Qashqadaryoda qariyb 500 mln soʻmlik byudjet mablagʻlari tanlon-toroj qilinganligi aniqlandi

14:35 11 Avgust 2021 Jamiyat
173 0

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan Qashqadaryo viloyatidagi byudjet muassasalarida byudjet toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarining buzilishi holatlarini aniqlash, bartaraf etish va byudjet sohasida korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarning oldini olish borasida amalga oshirilgan ishlar, shuningdek tizimda korrupsion holatlarni keltirib chiqarayotgan omillar oʻrganildi.

Oʻtkazilgan oʻrganish davomida hududdagi byudjet tashkilotlari tomonidan xodimlarga ish haqi va unga tenglashtirilgan boshqa toʻlovlarni toʻlash hamda qurilish uchun ajratilgan mablagʻlarni soxta hujjatlar asosida talon-toroj qilish holatlari mavjudligi fosh etildi.

Agentlik tashabbusi asosida tanlov yoʻli bilan viloyatdagi 8 ta davlat moliyaviy nazorati obyektida oʻtkazilgan kameral nazoratda jami 498 mln soʻmlik byudjet mablagʻlari tanlon-toroj qilinganligi aniqlandi.

Jumladan, Qashqadaryo viloyati koʻp tarmoqli tibbiyot markazi tomonidan 2020-yil davomida xodimlarga 60 ta holatda 94,4 mln.soʻmlik ish haqi va unga tenglashtirilgan toʻlovlar asossiz hisoblab, toʻlangan.

Shuningdek, Qashqadaryo viloyati Yakkakurash sport turlariga ixtisoslashtirilgan bolalar va oʻsmirlar sport maktabi tomonidan 2021-yilda xodimlarga 29.5 mln. soʻmlik ish haqi va unga tenglashtirilgan toʻlovlar asossiz toʻlangan.

Oʻrganish yakunlari boʻyicha Qashqadaryo viloyat prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 205-moddasi va boshqa moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan boʻlib, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?