“Qiynoqlar hali ham bormi?” nomli videolavha yuzasidan bayonot berildi

12:59 10 Noyabr 2020 Jamiyat
394 0

IIV Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi BBC oʻzbek xizmatining “Qiynoqlar hali ham bormi?” nomli videolavhasi yuzasidan bayonot berdi.

"Soʻnggi vaqtlarda xalqaro Internet tarmogʻida respublikamiz ichki ishlar organlari, xususan jazoni ijro etish muassasalari faoliyati toʻgʻrisida salbiy mazmundagi va asossiz fikrlar bilan yoʻgʻrilgan maqola hamda videolavhalar tarqatilmoqda.

Ayniqsa, bunday xatti-harakat mamlakatimizda rasman faoliyat yuritayotgan xorijiy OAV tomonidan kuzatilayotganligi, taajjubli hol.

Xususan, joriy yilning 6-noyabr kuni BBC oʻzbek xizmatining “Qiynoqlar hali ham bormi?” nomli videolavhasi ijtimoiy tarmoqlarda eʼlon qilindi.

Mazkur lavhada VVS muxbiri tomonidan jazo muddatini oʻtayotgan ayrim mahkumlarning oila aʼzolari bilan suhbat jarayonlari aks etgan boʻlib, ular oʻzlarining yaqinlariga nisbatan jismoniy va ruhiy tazyiq oʻtkazilayotganligi, shuningdek, mahkumlarga tibbiy yordam koʻrsatilmayotganligini hamda ular insonparvarlik tamoyili asosida jazodan ozod etilmayotganliklarini maʼlum qilishgan.

Taʼkidlash lozimki, bugungi kunda, respublika jazoni ijro etish muassasalarida jazo muddatini oʻtayotgan shaxslarning huquq va erkinliklari taʼminlangan boʻlib, ularni axloqan tuzatish, jahon standartlari asosida jazo oʻtashlari uchun yetarli shart-sharoitlar yaratish borasida tizimli ishlar olib borilmoqda.

Xususan, soʻnggi 4 yil ichida jinoyat sodir etgan shaxslarni mehnatga toʻliq jalb etish orqali ularni axloqan tuzalish va kelgusida jamiyatimizning munosib aʼzosi sifatida shakllantirishga qaratilgan Oʻzbekiston Respublikasining 3 ta qonuni qabul qilindi.

Mazkur qonunlar bilan mahkumlarning ijtimoiy huquqlari kengaytirildi, jumladan:

- yopiq turdagi koloniyalarda saqlanayotgan mahkumlarning telefon soʻzlashuvidan foydalanishlari, joʻnatma va uchrashuvlar olishlari meʼyorlari qariyb ikki barobarga oshirildi;

- jazo muddatini oʻtash davrida mahkumlarning shaxsiy xavfsizligini taʼminlash boʻyicha chora-tadbirlar kuchaytirildi;

- mahkumlarni tarbiyalashda ularning ota-onalari rolini kuchaytirish, tarbiyaviy tadbirlarning samaradorligini oshirish maqsadida, voyaga yetmagan mahkumlarga ota-onalari bilan uchrashuvlariga nisbatan cheklovlar olib tashlandi;

- jazoni ijro etish muassasalarida jamoatchilik vakillari, Ombudsman, xalq deputatlari hududiy kengashlaridan iborat maxsus Komissiyalar faoliyati yoʻlga qoʻyildi.

Shuningdek, tergov hibsxonalarida saqlanayotgan shaxslarni tergov harakatlarini oʻtkazish uchun olib ketishdan oldin hamda olib kelingandan keyin tibbiy koʻrikdan oʻtkazish, har qanday jarohatlar aniqlanganda qayd qilinishi hamda zudlik bilan prokuratura organlarga xabarnomalar yuborilishi joriy etilgan.

Hozirga qadar mahkumlarni saqlash sharoitlarining shaffofligini taʼminlash hamda qiynoq va jismoniy tazyiq oʻtkazish bilan bogʻliq salbiy holatlarning oldini olish maqsadida tizimdagi 54 ta jazoni ijro etish muassasalari jami 3.280 dona zamonaviy videokuzatuv moslamalari bilan jihozlandi.

Shu bilan birga, mahkumlarning Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakiliga (Ombudsman) hamda prokuratura organlariga bevosita murojaat qilishlari uchun alohida maxsus qutilar joriy etilib, ular faqatgina Ombudsmanning hududiy vakillari va prokuratura xodimlari tomonidan ochiladi va tushgan murojaatlar oʻrganish uchun olib ketiladi.

Mahkumlar huquqlari poymol etilishi, ularga nisbatan qiynoq yoki boshqa turdagi kamsituvchi harakatlar sodir etilishining oldini olish, muassasalarda ularga yaratilgan shart-sharoitlarni oʻrganish maqsadida mahalliy xalq deputatlari kengashlari, Bosh prokuratura, Ichki ishlar vazirligi, Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (Ombudsman) hamda “Intilish” nodavlat-notijorat tashkiloti tomonidan muntazam ravishda monitoring ishlari amalga oshirilib kelinmoqda. Joriy yilning oʻtgan davri davomida 46 ta muassasada ana shunday monitoring oʻtkazilib, 4.493 nafar mahkumlar bilan uchrashuvlar tashkil etildi, 983 nafar mahkumlar bevosita yakka tartibda qabul qilindi.

