Qashqadaryo viloyatining qurg‘oqchil tumanidagi quduq FAO yordami bilan qayta tiklandi

12:24 17 Sentyabr 2021 Jamiyat
514 0

Mutaxassislarning fikricha, yaylovlardan me’yordan ortiq foydalanish, shuningdek, chorva mollarini me’yoridan kam boqish zararli hisoblanadi. Shuning uchun, chorva mollari uchun suv quduqlarining yaylov hududlarida bir tekis joylashtirilishi juda muhim ahamiyat kasb etadi.

Biroq, cho‘l va chala cho‘l yaylovlaridagi ko‘pgina quduqlar vaqt o‘tishi bilan ishdan chiqadi hamda ularni qayta tiklash ancha murakkab va qimmat jarayon hisoblanadi.

FAO/GEFning “Markaziy Osiyo va Turkiyaning qurg‘oqchil va sho‘rlangan qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarish landshaftlarida tabiiy resurslarni kompleks boshqarish” mintaqaviy loyihasi mahalliy chorvadorlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida Qashqadaryo viloyatining Gʻuzor tumani Taxam qishlog‘i yaqinida joylashgan quduqni ta’mirlashga yordam berdi.

“Taxam” qishlog‘ining aholisi 1,5 ming kishini tashkil qiladi. Qurg‘oqchil iqlimi sababli chorvachilik mahalliy aholining uchun asosiy daromad manbaiga aylangan.

Mazkur qishloq atrofida hammasi bo‘lib 3 mingdan ortiq qo‘y boqiladi. Yuqorida aytib o‘tilgan quduq - ushbu aholi punktidagi qishloq xo‘jaligi ehtiyojlari uchun yagona suv manbai hisoblanadi. Uni tiklash uchun 90 million so‘mga yaqin mablag‘ sarflandi, ta’mirlash ishlari ikki oydan ko‘proq davom etdi. Endilikda mahalliy aholi undan kuniga 40 kubometrgacha suv olish imkoniga ega bo‘ldi.

“Birinchi navbatda, ilgari foydalanilmayotgan yaylovlardan foydalanish imkoniyati paydo bo‘ldi. Bu me’yordan ortiqcha foydalanib kelinayotgan yaylovlarda chorva mollarini boqish yuklamasini kamaytirishga imkon beradi. Chorva mollarini yaylovlar bo‘yicha bir tekisda boqilishini ta’minlash qurg‘oqchil dasht hududlari uchun katta ahamiyat kasb etadi. Bu mahalliy o‘simlik va hayvonot dunyosining saqlanishiga ham hissa qo‘shadi”, - deydi loyihaning milliy menejeri Muhammadjon Qosimov.

Yangi quduqning ishga tushirilishi mahalliy aholining quvonchiga va ularda ertangi kunga ishonch paydo bo‘lishiga sabab bo‘ldi.

“Bu biz uchun katta yordam bo‘ldi”, - deydi “Gʻuzor qorako‘lchilik” MChJ direktori Otabek Ismatov. - “Xo‘jaligimiz qorako‘lchilik bilan shug‘ullanadi. Biz qimmatbaho qorako‘l terilari, shuningdek, go‘sht va jun yetkazib beramiz. Xo‘jalikning 86 ming gektar yaylov maydoni va 40 mingdan ziyod chorvasi bor. Kelajakdagi rejalarimiz katta, qo‘ylar bosh sonini ko‘paytirish va xo‘jalikni rivojlantish niyatidamiz”.

Markaziy Osiyo va Turkiyaning qurg‘oqchil va sho‘rlangan qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarish landshaftlarida yerdan foydalanishni yaxshilash, iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yumshatish hamda tabiiy resurslarni kompleks boshqarish bo‘yicha amaliyotlar ko‘lamini kengaytirish “Markaziy Osiyo va Turkiyaning qurg‘oqchil va sho‘rlangan qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarish landshaftlarida tabiiy resurslarni kompleks boshqarish” mintaqaviy loyihasining asosiy maqsadi hisoblanadi. O‘zbekistonda bu loyiha Qishloq xo‘jaligi vazirligi bilan birgalikda amalga oshirilmoqda. Ushbu loyihaning amalga oshirilishi BMTning qurg‘oqchilik va cho‘llanishga qarshi kurashish konvensiyasi va BMTning Iqlim o‘zgarishi to‘g‘risidagi asosiy konvensiyasini amalga oshirishga ham salmoqli hissa qo‘shmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?