Qiynoqqa oid yana bir murojaat yolgʻon boʻlib chiqdi

10:57 15 Sentyabr 2021 Jamiyat
258 0

 

Facebook ijtimoiy tarmogʻi foydalanuvchisi Buxoro viloyati Qorovulbozor jazoni ijro etish koloniyasida (JIEKda) mahkumlarga tazyiqlar boʻlayotganligi, koloniyaning maxsus boʻlimi tomonidan mahkumlarning murojaatlari qabul qilinmayotganligi hamda Mirzohid ismli mahkum koloniya rahbarining birinchi oʻrinbosari tomonidan kaltaklanib, tishlari sindirilganligi haqida xabar joylashtirgan.

Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili axborot xizmati maʼlum qilishicha, mazkur holat Ombudsmanning Buxoro viloyatidagi mintaqaviy vakili Zebuniso Muhammedova tomonidan joyiga chiqqan holda oʻrganildi.

Ombudsmanning mintaqaviy vakili Z.Muhammedova mahkum M.Botirov bilan shaxsan uchrashib, suhbat oʻtkazganida, u xabarda yozilgan maʼlumotlarni tasdiqlamadi.

Mahkum M.Botirovning soʻzlariga koʻra, koloniya xodimlari tomonidan unga nisbatan hech qanday tazyiq oʻtkazilmagan, hech kim tomonidan kaltaklanmagan va tishlariga ham zarar yetkazilmagan. Shuningdek, u koloniyada unga nisbatan yaxshi munosabatda boʻlinayotganligini, zarur boʻlganda tibbiyot boʻlimi xodimlari tomonidan kerakli muolajalar qilinib, dori-darmonlar berilayotganligini hamda oylik maoshlarini oʻz vaqtida olayotganligini qayd etgan.

Ijtimoiy tarmoqda tarqatilgan mazkur xabar yuzasidan oʻtkazilgan oʻrganish ishlari davomida mahkumning tanasida va ogʻiz boʻshligʻida ham qiynoq alomatlari topilmadi.

Shuningdek, Ombudsmanning mintaqaviy vakili koloniyada jazo muddatini oʻtayotgan 5 nafar mahkum bilan ham yakkama-yakka tarzda suhbatlashdi. Suhbat jarayonida ular tomonidan ham ijtimoiy tarmoqda tarqatilgan murojaatda qayd etilgan holatlar tasdiqlanmadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?