Qirgʻiz oʻtovi nega qishda issiq, yozda salqin boʻladi?!

16:13 29 Noyabr 2020 Jamiyat
470 0

Turkiy xalqlar tarixi bilan bogʻliq manbalarda “Qora uy”, “Oq uy” nomlari bilan atalgan oʻtov oʻz vaqtida yurtdan yurtga koʻchib yuruvchi xalq uchun ajoyib boshpana boʻlgan.

Bu koʻchma uy asosan yangi kelinchaklar va yosh bolali oilalar uchun tiklangan boʻlsa-da, unda barcha oila aʼzolari yilning toʻrt faslida ham birdek qulay yashashi uchun sharoitlar muhayyo. Uning sinchlari tol novdalaridan toʻqiladi, konus shaklida oʻrnatilgan “devor” atrofi tuya yungidan toʻqilgan kigiz bilan qoplanadi. Uy tomidan poygak qismigacha oq boʻz mato bilan yopiladi. Tuya yungi tabiiy ofatlar, ilon va chayon singari zaharli hasharotlardan asraydi. Oʻtov qurilishiga faqat tabiiy mahsulotlar ishlatilishi tufayli u qishda issiq, yozda salqin boʻladi.

Fargʻona viloyatining Oʻzbekiston, Fargʻona tumanlari hamda Quvasoy shahrida ichki turizmni rivojlantirish maqsadida qirgʻiz xalqining madaniyati, urf-odat va anʼanalarini aks ettiruvchi oʻnlab oʻtovlar tiklangan.

Oʻtovdagi maroqli suhbatlarning gashti juda boshqacha. Uning toʻriga qirgʻiz milliy musiqa asbobi qoʻyilib, sandal atrofiga shoyi koʻrpachalardan joy qilinadi. Sandiqda qantak oʻrik, echki qatigʻidan tayyorlangan qurt, yongʻoq, jiyda, sariyogʻda pishirilgan yaxna goʻshtlarni uzoq vaqt sifatli saqlash mumkin. Yoz saratonida muzdek qimiz, qishda hovuri yuzingizga uriladigan issiq choy oʻtovga sayohatingiz maroqli oʻtishini taʼminlaydi.

Oʻzbekiston tumanining Jamanjar qishlogʻida yashovchi hunarmand tadbirkor Muhabbat Gʻofurova uyi roʻparasiga uchta oq oʻtov qurgan. Oʻtovning birinchisi muzey, ikkinchisi mehmonxona va uchinchisi ustaxonaga moʻljallangan. Qishloq ahli esa deya eʼzozlovchi mohir hunarmand shu kunga qadar yuz nafardan ziyod shogird tayyorladi. Sayyohlar uchun oʻziga xos turistik markaz boʻlgan bu oʻtovlarda jamanjarlik chevarlar tomonidan qimiz quyiladigan xurjun, otlarning yopinchigʻi, turli hajmdagi yoʻl xaltalari singari 30 turdan ortiq maishiy roʻzgʻor buyumlari tikilmoqda.

B. Madiyorov,
“Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?