Qalbaki chet el valyutalarining muomalaga chiqarilishiga chek qoʻyildi — DXX

10:38 25 Dekabr 2023 Jamiyat
288 0

Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti va ichki ishlar organlari bilan hamkorlikda Toshkent shahrida oʻtkazilgan tezkor tadbirda Surxondaryo viloyatida yashovchi, 1993-y.t. shaxs 50 AQSH dollari kupyuralaridan iborat boʻlgan qalbaki 19250 AQSH dollarini haqiqiy 10 ming AQSH dollariga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Tergovga qadar tekshiruv davomida, u Rossiya Federatsiyasidan olib kelingan ushbu qalbaki kupyuralarni Qashqadaryo viloyatida yashovchi, 1991-y.t. fuqarodan kelgusida oʻtkazish maqsadida sotib olganligi aniqlanib, u ham qoʻlga olindi.

Bu yoʻnalishda DXX xodimlari Andijon shahrida ham Bosh prokuratura huzuridagi Departament bilan hamkorlikda tezkor tadbir oʻtkazishdi.
Unda Andijon viloyatining Qoʻrgʻontepa tumanida yashovchi, 1981 va 1982-yillarda tugʻilgan 2 nafar shaxs qalbaki 500 ming AQSH dollarini xaridor bilan haqiqiy 325 ming AQSH dollariga ayirboshlashga kelishib, dastlab unga namuna sifatida Qirgʻiz Respublikasidan olib kelingan 100 AQSH dollari kupyuralaridan iborat qalbaki 7600 AQSH dollarini haqiqiy 5 ming AQSH dollariga sotgan vaqtlarida qoʻlga olindi.

DXX Toshkent shahar boʻyicha boshqarmasi xodimlari tomonidan IJQKD va ichki ishlar organlari bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbirda, Chilonzor tumanida joylashgan “Erkin” YPX maskanida “Lasetti” rusumli avtomashinani toʻxtatildi.

Avtomashina xolislar ishtirokida koʻzdan kechirilganda, unda yoʻlovchi sifatida ketayotgan Buxoro shahrida yashovchi, 1973-y.t., muqaddam firibgarlik bilan bogʻliq jinoyati uchun sudlangan shaxsning yonida 100 AQSH dollari kupyuralaridan iborat qalbaki 8900 AQSH dollari borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.

Maʼlum boʻlishicha, mazkur fuqaro Turkiyada tayyorlanib, Qirgʻiz Respublikasi orqali Oʻzbekistonga olib kelingan ushbu qalbaki xorijiy valyutlarni kelgusida sotib, daromad topish maqsadida Toshkent shahriga kelayotgan boʻlgan.

Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining 176-moddasi bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qoʻllanilgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?