Qishloqlarda tibbiy xizmat yaxshilanmoqda

Foto: Xalq so‘zi
Mana, 16 yildirki, noyabr oyining ikkinchi yakshanbasi yurtimizda Tibbiyot xodimlari kuni sifatida keng nishonlanib kelinadi. Sohaga berilayotgan eʼtibor sogʻliqni saqlash tizimini zamon talablari asosida takomillashtirish, aholiga, ayniqsa, chekka, olis manzillarda yashovchi insonlarga malakali tibbiy xizmatni yaqinlashtirishda muhim omil boʻlmoqda.
Andijon viloyati Baliqchi tumanidagi “Xalfa” MFYda joylashgan qishloq vrachlik punkti binosi 1964-yilda qurilgan boʻlib, bugungi kun talabiga umuman javob bermay qolgandi. Ustiga-ustak tibbiy anjomlarga boʻlgan ehtiyoj, malakali xodimlarning yetishmasligi bemorlarning ushbu muassasaga boʻlgan ishonchini butkul soʻndirgandi.
— Devorlari koʻchgan binoning zax xonalariga kirishga ikkilanardi odam,-xotirlaydi shu qishloqda yashovchi mehnat faxriysi Odinaxon Umarova. — Poli koʻchib tushmasmikin, deb qadam bosishga ham choʻchirdik. Zarurat tugʻilsa, tuman yoki viloyat markazidagi shifoxonalarga qatnashga toʻgʻri kelardi. Shukr, bu yil bahorda yangi bino qurilib, foydalanishga topshirildi. Bu yerdagi sharoitni koʻrib, koʻzingiz quvnaydi.
Dastlab ushbu maskan 13-oilaviy poliklinikaga aylantirildi. Soʻng 150 qatnovga moʻljallangan yangi, zamonaviy bino ishga tushirilgach, “Xalfa”, “Nasriddinobod”, “Mallachek”, «Navhinol» MFYda istiqomat qiluvchi 10 ming nafardan ziyod aholiga sifatli tibbiy xizmat koʻrsatish imkoniyati yaratildi. EKG, UTT, zamonaviy laboratoriya uskunalari aniq tashxis qoʻyishda qoʻl kelmoqda. Ayniqsa, bu yerda tez tibbiy yordam xizmati tashkil etilgani qishloq ahli uchun ayni muddao boʻldi.
— 35 yildirki, shu birlamchi tibbiy muassasada xizmat qilaman, — deydi II darajali “Salomatlik” ordeni sohibi Qobiljon Moʻminov. — Ortda qolgan yillar davomida turli sharoitlarni koʻrdik. Har gal respublika yoki viloyat markazidagi tibbiy muassasalarda boʻlib, ulardagi shart-sharoitlarni, yangiliklarni koʻrib, bu oʻzgarishlar bizning qishloqlarga ham yetib kelarmikan, derdim. Vaholanki, har qanday yangilanish quyidan boshlanishi kerak. Shundagina koʻzlangan maqsadga yetishish mumkin. Bugungi kunga kelib qishloq joylarda tibbiy xizmatni yaxshilashga eʼtibor ortmoqda. Poytaxtdagi shifoxonalardan sira qolishmaydigan maskanimizda yaratilgan sharoit va imkoniyatlar zimmamizga yuklatilgan vazifani ortigʻi bilan ado etishga undaydi.
Zamonaviy bino, jahon talablariga javob bera oladigan tibbiy anjomlar bilan ish bitmaydi, albatta! Eng avvalo, soha xodimlari malakasini oshirish, tajribali shifokorlarni jalb etish zarur. Ushbu poliklinikada Andijon davlat tibbiyot instituti klinikasining oliy toifali shifokori Azamatjon Maxsumjonovning faoliyat yurita boshlaganini butun qishloq ahli katta quvonch bilan qarshi oldi. Hozirda ushbu maskanda 8 nafar shifokor va 30 nafar hamshira aholiga sifatli tibbiy xizmat koʻrsatish yoʻlida kamarbastalar.
Saminjon HUSANOV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Olimlar saratondan ham oʻlim xavfi ikki baravar yuqori boʻlgan kasallik haqida maʼlum qilishdi
- AQSH boy berilgan hududlarni Ukrainaga qaytarishga erishish niyatida ekanligini maʼlum qildi
- “Eshonxoʻja ota” masjidi imom-xatibi Avazxoʻja Bahromov lavozimidan ozod etildi va 3 sutkaga qamaldi
- Transport vazirlari “Xitoy – Qirgʻiziston – Oʻzbekiston” temir yoʻli qurilishini muhokama etishdi
- Oʻzbekiston Energetika vazirligi va “Gazprom” kompaniyasi oʻrtasida gaz sohasida hamkorlik boʻyicha “yoʻl xaritasi” imzolandi
- Davlat rahbari yoshlarning tashabbuslarini qoʻllab-quvvatladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring