Qiynoq holatlarini aniqlash tizimi takomillashtiriladi — Prezident qarori loyihasida nimalar aks etgan?

08:11 31 Mart 2021 Jamiyat
557 0

2021-yil 30-mart kuni Oliy Majlis Senatining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasi, Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) hamda Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi bilan hamkorlikda Qiynoq holatlarini aniqlash va ularning oldini olish tizimini takomillashtirish boʻyicha ishlab chiqilgan normativ-huquqiy hujjat loyihasi mazmun-mohiyatini keng jamoatchilikka yetkazish maqsadida davra suhbati boʻlib oʻtdi. Bu haqda  Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etish lozimki, mazkur loyiha “Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi»ning 23-bandida belgilangan edi.

Taʼkidlanganidek, Mamlakatimizning Birlashgan Millatlar Tashkiloti Inson huquqlari boʻyicha kengashiga aʼzo boʻlgani ham davlatimiz zimmasiga yuklatilgan majburiyatlarni astoydil bajarish va inson huquqlarini global miqyosda himoya qilishga qatʼiy bel bogʻlaganidan dalolatdir.

Davlat rahbarining dunyoning eng nufuzli inson huquqlari himoyachisi boʻlgan tashkilot minbaridan turib, Qiynoqlarga qarshi konvensiyaning Fakultativ protokolini ratifikatsiya qilinishi va bu borada hamkorlikda ishlash maqsadida Qiynoqlar masalasi boʻyicha maxsus maʼruzachini Oʻzbekistonga taklif etishga tayyorgarlik koʻrilayotganini bildirdi. Bu esa Oʻzbekiston xalqaro maydonda ochiqlik siyosatini ilgari surayotganidan dalolat.

Tadbirda soʻz olgan Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) Feruza Eshmatova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan Ombudsman zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarishga kirishilgani, Ombudsman huzuridagi qiynoqlarning oldini olish boʻyicha Milliy preventiv mexanizm doirasida jazoni ijro etish muassasalari, tergov hibsxonalari va boshqa yopiq muassasalarga jamoatchilik vakillari hamda OAV ishtirokida monitoring tashriflari amalga oshirib kelinayotgani va quvonarlisi, yilma-yil ushbu muassasalarda ijobiy oʻzgarishlar boʻlayotganini qayd etdi.

Inson huquqlari muammosi bugungi kunda insoniyat oldida turayotgan eng dolzarb muammolardan biridir. Aynan inson huquqlarining taʼminlanganlik darajasi bilan davlatning demokratik rivojlanganlik darajasi oʻlchanadi, inson huquqlari muayyan bir mamlakatda demokratik-huquqiy davlat barpo etish siyosatining oʻziga xos barometri hisoblanadi.

“Qiynoq holatlarini aniqlash va ularning oldini olish tizimini takomillashtirish” boʻyicha ishlab chiqilgan loyiha jamoatchilik muhokamasi uchun normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida joylashtirilib xalqimiz muhokamasidan oʻtkazdi.

Davra suhbatida mazkur ishlab chiqilgan normativ-huquqiy hujjat loyihasining mazmun-mohiyatiga toʻxtalib oʻtildi.

Qayd etilganidek, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) huzuridagi Qiynoq holatlarini aniqlash va ularning oldini olish boʻyicha jamoatchilik guruhlari tarkibini kengaytirish, qolaversa, jamoatchilik guruhlariga ekspertlarni jalb qilish kasbiy malaka, tajriba hamda gender tengligi boʻyicha mezonlar belgilanadi.

Bundan tashqari, qiynoqning oldini olish faoliyati samaradorligini oshirish boʻyicha “Harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslarning yagona reyestri” elektron tizimini yuritish yoʻlga qoʻyiladi. Harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar telefon orqali, shu jumladan, videokonferensaloqa rejimidan foydalangan holda murojaat qilishi mumkin boʻlgan Ombudsmanning “call-markazi» (murojaatlarni telefon orqali qabul qilish markazi) hamda veb-saytida maxsus rukn tashkil qilinadi.

Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat, Jinoyat protsessual va Jinoyat-ijroiya kodekslarining yangi tahrirdagi loyihalari ishlab chiqiladi. Unda qiynoqning oldini olish tartibi, qiynoqdan jabrlangan shaxslarga ijtimoiy-huquqiy, psixologik yordam koʻrsatish, qiynoq jinoyatini sodir etgan shaxslarga nisbatan shartli hukm qilish, jazoni oʻtashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilish, jazoni yengilrogʻi bilan almashtirish, javobgarlikka tortish muddatining oʻtganligi, amnistiya institutlarining qoʻllanilmasligi nazarda tutilmoqda.

Yana bir jihat. Muhokamaga qoʻyilgan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Qiynoq holatlarini aniqlash va ularning oldini olish tizimini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori loyihasi qiynoqning oldini olish boʻyicha milliy tizimni umumeʼtirof etilgan xalqaro-huquqiy standartlarga muvofiqlashtirilishiga xizmat qilishi taʼkidlandi.

Shuningdek, davra suhbatida mazkur yoʻnalishda amalga oshirilishi zarur boʻlgan jihatlarga eʼtibor qaratilib, tegishli taklif va tavsiyalar bildirildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?