Qilichbozlik boʻyicha respublika saralash turniri boʻlib oʻtmoqda

10:57 16 Aprel 2021 Sport
1611 0

Foto: Hasan Paydoyev ("Xalq so'zi")

Toshkentda qilichbozlikning sablya turi boʻyicha qizlar orasida respublika saralash musobaqasi boʻlib oʻtmoqda.

Musobaqalar Oʻzbekiston qilichbozlik federatsiyasi tomonidan boʻlajak Olimpiya saralash turnirida qatnashish uchun eng kuchli va yurtimiz sharafini munosib himoya qila oladigan sportchini aniqlash va tanlash maqsadida oʻtkazilmoqda.

Ahamiyatli jihati shundaki, joriy yilning 24-26-aprel kunlari poytaxtimiz qilichbozlik boʻyicha Osiyo-Okeaniya mintaqalari uchun Tokio — 2020 Olimpiya oʻyinlariga yoʻllanma beruvchi musobaqaga mezbonlik qiladi. Mazkur litsenzion musobaqada faqat oltin medal sohiblarigina olimpiya oʻyinlariga yoʻl oladi.

Musobaqaning birinchi kunida guruh bahslari oʻtkaziladi (har biri 4 kishidan). Har bir guruhdan oldingi A guruhining janglarini hisobga olgan holda final “B”ga kirishiladi. Finalda har bir ishtirokchi joyni aniqlab yana 4 ta jang oʻtkazishi kerak.

Bugun Olimpiya tizimi boʻyicha bellashuvlar oʻtkazilyapti.

Ertaga, 3-kuni — murabbiylar shtabi bilan kelishilgan holda saralash bahslari oʻtkaziladi.

Taʼkidlash joizki, ayni damda milliy terma jamoaning sablya turidagi sportchi qizlar orasida raqobat kuchli boʻlib, ular orasida Zaynab Dayibekova, Yana Obvinseva, Sevinch Ismailova, Paola Pliyego, Shahnoza Togʻaymuratova kabi sportchilar peshqadam sablyachilar roʻyxatidan oʻrin egallashgan.

Dastlabki bellashuvlar davomida ham nomlari yuqorida qayd etilgan usbu qilichboz qizlarimiz oʻzlarining bor mahoratlarini namoyon etib, turnir birinchiligi uchun qizgʻin va murosasiz kurash olib borishdi.

Musobaqalarni Xalqaro qilichbozlik federatsiyasining eng tajribali xalqaro toifadagi hakamlari boshqarib bormoqda. 

Yana bir ahamiyatli jihati, mazkur musobaqa avvalidan oʻz fikr va maslahatlari bilan oʻrtoqlashish uchun Pan-Amerika qilichbozlik konfederatsiyasini boshqarib borayotgan hamyurtimiz Vitaliy Logvin ham ayni vaqtda Toshkentda boʻlib turibdi.

Shuningdek, MOQ hamda Oʻzbekiston qilichbozlik federatsiyasi raisi Rustam Shoabdurahmonov mazkur jarayonni kuzatib borish uchun terma jamoa bazasiga tashrif buyurdi. Unga MOQ raisi oʻrinbosari Sherzod Tashmatov hamrohlik qildi.

Saralash bahslari 17-aprel kuni nihoyasiga yetadi.

Suratlar muallifi Hasan Paydoyev ("Xalq so'zi")

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?