Qamashilik tomorqachi hovlisida ilmiy-amaliy seminar oʻtkazildi

14:40 16 Noyabr 2020 Jamiyat
213 0

Qamashi tumanidagi Chim qishlogʻida tomorqasidan yaxshigina daromad olayotgan sohibkorlar juda koʻp. Ulardan biri — Qurbon bobo Choriyev 30 sotix tomorqasi va yoʻl chetidagi 30 sotix yerni oʻzlashtirib, har yili 60 million soʻmdan ziyod daromad olayotgani nafaqat tumandagi balki viloyatdagi tomorqachilarda ham katta qiziqish uygʻotmoqda.

Yaqinda tomorqachilikda maktab yaratgan Qurbon bobo Choriyev xonadonida ilmiy-amaliy seminar oʻtkazildi. Unda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri oʻrinbosari, OʼzLiDeP fraksiyasi rahbari Aktam Xaitov, qishloq xoʻjaligi sohasi mutaxassislari, olimlar, mahalla fuqarolar yigʻinlari raislari, tomorqachilar va OAV vakillari ishtirok etishdi.

Seminarda Qurbon boboning oʻgʻli Bahrom Choriyev 2 sotix issiqxonasida limon yetishtirish bilan birga bahor paytida limon daraxti shoxlaridan koʻchat yetishtirayotgani haqida soʻzlab berdi. 2 sotix issiqxonasida kartoshka ekib, moʻl daromad olayotgani Qashqadaryoda yangilik sifatida baholandi. Qaragʻay va boshqa ignabargli daraxt koʻchatlarini yetishtirish tajribasi ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi. Shuningdek, ishtirokchilar tomorqachi hovlisida 70 tup tok, anor va boshqa ekinlar parvarishlanib, yaxshigina daromad olinayotganining guvohi boʻlishdi.

— Bu tomorqachi tajribasini boshqa xonadonlarga ham keng yoyish kerak, - dedi A. Xaitov. — Har bir mahalla fuqarolar yigʻinida 5 tadan tajriba uchun xonadonni tayyorlash lozim. Shunday qilinsa, boshqa xonadonlar ham ulardan namuna oladi, tomorqachilikka ishtiyoqi ortadi. Eng asosiy jihat shundaki qaysi hududga, qaysi ekin yaxshi oʻsishiga qarab ishni tashkil qilish kerak. Masalan, Chim qishlogʻida suv muammosi mavjudligi uchun har bir xonadonga 20 tupdan tok ekilsa, maqsadga muvofiq boʻladi. Qashqadaryoda yer koʻp. Undan samarali foydalanish uchun bu yerda Vodiy tajribasini joriy etyapmiz. Endilikda viloyatda har bir qarich yerdan unumli foydalanishni yoʻlga qoʻyamiz. Bu albatta, kambagʻallikni qisqartirishda, “temir daftar”, “ayollar daftari” va “yoshlar daftari”da qayd etilgan fuqarolarni daromadini oshirishda muhim qadam boʻladi.

Ishtirokchilar tumandagi boshqa mahallalardagi tomorqachilar faoliyati bilan ham tanishib, tajriba almashishdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?