Qiziltepada mast haydovchi piyodaning umriga zomin boʻldi

18:38 24 Noyabr 2020 Jamiyat
257 0

Xatirchi tumanining “Guliston” MFY hududidan oʻtuvchi 4P-56 avtomobil yoʻlining 16-kilometrida «Langar-Oqtosh» yoʻnalishi boʻyicha «Lasetti» rusumli avtomashinada harakatlanib kelayotgan Gʻ.R. (Xatirchi tumani «Maydonsoy» MFYda yashaydi) boshqaruvni yoʻqotib, qarama-qarshi yoʻnalishga chiqib ketadi. Natijada qarama-qarshi yoʻnalishda harakatlanib kelayotgan «Damas» rusumli avtomashina bilan toʻqnashib, uning yoʻlovchisi boʻlgan N.Z. “bosh miya yopiq shikastlanishi, bosh miya lat yeyishi, chap boldir suyagi sinishi” kabi tan jarohatlari bilan tuman tibbiyot birlashmasi shifoxonasiga yotqizildi.

Hodisaning sabablari oʻrganilganida, haydovchi Gʻ.R. spirtli ichimlik isteʼmol qilganligi sababli harakatlanish davomida mast holda boʻlganligi, quvib oʻtish qoidalarini buzganligi bois muvozanatni saqlay olmay qarama-qarshi yoʻnalishga chiqib ketganligi va transport vositasini boshqarish huquqini beruvchi hujjatlarsiz yurganligi aniqlandi.

Mast holda avtomashina boshqarish Qiziltepa tumanida esa bir begunohning umriga zomin boʻldi. Tuman hududidan oʻtgan xalqaro ahamiyatga ega M-37 yoʻlning 204-kilometrida “Buxoro – Navoiy” yoʻnalishi boʻyicha harakatlanib kelayotgan haydovchi Oʻ.X. «Niva» rusumli avtomashinasida oʻzining yoʻnalishi boʻyicha yoʻlning oʻng chetki qismida harakatlanib kelayotgan – 1972-yilda tugʻilgan fuqaro Oʻ.E.ni urib yuborib, yoʻl-transport hodisasini sodir etgan. Achinarlisi, haydovchining jabrlanuvchiga birinchi tez tibbiy yordamni koʻrsatmasdan qochib ketganligi oqibatida, piyoda ogʻir tan jarohati tufayli voqea joyida vafot etgan.

Mazkur har ikki holat boʻyicha ham Navoiy viloyati IIB huzuridagi TB tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Aybdorlar qilmishiga yarasha jazosini olishi shubhasiz. Ehtimol, ular bunday huquqbuzarlikni qayta sodir etmas ham, jarohat olgan kimsa ham hech narsa koʻrmaganday boʻlib ketar, lekin 48 yoshni endigina qarshilagan kishini hayotga qaytarib boʻlmasligi aniq. Mast holda koʻra-bila rulga oʻtirib, birovning umriga zomin boʻlishning isnodi yomon.

Temur ESHBOYEV,
(“Xalq soʻzi”).

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?