Qariyb 2 tonnaga yaqin giyohvandlik vositalari yoqib, yoʻq qilindi

18:07 27 Iyun 2022 Jamiyat
681 0

Mamlakatimiz mustaqilligining dastlabki yillaridanoq narkobiznesga qarshi kurash yoʻlida barcha zarur chora-tadbirlar koʻrib kelinmoqda.

Oʻzbekiston 1995-yilda Birlashgan Millatlar Tashkilotining giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarning noqonuniy muomalasiga qarshi kurash toʻgʻrisidagi 1961, 1971 va 1988-yillardagi Konvensiyalariga qoʻshildi. 1999-yil 19-avgust kuni Oʻzbekiston Respublikasining “Giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar toʻgʻrisida”gi Qonuni qabul qilindi.

Oʻtgan yildan boshlab narkologiya sohasidagi munosabatlarni tartibga soluvchi “Narkologik kasalliklar profilaktikasi va davolash toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni kuchga kirdi. Unda vazirliklar, idoralar, fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organlarining narkomaniyaning oldini olish borasidagi vakolatlari, giyohvandlik bilan kasallangan shaxslar, shuningdek, tibbiyot xodimlarining huquq hamda majburiyatlari belgilab berildi.

Aytish joizki, yurtimizda har yili sud jarayonida ashyoviy dalillar sifatida oʻtgan giyohvandlik vositalari, sud hukmlari qonuniy kuchga kirgach, pechlarda yoqib yuboriladi.

Mazkur anʼanaga muvofiq, kuni kecha Davlat xavfsizlik xizmati va boshqa respublika huquqni muhofaza qilish idoralari tomonidan noqonuniy muomaladan musodara qilingan giyohvandlik vositalarini yoʻq qilish boʻyicha navbatdagi tadbir oʻtkazildi.

Oʻzbekiston Respublikasi DXX matbuot xizmati maʼlumotiga koʻra, tadbir davomida 1 tonna 933 kg. 695 gr. giyohvandlik vositalari, shu jumladan, 133 kg. 713,5 gr. geroin, 159 kg. 478 gr. opiy, 1 tonnadan oshiq gashish, 300 kg. 786 gr. marixuana, 79 kg. 842,5 gr. koʻknor, 247 kg. 150,4 gr. kannabis hamda turli xildagi psixotrop hamda psixofaol moddalar yoqib, yoʻq qilindi.

Mutasaddi idoralar xodimlari, xalqaro tashkilotlar, keng jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etgan ushbu tadbir Narkotik moddalarni nazorat qilish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Davlat komissiyasi tomonidan tasdiqlangan 2022-yil iyun oyida “Giyohvandlikka qarshi kurash oyligi”ni tashkil etish va oʻtkazish boʻyicha tadbirlar rejasi ijrosi doirasida tashkil etildi.

“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?