Qandahorda toʻrt kishi otib oʻldirildi. Ular Ashraf Gʻani davrida huquqni muhofaza qilish organlarida ishlagan

23:13 09 Sentyabr 2021 Dunyo
741 0

Foto: globallookpress.com

Qandahorda nomaʼlum shaxslar Afgʻoniston sobiq politsiyasining toʻrt nafar zobitini otib oʻldirgan.

Qandahorda prezident Ashraf Gʻani davrida huquqni muhofaza qilish organlarida ishlagan toʻrt nafar sobiq afgʻon politsiyasi xodimi oʻldirib ketilgan. Bu haqda “8am.af” gazetasi xabar bermoqda.

Nashrning yozishicha, nomaʼlum shaxslar sobiq politsiyachilarni uyidan olib chiqib, otib tashlagan. Hozirda jinoyatchilar qidirilmoqda.

“Tolibon” harakati vakili Qori Yusuf Ahmadiyning aytishicha, voqea yuzasidan tekshiruv boshlangan. Toliblar jinoyat sodir etganlarni qoʻlga oladi va jazolaydi hamda kelajakda shunga oʻxshash vahshiyliklarning oldini olish uchun barcha choralarni koʻradi.

Avvalroq Afgʻonistonning Gʻor viloyatida “Tolibon” aʼzolari tomonidan politsiyachi ayol Bonu Negar eri va bolalari oldida otib oʻldirilgani haqida xabarlar tarqalgan edi. 

Bonu mahalliy qamoqxonada ishlagan, u oʻldirilgan vaqtda sakkiz oylik homilador boʻlgan. Oʻz navbatida, toliblar ayolning oʻldirilishiga aloqadorligini rad etmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?