«Qarabtep» xalq oʻyini bizga kerakmi? 

21:39 15 Iyun 2021 Sport
1562 0

Keyingi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlar orqali «Qarabtep» xalq oʻyini haqida turfa chiqishlar, uni ommalashtirish borasidagi saʼy-harakatlar ustidan ochiqchasiga kulish holatlari kuzatilmoqda. Quyida mutaxassisning «Qarabtep» xalq oʻyini haqidagi fikr-mulohazalarini eʼtiboringizga havola qilamiz.

U.Sidikov, Respublika ixtisoslashtirilgan koʻz mikroxirurgiyasi
markazi direktori, tibbiyot fanlari nomzodi:

— «Qarabtep» xalq oʻyini nafaqat inson organizmining harakat tizim, balki boshqa tizimlarni ham, yaʼni oyoqlarning mushak pay va boʻgʻim apparati, qorin old devori mushaklarini rivojlantiradi. Doimiy mashgʻulotlar organizmning yurak qon-tomir va nafas olish tizimlarini mustahkamlaydi: lipidlarning perekis oksidlanish tizimi muvozanatini tiklab, organizm toʻqima va aʼzolarida antioksidant himoyani taʼminlaydi.

Koʻzlarimiz tabiatan shunday yaralgan aʼzoki, u uzoq va yaqindan koʻrish holatiga moslashishdek ajoyib qobiliyatga ega. Koʻz akkomodatsiyasi – koʻzdan turli masofada joylashgan buyumlarni aniq koʻrishga moslashishdir. Koʻz akkomodatsiyasi fiziologik mexanizmi koʻzning kipriksimon mushak tolalari qisqarganda gavharni kipriksimon tanaga biriktirib turgan sinn boylamlari boʻshashadi. Bunda gavhar qobigʻi tarangligi kamayadi va u oʻzining elastiklik xususiyati tufayli yana-da qavariqroq shaklga keladi. Kipriksimon mushaklarning boʻshashi esa gavharning yupqalashishiga olib keladi. Ammo, hozirgi kunda koʻz akkomodatsiya spazmi mavjud bemorlar koʻp uchramoqda, achinarlisi ularning koʻpchiligini yoshlar tashkil qilmoqda. Akkomodatsiya spazmi bu – koʻz mushaklari spazmi boʻlib, uning natijasida koʻz uzoqda joylashgan buyumlar bilan bir qatorda yaqinda joylashgan buyumlarni ham aniq farqlay olmay qoladi. Buning asosiy sababi – yaqin masofada ishlash (oʻqish, kompyuterda ishlash, uzoq muddat televizor koʻrish yoki mobil telefonda oʻynash) orqali koʻzni zoʻriqtirishdir.

Baʼzi maʼlumotlarga koʻra, har oltinchi maktab oʻquvchisida akkomodatsiya spazmi uchraydi. Akkomodatsiya spazmi mavjud oʻquvchi koʻrish zoʻriqishi talab qiluvchi maʼlumotlarda koʻrishning yomonlashuvi sababli tezroq charchaydi va oʻzlashtirishning pasayishi yuzaga keladi. Bunda bolada koʻpincha sababi topilmagan bosh ogʻriqlari yuzaga keladi. Ushbu kasallikni davolash va oldini olish uchun okulist kabinetida gavhar mushaklarini mustahkamlashga qaratilgan maxsus mashgʻulotlarni bajarishga toʻgʻri keladi.

«Qarabtep» oʻyini ham insonning koʻruv aʼzolariga ijobiy taʼsir koʻrsatish xususiyatiga ega. Chunki, oʻyin vaqtida koʻz doimiy pastga, balandga qaraydi va bu koʻzdagi mushaklar uchun mashgʻulot vazifasini oʻtaydi. Bunday harakatlar koʻz uchun “koʻz mashgʻuloti” boʻladi, deb hisoblaymiz.

Xulosa qilib aytish mumkinki, yoshlarimizni ommaviy ravishda «Qarabtep» oʻyiniga jalb etish orqali ularni har tomonlama sogʻlom va yetuk inson boʻlib yetishishiga koʻmaklashgan boʻlamiz.

Oʻz navbatida bundan 10 asr muqaddam ulugʻ bobokalonimiz Abu Ali ibn Sino ham «Qarabtep» xalq oʻyinining foydali jihatlari haqida toʻxtalib oʻtgan.

«Sogʻliqning saqlashning asosiy tadbiri badantarbiya boʻladi. Biz bilamizki, badantarbiya kishini chuqur va ketma-ket nafas olishga majbur qiluvchi ixtiyoriy harakatdir. Moʻtadil ravishda va oʻz vaqtida badantarbiya bilan shugʻullanuvchi odam buzilgan xiltlar tufayli kelgan kasalliklarning va mijoz xamda ilgari oʻtgan kasalliklar tufayli keluvchi kasalliklarning davosiga muhtoj boʻlmaydi.

Badantarbiyaning kuchli turiga maydonda qilinadigan kishining oʻz soyasi bilan olishish oʻyini (Qarabtep) kiradi», deb yozadi buyuk ajdodimiz oʻzining “Tib qonunlari” asarida.

Koʻrinib turibdiki, «Qarabtep» xalq oʻyini inson salomatligini mustahkamlashda muhim ahamiyatga ega. Ayniqsa, bugungi pandemik vaziyat inson uchun salomatlik nechogʻlik bebaho neʼmat ekanligini, muntazam jismoniy harakatlar bilan mashgʻul boʻlgan, immuniteti kuchli insonlarda turli yuqumli kasalliklarga chalinish alomatlarining kam uchrashi yoki uchragan taqdirda ham asorati ogʻir kechmasligini koʻrsatib berdi.

«Qarabtep» bilan shugʻullanish uchun sizdan koʻp narsa talab etilmaydi, bor yoʻgʻi “Tepki” va xohish boʻlsa bas, uni istalgan joyda va istalgan vaqtda oʻynash mumkin. Asosiysi, «Qarabtep» bilan muntazam shugʻullanish orqali siz oʻz salomatligingizni mustahkamlaysiz. Zotan, inson uchun eng Oliy neʼmat aslida shu emasmi?!

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?