Qatarga koʻp miqdorda giyohvandlik moddalari olib kirmoqchi boʻlgan sayyoh qoʻlga olindi

21:25 22 Noyabr 2022 Dunyo
520 0

Arxiv surat

Qatar hukumati futbol boʻyicha jahon chempionatiga kelgan sayyohdan giyohvandlik moddalar olib qoʻyilganini maʼlum qildi. Bojxona xizmati maʼlumotlariga koʻra, bunday holat jahon chempionati davomida birinchi marta kuzatilmoqda. 

Maʼlum qilinishicha, Qatar bojxonachilari Dohadagi Hamad xalqaro aeroportida koʻzdan kechirish chogʻida yoʻlovchilardan birining yuk xaltasidan taqiqlangan moddalarni topgan. Ular jami ikki ming donaga yaqin tramadol tabletkasi va 464,5 gramm gashish moddasini musodara qilgan. Ushbu taʼqiqlangan moddalarning olib kirmoqchi boʻlgan shaxsning fuqaroligi oshkor etilmagan.

Qatarda giyohvand moddalarni saqlash, isteʼmol qilish va ularning savdosi uchun qattiq jazolar mavjud. Uzoq muddatli qamoq, ogʻir jarimalar va deportatsiya shular jumlasidandir.

Qatarda jahon chempionati 20-noyabr kuni boshlandi va 18-dekabrga qadar davom etadi. Qatar terma jamoasi musobaqaning ochilish uchrashuvida Ekvador terma jamoasiga imkoniyatni boy berib, jahon chempionatlari tarixiga kirdi. Gap shundaki, jamoa jahon chempionatining ilk oʻyinida magʻlub boʻlgan turnir tarixidagi birinchi mezbon davlatga aylandi.

Avvalroq, Xalqaro futbol federatsiyasi (FIFA) Qatar bosimi ostida chempionat vaqtida stadionlarda alkogolli ichimliklarni  sotishni taqiqlagani maʼlum boʻlgandi. Chunki Qatarda jamoat joylarida spirtli ichimliklar isteʼmoli man etilgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?