Qarshida atrofga badboʻy hid chiqarib, aholi noroziligiga sabab boʻlgan korxona faoliyati oʻrganildi. Natija qanday?

06:59 15 Sentyabr 2021 Jamiyat
283 0

Ijtimoiy tarmoqlarda aholining noroziligiga sabab boʻlgan Qarshi shahri Shayxali shaharchasi fuqarolar yigʻinidagi terini qayta ishlashga ixtisoslashgan “Qarshi leather” korxonasidan chiqayotgan badboʻy hid yuzasidan Oʻzbekiston Ekologik partiyasi vakillari tezkor oʻrganishlarni olib bordi.

Bu haqda Oʻzbekiston Ekologik partiyasi Markaziy Kengashi Ijroiya qoʻmitasi raisi Narzullo OBLOMURODOV quyidagilarni maʼlum qildi:

“Qarshi leather” MCHJ shaklidagi xorijiy korxonasi 2016-yilda davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan boʻlib, yirik shoxli qoramol terisini qayta ishlab, yarim tayyor mahsulot ishlab chiqarishga moʻljallangan.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 7-sentyabrdagi “Atrof-muhitga taʼsirni baholash mexanizmini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida”gi 541-son qaroriga muvofiq, mazkur korxona faoliyat turiga koʻra, atrof-muhitga taʼsir koʻrsatishning I toifasi, yaʼni yuqori darajada xavfli obyektlar qatoriga kiradi.

Oʻrganishlar terini qayta ishlash korxonasining Qarshi shahar «Shayxali» mahallasiga va atrof muhitga salbiy taʼsiri haqiqatdan ham katta ekanligidan dalolat bermoqda. Umumiy maydoni 4,5 gektar boʻlgan korxonaning loyihaviy ishlab chiqarish quvvati yiliga 330 ming dona qoramol terisini qayta ishlashga moʻljallangan.

Bu jarayonda koʻp miqdorda suv ishlatilib, turli xavfli kimyoviy vositalarga obdon toʻyingan chiqindi suv talab darajasida qayta ishlanmasdan va zararsizlantirmasdan ochiq joy relyefiga tashlanmoqda. Bu esa nafaqat atrof muhitga badboʻy hid taratadi, balki yerlarni ifloslantirib, tiklab boʻlmas holatga olib kelmoqda.

Amaldagi qonunchilik hamda ekologik xavfsizlik talablariga binoan, sanoat korxonalarida ishlab chiqarish jarayonida yuzaga kelayotgan oqova suvlar avval korxonaning oʻzida qayta ishlanib, zararsizlantirilishi kerak. Shundan keyingina kanalizatsiya tarmogʻiga yoki ochiq suv havzasiga chiqarilishiga ruxsat beriladi. Koʻrinib turibdiki, “Qarshi leather” korxonasi amalda qonun normalarini bajarmasdan kelmoqda.

Ekologik jihatdan xavfli ishlab chiqarishdan chiqayotgan, qayta ishlanmagan oqava suvlar nafaqat tuproq unumdorligi va atmosfera havosiga katta zarar yetkazmoqda, balki aholi salomatligiga jiddiy xavf tugʻdirmoqda. Mutaxassislar fikriga koʻra, terini qayta ishlash korxonasining faoliyati natijasida oqova suvlar tarkibida xrom (6+), cyerovodorod, sulfat, nitrit, xlorid va boshqa kimyoviy moddalar kuzatiladi.

Achinarlisi, ushbu korxonaning atrof-muhitga yetkazayotgan zarari ilgari ham koʻtarilgan edi. Ekologiya inspektorlari tomonidan 2020-yilda oʻtkazilgan oʻrganishlar natijasida ushbu korxonaga nisbatan atrof muhitga yetkazilgan katta miqdordagi zararni qoplash uchun kompensatsiya hisoblanib, oqova suvlarni lokal tozalash tizimini yoʻlga qoʻyish va kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha koʻrsatmalar berilgan. Ammo koʻrinib turibdiki, ushbu talablarga korxona rahbariyati koʻz yumgan, joylardagi masʼullar esa qatʼiy munosabat bildirmagan. Agar aholi norozilik bildirmaganida ushbu sukut yana qancha davom etishi mumkin edi...

Biz ish oʻrinlari yaratib, soliq toʻlab kelayotgan masʼuliyatli tadbirkorlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlaymiz. Shu bilan birga, tadbirkorlik faoliyati natijasida ekologiya va atrofimizdagi olamga jiddiy zarar yetkazayotgan korxonalarga nisbatan murosasiz kurash olib borishimiz lozim. Agar ona tabiatimiz muhofazasi uchun mana shunday qattiq turmas ekanmiz, atrof muhitga boʻlgan beshafqat munosabat davom etaveradi.

Atrof muhitga taʼsiri yuqori boʻlgan sanoat korxonalarini loyihalashtirish bosqichidayoq ekologik ekspertizaga boʻlgan talablarni yanada oshirish vaqti allaqachon yetgan. Puxta ekologik ekspertiza hamda jamoatchilik eshituvlari orqali ekologik xavfi yuqori boʻlgan korxonalarda zamonaviy tozalash inshootlari oʻrnatilishi, aholi salomatligi va tabiatga yetkazilayotgan xavf-xatarlar bartaraf etilishiga erishish mumkin.

Oʻzbekiston Ekologik partiyasi mana shu yoʻlda keng jamoatchilikni hamisha eshitishga tayyor va ona tabiatga zarar keltiradigan har qanday holatlarga qarshi birgalikda ishlashga chaqirib qoladi".

 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?