Talabalar uchun “Aspirin”

22:42 13 Yanvar 2021 Jamiyat
310 0

2021-yilning 11-yanvar kunidan umumtaʼlim, oliy va oʻrta maxsus taʼlim tizimi yana toʻliq anʼanaviy oʻqish jarayoniga qaytdi. Bu bir tomondan quvonarli, albatta. Ammo masalaning talabalar va ularning ota-onalari uchun haqiqiy bosh ogʻriq boʻlgan tomoni ham bor. Bu taʼlimning kunduzgi shaklida oʻqiyotgan talabalarni yotoq-joy bilan taʼminlash muammosi bilan bogʻliq.

Ayni paytda Fargʻona viloyatida oʻnlab oliy taʼlim muassasalari faoliyat koʻrsatmoqda. Afsuski, keyingi paytda tashkil etilgan yangi oliy taʼlim muassasalarida talabani yotoqxona bilan taʼminlash masalasi eng ogʻriqli muammolardan biri hisoblanadi. Janubiy Koreya, Latviya oliy taʼlim dargohlarida talabalarning kontrakt toʻlovi mamlakatimizdagi mavjud narxlardan bir necha barobar qimmat. Lekin bu yerda oʻqiyotgan farzandlari uchun (Fargʻona shahrida doimiy yashamaydigan oilalar, albatta) ota-onalar ijaraga joy topish masalasida yana xarajat qilishlariga toʻgʻri keladi. Bugungi kunda Fargʻona shahri markazida ijaraga beriladigan ikki xonali uyning bir oylik narxi oʻrtacha 1 million soʻmni tashkil etadi. Uydagi yaratilgan zamonaviy sharoitlarga qarab uy narxi oshib boraveradi.

Maʼlum boʻlishicha, Fargʻona davlat universitetining binolari sigʻimi 4,5-5 ming talabani qamrab olishga moʻljallangan. Hozirda bu yerda binolar sigʻimidan uch barobar koʻp – qariyb 15 ming nafar talaba tahsil olmoqda. Toʻgʻri, talabalarning bir qismi atrof tumanlardan qatnaydi. Ammo ularning salmoqli qismi Fargʻona shahridan ijaraga joy izlab sarsonu sargardon.

Poytaxt – Toshkentdagi holat esa yana-da ayanchli. Maʼlumotlarga qaraganda, aksariyat OTMlarning talabalar turar-joylari nari-borsa 25-30 foiz talabalarni joy bilan taʼminlashi mumkin. Bu yotoqxonalardagi sharoitlar esa koʻngildagidek emas. Yuvinish, hojatxona, oshxona sharoitlari, isitish tizimlari aksariyat hollarda zamonaviy sharoitlarga javob bermaydi.

Shu kunlarda Fargʻonadan borib, Toshkent davlat yuridik, sharqshunoslik, jahon tillari universitetlari singari oʻnlab nufuzli taʼlim dargohlarida oʻqiyotgan talabalar bilan suhbatlashdim. Oʻzini oshkor etsa, rektoratdan malomatga qolishi mumkin boʻlgani uchun ism-sharifini aytishdan qoʻrqqan talabalarning arz-dodiga bir quloq tuting!..

— Bu yil uch nafar sinfdosh yuridik universitetga oʻqishga kirdik, — deydi viloyatning Soʻx tumanidan boʻlgan yigitlar. — Ammo biz talabalar yotoqxonasiga joylasha olmadik. Hozirgi kunda Yunusobod tumanida oyiga har birimiz 120 dollardan pul toʻlab uch xonali uyda 360 dollarga ijarada turibmiz.

Sharqshunoslik universitetida Fargʻona shahridan kelib oʻqiyotgan talabaning alami ham ulardan kam emas.

— Universitetimizda yotoqxona juda kichik boʻlganligi uchun asosan faqat kam taʼminlangan, boquvchisini yoʻqotgan va nogiron talabalarga joy berilishi mumkin ekan, — deydi u. — Oʻqish tashvishlari bir charchatsa, kunda oʻqishdan soʻng ijaraga joy izlab shahar kezish ming marta charchatyapti. Ustozlar har kuni qoʻshimcha topshiriq beradi, uni bajarish uchun xotirjamlik va qulay sharoit kerak. Shu bois qoʻshimcha xorijiy tillarni oʻrganish, maʼnaviy va jismoniy barkamollikka erishishga ketadigan kuch-bilim, salohiyatni arzimas narsalarga uvol qilayotganimizdan afsusdaman. Aksariyat tengdoshlar bir olam orzular bilan poytaxtga kelganmiz. Ijara uy egalari talabaligimizni bilgach, oylik ijara narxini ikki hissa oshirib olishadi. Oilali uchun oyiga 200 dollar boʻlgan oʻrtacha ikki xonali uy talabalarga 300 dollar...

Bagʻdod tumanilik yana bir talabaning figʻonidan ham oʻt chiqadi.

— Yotoqxonada bir kun issiq suv boʻlmasa, ikkinchi kuni isitish tizimi ishdan chiqadi, — deydi u. — Yotoqxona masʼullari talabani xuddi dushman singari koʻradi. Oʻqishdan soʻng qoʻshimcha mashgʻulotlarga qatnab, biroz kech qolsangiz, yotoqxonaga kirish uchun unga soatlab yalinishingiz zarur. Kechqurun kitob oʻqisangiz, chiqib chiroqni oʻchirishga majburlaydi. Baʼzan yarim kechasi yoʻqlama qilib qolgilari keladi. Xullas, yotoqxonada yashash faqat asabbuzarlik...

Yaqinda oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri Inomjon Majidov televideniyedagi chiqishlaridan birida Toshkentda arzon va zamonaviy talabalar turar-joylari qurilishi rejalashtirilayotgani haqida gapirdi. Xoʻsh, bu reja qachon amalga oshiriladi? Nima uchun hamma oʻzini uy qurilishi biznesiga urgan poytaxtda talabalar uchun yotoqxona koʻrinishda boʻlsa-da, hamyonbop turar-joylar qurish mumkin emas?

Kelajak bugundan boshlanadi. Ertangi kun istiqboli bugungi yoshlar, aynan talabalar uchun yaratib berilayotgan qulay shart-sharoitlarga bogʻliq. Istasak-istamasak bunday saʼy-harakatlar barkamol avlod orzusi yoʻlidagi ezgu tashabbuslarning uzviy bir boʻlagi ekanligini aslo unutmasligimiz lozim.

Xullas, talabalarni oltin davrning eng yomon bosh ogʻrigʻi uchun har kuni “Aspirin” dorisini ichishdan xalos etishimiz kerak. Chunki aldagani bola — talaba yaxshi emas!..

Botir Madiyorov,
“Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?