Qizilqumda chigirtkalarga qarshi kurash choralari ko‘rilmoqda

18:20 10 May 2023 Jamiyat
800 0

Videodan kadr

Joriy ko‘klam anchagina qurg‘oq keldi. Nurotalik chorvadorlarning aytishicha shu kecha – kunduzdagi yomg‘irning chorva uchun ozuqabop o‘t-o‘landan shuvoqqning rivojiga ancha foydasi tegarmish. Binobarin ushbu o‘simlikni zararkunandalardan ishonchli himoya qilishni vaziyatning o‘zi kun tartibiga qo‘ymoqda. Ayniqsa, yaylov zararkunandalaridan chigirtkaga qarshi kurashish o‘z vaqtida amalga oshirilmas ekan, ularning bosqini har yili takrorlanishi bilan asoratlidir.

- Chigirtkalarga qarshi kurashishda eng avvalo ularni tuxum qo‘yish va tarqalishigacha bo‘lgan davrda yo‘q qilish samarali, - deydi Navoiy viloyati chigirtka va tut parvonasiga qarshi kurashish xizmati rahbari Asliddin Muhammadiyev. – Eng muhimi, chigirtkalar tarqalishining oldini olishda barcha sub’yektlar faoliyatini muvofiqlashtirish, ya’ni yoppasiga yo‘q qilish choralarini ko‘rish maqsadga muvofiq.

Nurota tumanidagi Amir Temur MFYning dasht hududida Navoiy viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi tomonidan tashkil etilgan “Zararli chigirtkalarga qarshi kurashish tadbirlarini samarali tashkil etish” mavzusidagi o‘quv amaliy seminari yaylovlarni asrashda shu kunning dolzarb vazifalariga bag‘ishlandi. Seminarda ta’kidlanishicha, viloyatning cho‘l hududlaridagi yaylovlarida 2023 yil mavsumida 36 200 gektar maydonda chigirtkalarga qarshi kimyoviy ishlovlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan bo‘lib, xududda asosan, ushbu zararkunandalarning Italiya prusi, Turon, Voha hamda Marokash chigirtkasi kabi turlariga tarqalishga kurash olib boriladi.

- Zararkunanda chigirtkalar tarqalishining oldini olish va o‘z vaqtida kimyoviy kurash ishlarini o‘tkazish maqsadida viloyatimizda 4 ta maxsus otryad tashkil etilgan bo‘lib, bugungi kunda xizmat agronom nazoratchilari tomonidan yaylovlarda doimiy kuzatuv nazorat ishlari olib borilmoqda, - deydi viloyat FVB bo‘lim boshlig‘i Mirzohid Abdiyev. – Shu kunga qadar Nurota tumanidagi yaylovlardan tashqari, Xatirchi tumanida 400, Navbahor tumanida esa 440 gektar maydonlarda zararkunanda chigirtkalarga qarshi kimyoviy ishlovlar o‘tkazildi. 

Seminarda chigirtkalar ommaviy tarqalishining oldini olish tadbirlarida kimyoviy vositalardan foydalanishda xavfsizlik choralarini ko‘rish, yangi kimyoviy preparatlar va ularni ishlatish qo‘llanmalari bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi. 

Bir so‘z bilan aytganda global iqlim sharoitlarining o‘zgarishi bugungi kunda yaylovlarda ham agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida, obi-tobida o‘tkazishni talab etib, bu borada mazkur seminarlarning ahamiyati shubhasiz.

Temur ESHBOYЕV, “Xalq so‘zi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?