Qashqadaryoda 4 mingdan ortiq bolalar yozgi oromgohlarning birinchi bosqichiga joʻnatildi

15:54 11 Iyun 2024 Jamiyat
114 0

Jahongir BOYMURODOV/“Xalq soʻzi”. Qashqadaryo viloyatining Kitob, Shahrisabz, Yakkabogʻ tumanlarida joylashgan 16 ta statsionar bolalar oromgohida 7 yoshdan 14 yoshgacha boʻlgan 22 ming nafar bolani dam oldirish va sogʻlomlashtirish rejalashtirilgan.

Viloyatda mavsumning birinchi navbati 5-iyundan boshlanib, shu vaqtga qadar 4500 nafarga yaqin bolajonlar yozgi oromgohlarga joʻnatildi.

Kitob tumanining Qaynar qishlogʻida joylashgan “Yosh alangachi” oromgohi ham mavsumning birinchi bosqichida 396 nafar bolani oʻz bagʻriga chorladi.

— Bolajonlarning mavsumni maroqli oʻtkazishi uchun oromgohda barcha shart-sharoitlar yaratilgan, — deydi “Yosh alangachi” bolalar oromgohi direktori Bekmurod Koʻcharov. — Shu bilan bir qatorda, masʼul tashkilotlar bilan hamkorlikda turli koʻngilochar, intellektual yoki maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar, sport musobaqalari oʻtkazib borilmoqda.

Ana shunday tadbirlardan biri Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi Qashqadaryo viloyati boʻlimi bilan hamkorlikda oʻtkazildi. Unda oromgohda hordiq chiqarayotgan bolajonlar koʻplab taniqli ijodkorlar bilan uchrashib, ularning ijod namunalaridan bahramand boʻlishdi.

Shuningdek, mohir hunarmandlar ishtirokida “Mahorat darslari”, “Ona tabiatni asrang” mavzusida rasmlar tanlovi oʻtkazildi. Ushbu tadbirlarda faol ishtirok etgan bolajonlarga tashkilotchilar tomonidan diplom va esdalik sovgʻalari topshirildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?