Qarzdor ota farzandlariga uy hadya qildi

12:30 18 Oktyabr 2021 Jamiyat
257 0

Oramizda oila atalmish qo‘rg‘on darz ketgach,  farzandlari ta’minoti va taqdiriga mas’ullikdan qochib, hatto aliment pulini to‘lamay yurgan otalar uchrab turadi. Buni yashirishning hojati yo‘q. Majburiy ijro byurosi Romitan tumani bo‘limi  xodimlari esa ana shunday noxush holatlarga barham berish borasida anchagina tajriba to‘plashgan.
- Qarzdor otalar bilan tushuntirish ishlari olib borayotganimiz durust natija beryapti, - deydi Majburiy ijro byurosi tuman bo‘limi boshlig‘i Murodjon Shokirov. - Shu o‘rinda bir misol. Ish yurituvimizda fuqarolik ishlari bo‘yicha Romitan tumanlararo sudining 2019 yil  11 oktabrdagi sud buyrug‘iga asosan undiruvchi S.Sharopovaning foydasiga ikki nafar voyaga yetmagan farzandining moddiy ta’minoti uchun qarzdor K. Karimovning har oydagi daromadi uchdan bir qismi miqdorida aliment undirishga doir ijro hujjati mavjud.  Shuningdek, sudning tegishli qarori bilan undiruvchi S.Sharopovani voyaga yetmagan farzandlari bilan uy-joy ro‘yxatiga kiritish belgilangan.
Ijro harakatlari davomida qarzdor K.Karimov va undiruvchi S. Sharopova o‘rtasida voyaga yetmagan farzandlarini uy-joy bilan ta’minlash va alimentni biryo‘la to‘lash yuzasidan kelishuvga erishildi. 
Davlat ijrochilari tushuntirishidan so‘ng bir xulosaga kelgan  qarzdor ota Buxoro shahridagi o‘ziga tegishli bo‘lgan uyni farzandlarining kelajagini o‘ylab, undiruvchi S.Sharopovaga rasmiylashtirib berishni lozim topdi.O‘z navbatida undiruvchi aliment pullaridan voz kechdi.
 
Istam IBROHIMOV,
“Xalq so‘zi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?