“Qirgʻiziston - Oʻzbekiston” biznes-forumi ikki tomonlama hamkorlikning yangi qirralarini ochib berdi

20:27 26 Yanvar 2023 Siyosat
568 0

26-yanvar kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning Qirgʻiziston Respublikasiga davlat tashrifi arafasida Bishkek shahrida “Qirgʻiziston – Oʻzbekiston” biznes-forumi boʻlib oʻtdi. Unda ikki mamlakat hukumatlari aʼzolari, tegishli vazirlik, idoralar, tarmoq birlashmalari, hududiy maʼmuriyatlar rahbarlari, ishbilarmon doiralarining 350 dan ortiq vakillari ishtirok etdi.

Spikerlarning Forumning ochilish marosimidagi nutqlarida soʻnggi besh yil ichida Oʻzbekiston bilan Qirgʻiziston oʻrtasidagi munosabatlar sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarilgani taʼkidlandi.

Jumladan, ikki davlat oʻrtasidagi tovar ayirboshlash hajmi ushbu davrda 7 barobarga oshib, 2022-yilda 1,2 milliard dollarni tashkil etdi. Shu bilan birga, maʼlum qilinganidek, Oʻzbekiston va Qirgʻiziston iqtisodiyotlari yaqin kelajakda 2 milliard dollarlik marradan oshish uchun yetarli salohiyatga ega. Bunga, boshqa choralar bilan bir qatorda, sement, koʻmir, rangli metallar, qishloq xoʻjaligi va toʻqimachilik mahsulotlari, kimyoviy oʻgʻitlar, maishiy va savdo uskunalari, farmatsevtika mahsulotlari oʻzaro yetkazib berishni koʻpaytirish evaziga erishish mumkinligi qayd etildi.

Sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish masalalari ikki tomonlama hamkorlikning ustuvor yoʻnalishi sifatida belgilab berildi. 2016-yilga nisbatan qoʻshma korxonalar soni 8 barobarga oshib, 320 taga yetdi. Avtomobil va tijorat texnika vositalarini ishlab chiqarish, qoʻshma toʻqimachilik korxonalarini ishga tushirish, kimyo mahsulotlari ishlab chiqarish, shuningdek, elektr energiyasini hisobga olish tizimini joriy etish boʻyicha yangi loyihalarni amalga oshirishga kelishildi. Ikki mamlakat iqtisodiyotlari bir-birini toʻldirishi tamoyili asosida temir, kaolin, travertin, bazalt konlarini oʻzlashtirish va yuqori qoʻshilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarishga qaratilgan yirik loyihalar ishlab chiqilmoqda.

Qishloq xoʻjaligi sohasida ham har ikki iqtisodiyotning raqobatdosh ustunliklaridan foydalanish koʻzda tutilgan. Bunda intensiv bogʻlar va zamonaviy issiqxonalarni rivojlantirish, birgalikda kartoshka, makkajoʻxori va goʻsht yetishtirish, qoʻshma chorvachilik komplekslarini yaratish nazarda tutilmoqda.

Forum davomida hududlararo hamkorlikni mustahkamlashga alohida eʼtibor berildi. Oʻzbekiston Respublikasining chegaraoldi viloyatlari hokimlari va Qirgʻiziston Respublikasi Hukumatining chegaraoldi viloyatlardagi vakolatli vakillari Kengashining tashkil etilishi, shuningdek, Andijon va Oʻsh, Namangan va Jalolobod, Fargʻona va Botken viloyatlari oʻrtasida qardoshlik munosabatlari oʻrnatilgani tufayli keyingi 3 yil ichida bu hududlar oʻrtasidagi tovar ayirboshlash hajmi ikki baravar oshdi. Oʻzaro ishbilarmonlik missiyalari, koʻrgazma va forumlar oʻtkazish, ikki mamlakat hududlarining turizm salohiyatini roʻyobga chiqarish boʻyicha ishlar davom ettiriladi.

Oʻtgan yilning sentyabr oyida Samarqandda boʻlib oʻtgan SHHT sammitida “Xitoy – Qirgʻiziston – Oʻzbekiston” temir yoʻlini qurish loyihasini amalga oshirish boʻyicha tarixiy uch tomonlama bitim imzolangani taʼkidlandi. Mazkur strategik loyiha roʻyobga chiqarilishini faollashtirish transport va logistika sohasidagi hamkorlikning ustuvor yoʻnalishi sifatida tilga olindi. Bu loyiha Markaziy Osiyo mintaqasida anʼanaviy tranzit yoʻnalishlarini diversifikatsiya qilish va yuk tashish hajmlarini oshirish imkonini beradi.

Tizimli ishlarni yoʻlga qoʻyish, ikki davlat tadbirkorlarining doimiy hamkorligi uchun shart-sharoit yaratish maqsadida maxsus onlayn platforma ishlab chiqiladi. Uning yordamida ishbilarmon doiralar vakillari savdo shartnomalarini tuzishlari, tayyor sanoat kooperatsiyasi loyihalari va biznes hamkorlar tanlashlari mumkin boʻladi.

Biznes-forum dasturi doirasida panel muhokamalari va davra suhbati ham oʻtkazildi. Unda ishtirokchilar iqtisodiy hamkorlik istiqbollari, kooperatsiya va hududiy integratsiya masalalarini atroflicha muhokama qildilar. Undan keyin boʻlib oʻtgan “B2B” muzokaralari tadbirkorlar va investorlarning eʼtiborini yangi qoʻshma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlariga qaratdi va kelishuvlarga erishish uchun oʻzaro hamkorlik formatlari va intensivligini aniqlash imkonini berdi.

Forum yakunlari boʻyicha kimyo, elektrotexnika, avtomobilsozlik, toʻqimachilik sanoati, qishloq xoʻjaligi, qurilish materiallari, charm mahsulotlari ishlab chiqarish va boshqa sohalarda umumiy qiymati 1,6 milliard dollardan ortiq boʻlgan muhim kelishuvlar imzolandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер