Qishloq xoʻjaligi xodimlari va ularning oila aʼzolari bepul sogʻlomlashtiriladi

Hademay, qizgʻin ekin-tikin mavsumi boshlanadi. Hozir esa iqtisodiyotimiz tayanchi boʻlgan mirishkoru sohibkorlar biroz tin oladigan davr. Shuni hisobga olib, Sogʻliqni saqlash vazirligi yangi tashabbus bilan chiqdi. Unga koʻra, joriy yil 1-fevraldan 1-martgacha yurtimizda “Qishloq xoʻjaligi xodimlari salomatligi oyligi” aksiyasi oʻtkaziladi.
Bu davrda mamlakatimizdagi agrar soha xodimlari — fermerlar, dehqon, bogʻbonlar, klaster xodimlari va ularning oila aʼzolari, avvalo, profilaktik va chuqurlashtirilgan tibbiy koʻriklar hamda skriningdan oʻtkaziladi.
Tekshiruv natijalariga muvofiq, aniqlangan kasalliklar boʻyicha davlat koʻmagida ularning salomatligini tiklash va mustahkamlash choralari koʻriladi.
Buning uchun dastlab agrar soha xodimlari orasidan tibbiy xizmatga ehtiyoji bor kontingent hamda ularning oila aʼzolari roʻyxati shakllantirilib, ular yoshi, jinsi va salomatlik holatidan kelib chiqib, tegishli guruhlarga ajratiladi.
Shundan soʻng ular maxsus tibbiy brigadalar tomonidan profilaktik va chuqurlashtirilgan tekshiruvlardan oʻtkaziladi.
Tibbiy koʻriklar yakunida:
— hayotida ilk bor surunkali kasallik aniqlanganlar dispanser nazoratiga olinib, individual sogʻlomlashtiriladi;
— oʻtkir va surunkali xastaliklar qayd etilgan bemorlardan bir guruhi birlamchi boʻgʻindagi kunduzgi shifoxonalarda ambulator sharoitda, statsionar yordamga muhtoj qatlam esa tuman, shahar hamda viloyat miqyosidagi tibbiyot muassasalarida davolanadi;
— yuqori texnologik ixtisoslashtirilgan tibbiy yordamga ehtiyoji bor bemorlarga viloyat va respublika muassasalariga imtiyozli yoʻllanmalar taqdim etiladi.
Oʻz navbatida, olis va chekka hamda chegara hududlarda sayyor tibbiy brigadalar tomonidan koʻriklar oʻtkaziladi.
Agrar soha xodimlari va ularning oila aʼzolari orasida homiladorlar, yangi farzandli boʻlgan ayollar, chaqaloqlar, yotib qolgan, keksa, oʻzgalar parvarishiga muhtoj nogironligi bor shaxslar boʻlsa, ushbu qatlam oila shifokori va oila hamshiralari tomonidan patronaj qilinib, zarur hollarda tor soha mutaxassislari ishtirokida xonadonlarning oʻzida koʻriklar amalga oshiriladi.
Shuningdek, tibbiy tekshiruv natijalari boʻyicha mehnatga qobiliyatini turgʻun yoʻqotgan, organizm funksiyasi buzilishi va hayot faoliyati chegaralanishi aniqlangan qatlamga nogironlikni belgilash uchun tegishli organga yoʻllanmalar beriladi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Eron va Isroil oʻrtasidagi ziddiyatlar xronologiyasi yoxud bugungi “urush”ning ildizi qayerda?
- Oʻzbekiston Tashqi ishlar vazirligi Isroil–Eron mojarosi yuzasidan bayonot berdi
- “Air India” fojiasidagi tirik qolgan yagona yoʻlovchi hikoyasi
- “JCH-2026”ga Osiyodan toʻgʻridan-toʻgʻri yoʻllanmani qoʻlga kiritgan terma jamoalar maʼlum
- Shomurodovning koʻz yoshlari, Fayzullayevning raqsi va muxlislar hayqirigʻi — Mundial eshiklarini ochgan oʻyindan fotoreportaj
- Toshkent davlat tibbiyot universitetining “Bitiruvchi – 2025” tantanali marosimi boʻlib oʻtdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring