Qaysi holatda YTH huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimi ishtirokisiz rasmiylashtiriladi?

21:02 15 Fevral 2021 Jamiyat
695 0

2021-yil 15-fevral kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi boʻlib oʻtdi. Unda deputatlar “Transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilishga doir qonun hujjatlari takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasini birinchi oʻqishda koʻrib chiqdilar.

Qonun loyihasi yuzasidan ichki ishlar vazirining oʻrinbosari A. Ikramov maʼruza qildi.

Muhokamalarda dastlab mamlakatimiz hududida yoʻl-transport hodisasi bilan bogʻliq maʼmuriy huquqbuzarliklar tahliliga eʼtibor qaratildi.

Qayd etilganidek, 2017-yilda 13 015 ta, 2018-yilda 13 701 ta va 2019-yilda 24 005 tasi tan jarohati bilan bogʻliq boʻlmagan yoʻl-transport hodisasi sodir etilgan. Ushbu maʼmuriy huquqbuzarliklar Davlat yoʻl harakati xavfsizligi xizmati xodimlari tomonidan rasmiylashtirilib, tegishliligi boʻyicha koʻrib chiqish uchun sud idoralariga yuborilgan.

Yoʻl-transport hodisasi sodir boʻlganda uni rasmiylashtirish, tekshiruv ishlari va sud tomonidan koʻrib chiqish uchun bir oygacha vaqt sarflanyapti. Deputatlarning fikricha, bu fuqarolarning ortiqcha sarson boʻlishi va qoʻshimcha xarajatlar qilishiga sabab boʻlmoqda.

Ishlab chiqilgan qonun loyihasida esa tan jarohati bilan bogʻliq boʻlmagan yoʻl-transport hodisasini huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimi ishtirokisiz rasmiylashtirish asoslari, qoidalari va tartibi belgilab berilyapti.

Jumladan, loyiha bilan Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksga yangi yoʻl-transport hodisasi haqidagi bildirishnomani rasmiylashtirish munosabati bilan maʼmuriy javobgarlikdan ozod etish normasi kiritilishi nazarda tutilmoqda.

Deputatlarning qayd etishicha, ushbu hujjatning qabul qilinishi yoʻl harakati xavfsizligi xodimlari bilan haydovchilar oʻrtasidagi muloqotning yaxshilanishiga olib keladi, ortiqcha qogʻozbozlik, ovoragarchilikka chek qoʻyadi hamda avtomobil yoʻllarida tirbandliklarning oldini olishda samara beradi.

Qizgʻin munozaralardan soʻng, qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi oʻqishda konseptual jihatdan qabul qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер