Qishdan omon chiqmagan yoʻllar... Koʻprik qurilishi nega choʻzilyapti?

12:15 08 Aprel 2021 Jamiyat
309 0

Har bahorda shu boʻlar takror. Yil oralab apil-tapil taʼmirdan chiqarib turiladigan ayrim avtomobil yoʻllari qishdagi yogʻingarchiliklarga tob berolmay transport harakatiga noqulaylik tugʻdiradigan oʻydim-chuqurlar bilan bezanishiga koʻnikib qolgandaymiz. Haydovchilarni bezdirgan bunday “yama”ga toʻla yoʻllar Mingbuloq tumanida ham uchraydi. Masalan, transportlar oqimi sira toʻxtamaydigan "Jomashoʻy — Gulbogʻ" — 4R126-avtomobil yoʻlining manzil soʻnggidagi 15 kilometrlik qismi oʻta abgor holatga tushib qolgan. Har zamonda bir yurgan odamu bu yoʻldan bir ilojini qilib oʻtib olar. Biroq har kuni qatnaydiganlar, ayniqsa, avtobus haydovchilariga azob.

— Tumanning chekkasida joylashgan qishlogʻimiz ahlining katta qismi koʻzlagan manziliga yetib olish uchun asosan jamoat transportidan foydalanadi, — deydi shudgormisol yoʻldan amal-taqal harakatlanayotgan 50 299 AVA raqamli “Isuzu” avtobusida kelayotgan Nargiza Mamadaminova. — "Avtodaryotrans"ning Kosonsoy unitar korxonasiga qarashli 6 ta avtobus doimiy xizmatda. Biroq, yoʻlimizning Tegirmon, Qozoqovul, Qorashahar mahallalaridan oʻtgan qismidagi noboplikdan dilimiz zada.

— Viloyat markazidan Gulbogʻgacha 80 kilometrga yaqin masofani bosib oʻtishga toʻgʻri keladi. Tegirmon qishlogʻi chegarasiga kirib kelishimiz bilan yoʻl azobi boshlanadi. Mashinamizning yurish qismi hafta oʻtmay taʼmirtalab holga tushayotganini-ku aytmaylik, bu yerdan oʻtayotganda yoʻlovchilar xavfsizligini oʻylab jonimiz xalak, — deydi haydovchi Ilhomjon Isoqov. — Boisi, oʻta ehtiyot boʻlmasangiz chuqurliklardan qochib, yoʻl yoqasidagi zakanga surilib ketish hech gapmas.

Aytishlariga qaraganda, bu yoʻlning chuqurlariga yamoq solinib, ikki yil avval “taʼmirdan”, agar shunday deb atash mumkin boʻlsa, chiqarilgan ekan. Koʻrinib turibdiki, u joriy yil yogʻingarchilik mavsumidan ham omon chiqa olmabdi. Hosil boʻlgan son-sanoqsiz chuqurlarga yana qachon yamoq solinadiyu, qachon qatnash uchun epaqaga keltiriladi?

Abgor yoʻldan qaytar chogʻi, tuman markazidan uncha olis boʻlmagan Mehnatobod mahallasida bir guruh oqsoqollarning gurungi ustidan chiqdik. Roʻparada hududdan oqib oʻtadigan Oxunboboyev kanali ustiga koʻprik qurilayotgani shundoqqina koʻzga tashlanib turibdi.

— Hormanglar, koʻpriginglar ham yangilanib qoladigan boʻlibdi-da, — otaxonlarga yuzlandi hamrohim Anvar Ubaydullayev.

— Shunga umid qilgandik, biroq, suyunishga erta chogʻi, — javobga tutinishdi chollar.

Moʻysafidlarning ichi toʻlib turgan ekanmi, koʻprik qurilishi achchiq ichakday choʻzilayotganidan hasratga tushishdi. Bundan qariyb oltmish yil avval qurilgan inshoot keyingi yillarda yaroqsiz holatga tushib, ancha xavfli boʻlib qolgani bois uni yangilashga qaror qilishgani koʻpchilikning koʻnglidagi ish boʻlibdi. Ammo...

— Oʻtgan yilning soʻnggi choragida eski koʻprik buzib tashlanib yangisini tiklash harakati boshlandi. Avvaliga ancha tez ishlashdi. Ikki qirgʻoqqa moslamalar oʻrnatildi. Kanalning oqim qismiga ustunlar oʻrnatishga kirishildi. Biroq, oradan koʻp oʻtmay nima sababdandir quruvchilar ham, texnika vositalari ham koʻrinmay qoldi. “2021-yilning bahoridan yangi, zamonaviy koʻprikdan qatnaysizlar”, deb bizni ishontirishgandi, — deydimehnatobodliklar fikrini ifodalagan mehnat faxriysi Ikromjon Egamberdiyev.

Maʼlumotlarga qaraganda, Namangan avtomobil yoʻllari bosh boshqarmasi buyurtmachiligida amalga oshirilayotgan inshoot qurilishining pudratchisi Namangan koʻpriklardan foydalanish unitar korxonasi boʻlib, loyiha ijrosi uchun dastlabki bosqichda 1 milliard 533 million soʻm mablagʻ ajratilgan ekan. Noyabr, dekabr oylarida 978 mln soʻmi oʻzlashtirilibdi. Rejaga koʻra, ishlar joriy yilning aprelida yakunlanishi belgilangan. Mana, aprel kun sanay boshlaganiga ham bir haftadan oshdi. Bu yerda biror nafar quruvchi koʻrinmaydi, texnika ham yoʻq. Biz qurilishi choʻzilayotgan inshootda 6-aprel kuni boʻlgandik. Oradan bir kun oʻtkazib yana bordik. Ahvol oʻsha-oʻsha. Faqatgina ikki tomonga oʻrnatilgan beton plitalar qirgʻoqqa olib taxlab qoʻyilibdi. Nega bunday qilishgan, izohlaydigan odam topilmadi. Bu yoqda Mehnatobodning nochor boʻlsada eski koʻprikdan amal-taqal qatnab turgan 420 xoʻjaligida yashab turgan aholi oʻz uylariga bir-ikki kilometr qoʻshimcha yoʻl bosib, qatnashda davom etyapti. Ayniqsa, aylanma yoʻldan oʻqishga borib kelayotgan maktab oʻquvchilariga qiyin.

Koʻprik qachon bitadi? Qishloq ahlini qiziqtirayotgan bu savol va maqolada tilga olingan avvalgi soʻrovimiz ham Namangan avtomobil yoʻllari bosh boshqarmasiga taalluqli boʻlib chiqyapti. Demak, javobini kutib qolamiz.

Qudratilla NAJMIDDINOV,
“Xalq soʻzi”.

Suratlar muallifi Anvar Ubaydullayev.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?