Qalbga yoqilgan ezgulik chirogʻi

18:16 05 Yanvar 2024 Jamiyat
255 0

Ahli donish taʼbiricha har bir inson botinida ezgulik va goʻzallikka oshno tuygʻular, yaratuvchanlik ishtiyoqi yashaydi. Afsuski, odam Ato farzandi qusurlardan hamon toʻliq holi emas ekan, johillikdan uni xalos etish, toʻgʻri yoʻlga boshlash, koʻnglida mehnatga ragʻbat uygʻotish ham jamiyatning ustuvor vazifalaridan sanaladi.

Bugun mamlakatimizda tuzalish yoʻliga oʻtgan sobiq mahkumlarga nisbatan xalqimizga xos insonparvarlik va bagʻrikenglik namunalarini koʻrsatib, ularni afv etish ham jaholatga qarshi maʼrifatning oʻziga xos koʻrinishlaridan biri sifatida tanlangan.

— Afv etilgan inson qalbida eng avvalo insoniy fazilatlar faollashadi, — deydi Ombudsmanning Navoiy viloyatidagi mintaqaviy vakili Shuhrat Joʻrayev. — Mahkumlikda oʻzlari uchun hayotiy xulosalar chiqargan insonga kasb oʻrgatish esa, uning fuqarolik hayotida oʻz oʻrnini topishining birdan bir sharti hisoblanadi.

Shu maqsadda Respublika Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakili(Ombudsman)ning Navoiy viloyatidagi mintaqaviy vakilligi tashabbusi bilan Navoiy shahridagi “Ishga marhamat” monomarkazi hamda Navoiy maxsus prokuraturasi va Jazoni ijro etish departamenti, 4-mintaqaviy muvofiqlashtirish markazi oʻrtasida memorandum tuzilib, mahkumlarga kasb-hunar oʻrgatish yoʻlga qoʻyildi. Yaqinda ularning bir guruhiga oʻrgangan kasb-hunarlarini tasdiqlovchi maxsus sertifikatlar topshirildi.

— Jazoni oʻtash davrida men maishiy texnikalarni taʼmirlash hunarini oʻrgandim, — deydi mahkumlardan biri Kamolxon Tursunov. — Koʻnglimda qani endi, tezroq ozodlikka chiqsam, oʻz hunarim bilan odamlarga, oilamga nafim tegsa, degan niyat uygʻondi. Buning uchun albatta, harakat qilaman.

Tadbirda mahkumlarga ushbu sertifikatlarning ahamiyati hamda fuqarolik hayotida ularning jamiyatga moslashuvini taʼminlash borasida qilinayotgan tadbirlar xususida batafsil tushuncha berildi. Mazkur chora-tadbirlar mahkumlar qalbida ezgulik chirogʻini yoqishi tayin. Shu bois ham bu ishlarni muntazam davom ettirishga qaror qilindi.

Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер