Qashqadaryoda Mehribonlik uylarining 10 nafar sobiq tarbiyalanuvchisiga yangi uylar kaliti topshirildi

10:24 24 Oktyabr 2021 Jamiyat
108 0

Foto: Халқ сўзи

Akmaljon Qamashi tumanidagi Mehribonlik uyida ulgʻayib, mustaqil hayotga qadam qoʻydi. Qoʻlida gulday hunari borligi uchun ham turmush qiyinchiliklarini yengib oʻtdi. Qarshi shahridagi yotoqxonada yashab yurgan kezlarida Mehribonlik uyida tarbiyalangan Nigora Shahanova bilan turmush qurdi. Yangi oilada dunyoga kelgan farzand – Safiya yosh ota-onaning hayotga umid va ishonchini yanada yuksaltirib yubordi...

Yaqinda Qarshi shahridagi ”IT PARK”da oʻtkazilgan xayriya tadbirida ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan, Mehribonlik uylarining 10 nafar sobiq tarbiyalanuvchisi qatorida Akmaljon va Nigoraxon oilasiga ham 2 xonali uy kaliti topshirildi.

– Oʻzimiz ota-ona mehridan benasib oʻsganimiz uchun ham farzandimiz Safiyaga bor mehrimizni beryapmiz,- deydi Akmaljon Murxabilov. – Eng quvonarlisi, Prezidentimiz qarori bilan bizga 2 xonali yangi uy kaliti topshirildi. Quvonchimizni soʻz bilan ifodalab boʻlmaydi. Xalqimizda ota-ona oʻz farzandini uyli-joyli qilish, turmushini izga solib yuborish ulugʻ qadriyat sanaladi. Davlatimiz ham bizga otalik qilib, yangi uy kalitini topshirgan ekan, bu gʻamxoʻrlikka javoban eng namunli oila boʻlib Yangi Oʻzbekiston taraqqiyotiga munosib hissa qoʻshamiz.

Tantanali marosimda Qashqadaryo viloyati hokimi Zoyir Mirzayev ishtirok etdi.

Shu kuni oliy taʼlim muassasalarida tahsil olayotgan 100 nafar talabaga 1 yillik kontrakt pullari ham toʻlab berildi.

Faxriddin Bozorov, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?