Qashqadaryoda “Maʼrifatli oila” tanlovi gʻoliblari taqdirlandi
Jahongir BOYMURODOV/“Xalq soʻzi”. Joriy yil boshida Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi Qashqadaryo viloyati boʻlimi tashabbusi bilan “Maʼrifatli oila” tanlovi eʼlon qilingan edi.
Dastlab tanlovning shahar-tuman bosqichlari oʻtkazilib, oʻz hududida gʻoliblikni qoʻlga kiritgan 16 oila vakillari bu gal viloyat bosqichi gʻolibligi uchun ikkita shart, yaʼni “Badiiy asar bilimdoni” hamda “Tezkor savol-javob” shartlari asosida oʻzaro bellashdi.

Aytish oʻrinli, oilaviy kitobxonlarga tavsiya etilgan kitoblar orasida “Alpomish” dostoni, “Boburnoma” kabi mumtoz asarlar bilan birga, Fitratning “Oila”, Shayx Muhammad Sodif Muhammad Yusufning “Baxtiyor oila” asarlari, Abdulla Qodiriyning “Oʻtkan kunlar”, Asqad Muxtorning “Chinor”, Togʻay Murodning “Otamdan qolgan dalalar” romanlari, jahon adabiyotidan esa Chingiz Aytmatovning “Asrga tatigulik kun”, Balzakning “Gorio ota”, Dostoyevskiyning “Kambagʻallar” asarlari bor edi. Ishtirokchilar bilimi shu asarlar asosida baholab borildi.
Umumiy natijalarga koʻra, Kitob tumanidagi Obod mahallasida istiqomat qilayotgan Xoʻjanovlar oilasi 1-oʻrinni egallab, qimmatbaho televizor sohibi boʻlishdi.

Kasbi tumani Tinchlik mahallasida yashovchi Rahmonovlar oilasi 2-oʻrinni, asli jizzaxlik, ayni paytda Shahrisabz tumanida harbiy xizmatchi sifatida faoliyat koʻrsatayotgan Sardor Payziyev oilasi esa 3-oʻrinni qoʻlga kiritishdi. Ularga planshet va smartfon topshirildi.
Shuningdek, boshqa ishtirokchilar ham kitoblar va tashakkurnoma bilan taqdirlandi.

Eʼtiborlisi, taqdirlash marosimida taniqli ijodkorlar – Nurali Qobul, Gʻayrat Majid, Bobur Bobomurod, Farogʻat Xudoyqulova ishtirok etgani ham kitobxonlarga yanada yuqori kayfiyat bagʻishladi.
— Ushbu tanlovni “Qashqadaryo tajribasi” sifatida yoʻlga qoʻydik, — deydi Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi viloyat boʻlimi rahbari Komila Karamova. — Endilikda buni respublika miqyosida ommalashtirishni maqsad qilganmiz. Deylik, yil boshida tanlov, oʻqiladigan asarlar roʻyxati eʼlon qilinadi. Mahalla, sektor, tuman, viloyat va respublika bosqichi gʻoliblari aniqlanib, munosib taqdirlanadi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- AQSH Rossiyaga bosim oʻtkazishning muqobil usullarini oʻrganmoqda
- Tramp Koreya yarimorolidagi mojaroga yakun yasashga vaʼda berdi
- Hindistonda “Montta” sikloni sababli qariyb 90 ming kishi evakuatsiya qilindi
- AQSH va Britaniya Suriya muvaqqat prezidenti Axmad ash-Sharʼani “qora roʻyxat”dan chiqardi
- G20 sammitining Janubiy Afrikada oʻtkazilishi sharmandali holat – Tramp
- Isroil zarbalari oqibatida Gʻazoda 90 dan ortiq kishi halok boʻldi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring