengil atletika federatsiyasi tomonidan rasman 1-iyul kuni tasdiqlangan. Joriy yilning 4-iyuldan 5-iyulga oʻtar kechasi yengil atletchilar Olimpiya oʻyinlariga yakuniy tayyorgarlik bosqichini amalga oshirish, oʻquv mashgʻulot yigʻinlarida ishtirok etish uchun Turkiya Respublikasiga joʻnab ketgan.

Ikkinchidan, Oʻzbekiston yengil atletika federatsiyasi Milliy Olimpiya qoʻmitasiga murojaat qilib, litsenziyalarni qoʻlga kiritgan sportchilar bugungi kunda Tokioda boʻladigan Olimpiya oʻyinlariga jiddiy tayyorgarlik koʻrishi kerakligini inobatga olib va pandemiya sharoitidan kelib chiqib, sportchilar sogʻligʻini saqlash uchun turli ommaviy tadbirlarga jalb qilmaslik, muhim mashgʻulotlardan chalgʻitmaslik maqsadida ularga hamda murabbiylariga beriladigan bir martalik mukofot pullarini Olimpiya oʻyinlaridan qaytgach, tantanali ravishda topshirishni iltimos qilgan.

Shunday boʻlishiga qaramay, Olimpiya va Paralimpiya, Osiyo oʻyinlari hamda jahon chempionatlarida yuksak natijalarga erishgan, nufuzli xalqaro sport musobaqalarida Vatanimiz bayrogʻini baland koʻtarib kelayotgan sportchilar va ularning trenerlarini ragʻbatlantirish maqsadida olimpiya yoʻllanmasini qoʻlga kiritgan tegishli sportchilar qatori yengil atletikachilardan Svetlana Radzivil Milliy olimpiya qoʻmitasi va Toshkent shahar hokimligi tomonidan 100 million soʻmdan jami 200 million soʻm, murabbiysi Milliy olimpiya qoʻmitasi tomonidan 50 million soʻm, Sadullayeva Safina Sirdaryo viloyati hokimligi tomonidan 100 million soʻm, Xodjayev Suxrob Toshkent shahar hokimligi tomonidan 100 million soʻm, Reznichenko Darya Toshkent shahar hokimligi tomonidan 100 million soʻm pul mukofotlari bilan (plastik kartalariga pul tushirish orqali) taqdirlangan.

Ayni paytda qolgan yengil atletchilar va ularning murabbiylariga ushbu mablagʻlarni berish choralari koʻrilmoqda», deyiladi munosabatda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?