Shu bilan birgalikda muassasalarda mahkumlarga yaratilgan shart-sharoitlar, ularning haq-huquqlarini taʼminlash borasida diplomatik korpus, xalqaro nodavlat-notijorat tashkilotlar hamda xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari tomonidan 18 ta jazoni ijro etish muassasalariga 33 marotaba monitoring tashriflari amalga oshirildi.

Xususan, BMTning mustaqil sud va advokatlar boʻyicha maxsus maʼruzachisi Garsiya-Sayan, «Xyuman Rayts Votch» xalqaro nodavlat-notijorat tashkiloti vakili Stiv Mark Sverdlov, Belarus, Germaniya, Xitoy va Finlyandiya davlatlari vakillari hamda “Amerika ovozi” radiosi muxbirining koloniyalarda jazo muddatini oʻtayotgan mahkumlarga yaratilgan shart-sharoitlarni oʻrganish boʻyicha tashriflari tashkillashtirildi.

Shuningdek, Rossiya, Qozogʻiston, Pokiston, Xitoy, Hindiston, Afgʻoniston va Qirgʻiziston davlatlari diplomatik korpus vakillari tomonidan ham muassasalarga tashriflar uyushtirilib, mahkumlar bilan bevosita uchrashuvlar oʻtkazishdi.

Jinoiy qilmishiga chin dildan pushaymon boʻlib, tuzalish yoʻliga qatʼiy oʻtgan shaxslarni afv etish boʻyicha 2017-2020-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari bilan, 4.869 nafar mahkum afv etildi.

Afv etilib ozodlikka chiqarilgan har bir fuqaro bilan individual tartibda ijtimoiylashuv tadbirlari oʻtkazilib, ularga uy-joy berish yoki taʼmirlash, moddiy yordam koʻrsatish, bandligini taʼminlash, bank kreditlarini ajratish, tadbirkorlik faoliyatini yuritishi uchun koʻmaklashish va boshqa ijtimoiy masalalar boʻyicha amaliy yordam koʻrsatildi.

Bi-Bi-Si videolavhasida qayd etib oʻtilganidek, pandemiya munosabati bilan mahkumlarning sogʻliqlarini himoya qilish maqsadida, ularning yaqinlari va oila aʼzolari bilan uchrashuvlari vaqtincha toʻxtatilgan.

Jinoyat-ijroiya kodeksiga muvofiq pandemiya vaqtida mahkumlarning yaqinlari bilan uzoq va qisqa muddatli uchrashuvlar ularning iltimoslariga koʻra telefon soʻzlashuvlari bilan almashtirilib, yetarlicha shart-sharoitlar yaratildi.

Joriy yilning avgust oyidan boshlab, Respublikamizda karantin cheklovlari bosqichma-bosqich yumshatilayotganligi munosabati bilan karantin qoidalariga rioya etgan holda mahkumlarga qisqa muddatli uchrashuvlar hamda joʻnatma va banderollar berilishi yoʻlga qoʻyildi.

Bundan tashqari, Oʻzbekiston Respublikasi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati mutaxassislarining tavsiyalariga muvofiq uzoq muddatli uchrashuv berilishi yoʻlga qoʻyilib, hozirgi kunda uni qay tartibda joriy etish tartibi koʻrib chiqilmoqda.

Jazo oʻtayotgan mahkumlarning yaqinlari Bi-Bi-Si muxbiriga bergan intervyularida jazoni oʻtash muassasasi xodimlari tomonidan jismoniy va ruhiy tazyiq oʻtkazilayotganligi, muassasadagi sharoitlardan noroziliklarini bildirganlar. Intervyuda keltirilgan holatlar boʻyicha ilgari Prokuratura hamda Ichki ishlar vazirligi masʼul xodimlari tomonidan toʻliq va atroflicha oʻrganilgan, jazoni oʻtayotgan mahkumlar bilan suhbatlashilgan, zaruriy ekspertizalar tayinlangan, lekin, tekshiruv davomida mahkumlarning koʻrsatmalari, ekspertiza xulosalaridan kelib chiqqan holda arizalarda koʻrsatilgan holatlar oʻz tasdigʻini topmaganligi aniqlangan.

Taʼkidlash lozimki, mazkur arizalarda koʻrsatilgan mahkumlar jazo muddatini oʻtashlari davomida muassasalarda oʻrnatilgan ichki tartib qoidalarga bepisandlik bilan qarab, ularga rioya etmay, muntazam ravishda belgilangan tartibni buzib kelayotganliklari sababli, tuzalish yoʻliga oʻtmagan mahkumlar hisoblanadi.

Kelgusida ham jazo muddatini oʻtayotgan mahkumlarga nisbatan qiynoq va jismoniy tazyiq oʻtkazish, ularning shaʼni va qadr-qimmatini kamsitish kabi holatlarga yoʻl qoʻymaslik uchun IIV rahbariyati tomonidan doimiy nazorat olib boriladi.

Ayrim ommaviy axborot vositalari tomonidan asoslantirilmagan, tasdiqlanmagan maʼlumotlarni tarqatilishi ommani chalgʻitib, rasmiy idoralarga boʻlgan ishonchni salbiy tomonga oʻzgartirishga olib keladi.

Fursatdan foydalanib, barcha jurnalistlar, blogerlar va ijtimoiy tarmoq yurituvchilaridan ichki ishlar organlari bilan bogʻliq har qanday axborot yoki tanqidiy chiqishda xolislikni aks ettirishlarini soʻraymiz" deyiladi mazkur bayonotda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?