Qashqadaryoda DXX raisi kubogi sohiblari tantanali kutib olindi

16:32 16 Iyun 2021 Sport
1866 0

Mamlakatimizda ilk bor mahallalardagi 18 yoshdan 30 yoshgacha boʻlgan yoshlar oʻrtasida mini-futbol boʻyicha Davlat xavfsizlik xizmati raisi kubogi uchun musobaqa tashkil etildi.

Unda Qamashi tumanidagi Samarqand MFY yoshlaridan tuzilgan mini-futbol jamoasi Qashqadaryo viloyati sharafini muvaffaqiyatli himoya qilib, yakunda bosh sovrinni qoʻlga kiritishdi.

Bugun gʻolib futbolchilar Qarshi shahridagi temir yoʻl vokzalida tantanali tarzda kutib olindi. Qoʻlida bosh sovrin – musobaqa kubogini koʻtarib olgan sportchilarni keng jamoatchilik vakillari, yoshlar va deputatlar kutib olishdi. Koʻksida oltin medal yarqirab turgan navqiron yoshlarning har birini Qashqadaryo viloyati hokimi Zoyir Mirzayev bagʻriga bosib qutladi.

— Oʻzbek futbolidagi muvaffaqiyatsizliklarning sababi futbolchilarni quyidan tanlanmayotganidadir, — dedi viloyat hokimi. — Mana haqiqiy futbolchilar, ular Qashqadaryoda, toʻgʻrirogʻi, Qamashi tumanida! Ofarin, sizlarga yigitlar!

Fursatdan foydalangan holda mini-futbol jamoasi darvozaboni Shahzod Joʻrayevni suhbatga tortdik.

— Oʻyin juda kurashlarga boy boʻldi, — deydi Shahzod. – Uchrashuv davomida birorta kuchsiz jamoani koʻrmadim, hammasi gʻalaba uchun shiddatli kurash olib borishdi. Bizning yigitlar hammasidan ustun chiqib, bosh sovrinni qoʻlga kiritdi. Darvozabonni yarim jamoa deyishadi. Men bor mahoratimni ishga solib, jamoamizning gʻalabasiga katta hissa qoʻshdim. Viloyatimiz ahlini, Qamashi xalqini bu gʻalaba bilan qutlayman,

Tantanali kutib olish marosimida futbolchilarning yaqinlari, ota-onalari ham ishtirok etishdi. Mohir charm toʻp ustalari — Oʻktamjon va Rustamjon Joʻrayevlarning otasi Gʻafur Xoʻjamqulov bilan suhbatlashdik.

— Farzandlarim Oʻktamjon va Rustamjonning muvaffaqiyatidan juda quvondim, — deydi Gʻ. Xoʻjamqulov. - Ota uchun farzandi yutugʻini koʻrish katta sharaf. Oʻktamjon ham, Rustamjon ham “ota bu gʻalabamizni sizga va onajonimga bagʻishladik” deganida quvonchdan koʻzlarimga yosh qalqdi. Kechagina Oʻzbekiston terma jamoasi futbolchilarining Saudiya Arabistoni jamoasiga yutqazib qoʻyganidan xafa boʻlib turgandim. Oʻgʻillarimning gapi yuragimga taskin boʻldi.

Futbolchilar karnay-surnay sadolari ostida shaharga kuzatib qoʻyildi.

Faxriddin Bozorov,
“Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?