Qaysi asrda yashayapmiz? Yoxud yana elektr va gazdagi muammolar haqida...

14:09 18 Noyabr 2020 Jamiyat
744 0

Oʻzbekiston mustaqillikka erishgach, iqtisodiy va boshqa sohalarda ham toʻla mustaqillikka erishdi. Jumladan, elektr energiyasi va gaz sohasida ham keyingi yillarda juda katta loyihalar amalga oshirilayotgani sir emas. Tan olib aytish kerakki, yurtimiz aholisini elektr energiyasi bilan taʼminlash borasida ayrim muammolarga duch kelinmoqda. Bu holat, ayniqsa, kuz-qish mavsumida yaqqol koʻzga tashlanadi. Soʻnggi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarda ham gaz va elektr energiyasi bilan bogʻliq holat turli muhokamalarga sabab boʻlmoqda. Tabiiy resurslarga boy, gaz va elektr energiyasini eksport qiluvchi Oʻzbekistonda energetik taqchillik, ayniqsa, qish mavsumida muntazamlik kasb etgan muammolardan sanaladi. Hukumatimiz tomonidan 90 foizidan ortigʻi elektrlashtirilgani, 80 foizidan ortigʻi gazlashtirilganini aytib kelinadi. Lekin yillar davomida qish mavsumi uchun odatiy hol boʻlgan gaz va elektr taqchilligi surunkali muammolardan biriga aylanib qolgan. Xususan, Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasiga ham soʻngi 9 oy ichida turli tumanlarida aholi gaz, chiroq va issiqlik yetishmovchiligidan norozilik bildirayotgani haqida 1000 dan ortiq tinimsiz xabarlar kelmoqda. Bu xabarlarning asosiylari suyultirilgan gaz bosimi pastligi boʻlsa, baʼzilarida umuman gaz yoʻqligi. Boshqalari esa elektr energiyasidagi asossiz qarzdorlik, chiroq yoʻqligi va hokazolar. Xususan, kelib tushayotgan arizalarda gaz trubalari yoʻq, biroq, 47 mln soʻmgacha qarzdorlik borligi, shuningdek, birgina yangisiga almashtirib ketilgan elektr hisoblagichdan 250 mln. soʻmgacha asossiz qarzdorlik holatlari uchramoqda.

Qaysi asrda yashayapmiz?

«Odamlar qish gʻamini bahordanoq yeyishni boshlaydi. Kimdir arzon oʻtin, yana kimdir arzonroq koʻmir, koʻmir kukuni olishga harakat qiladi. Va bahordanoq biz qoʻllarimizga rezina qoʻlqop kiyib tappi yasashni boshlaymiz, — deb yozadi Feysbuk foydalanuvchilaridan biri. — Baʼzan oʻylab qolasan kishi, qaysi asrda yashayapmiz? Millionlab aholisi bor davlatlarda favqulodda bir hodisa boʻlmasa elektr uzilmaydi, gaz toʻxtab qolmaydi, 10 minutlar gaz yoki chiroq oʻchsa, birdaniga xalqni oldiga chiqib uzr soʻrashadi, bizda-chi? Mayli uzr soʻrashmasin, lekin gaz va elektr muammosi qachon bartaraf etiladi... Nega muammolarimiz haqida hech gapirgimiz kelmaydi».

Toshkentda ahvol yaxshi, lekin viloyatlarda-chi?

Hukumat aholining sabr kosasi toʻlganini sezyapti shekilli, viloyat hokimlari televideniye orqali mavsumga tayyorgarlik haqida hisobot bermoqda. Lekin amalda biror oʻzgarish yoʻq. Imtiyozli narxda tarqatilayotgan koʻmirdan asosan shaharliklar bahramand boʻlyapti. Qishloqlarda esa vaziyat oʻsha-oʻsha. Koʻp joylarda gaz va chiroq yoʻq. Aksariyat aholi tezak va oʻtin bilan isinishga majbur. Toʻsatdan kelgan sovuq havo oqimi aholi orasida sarosimani vujudga keltirdi, biroq haqiqiy qahraton hali oldinda. Oʻzbekiston hukumati Qirgʻiziston va Qozogʻistonga sotilayotgan gaz hajmini qisqartirgan. Hozircha bu choraning ichki ehtiyojga taʼsir oʻtkazgani sezilmayapti. Qishloqlarda gaz yoʻqligi sabab odamlar tezak va oʻtin yoqadi. Misol uchun «Jizzax, Qashqadaryo va Surxondaryoda ahvol juda ogʻir. Gaz va svet masalasida vaziyat shu tariqa davom etaversa, aholi chidab tura olmaydi, shunchaki qarab turmasa kerak». Bir necha yillar avval Oʻzbekiston hukumati qishloqlarni gazlashtirish islohotini boshlagan edi. Oʻsha paytlarda aholiga qarata «mol-holingizni sotib boʻlsa-da uyingizga gaz quvurlarini oʻtkazib oling» degan murojaati hozir ham afsus bilan eslanadi. Qishloq aholisi borini sarflab quvurlar oʻtkazdi, lekin ulardan gaz oqmayotganiga bir necha yillar boʻldi. Bu muammoga elektr tanqisligi qoʻshilib, ahvol yana-da qiyinlashdi.Oʻzbekiston elektr quvvati va tabiiy gaz eksport qiladi. Hukumatning iqtisodiy oʻsish haqidagi koʻrsatkichlari juda yuqori. Ammo aholining turmush darajasi bagʻoyat pasayib ketgan. Bu ochiq haqiqat.

Oddiy bir qishloq ayoli...

Erta bilan sovuqdan junjikib uygʻonadi. Chunki pechkaga solingan koʻmir yonib boʻlgan, uy sovub ketgan boʻladi. Bolalarim sovuq qotmasin, maktabga issiq joyda tayyorgarlik koʻrsin, deb darrov kechqurun eshik tagiga tayyorlab qoʻygan oʻtinimi, tappisimi, yongʻoq poʻchogʻinimi yoqadi. Pechkaning ustiga choynakda choy qoʻyadi. Bolalariga choyini tayyorlab, ichirib maktabga kuzatadi. Agar xonadonda yoshi katta keksalar, goʻdaklar, nogironlar boʻlsa, bu holat yanayam qiyin boʻlishini tasavvur qilavering. Hozir hech kim elektr plitaga ishonmay qoʻygan. Sababi, elektr koʻp uziladi, elektr bir soat yonib, bir soat oʻchadi. 220 volt boʻlishi kerak boʻlgan tok jonivor 130-150 atrofida boʻladi. Odamlar uy isitishning turli-tuman usullarini oʻylab topishmoqda. Lekin qishni bir xonada oʻtkazayotgan, sandalda oʻtirib dars qilayotganlar, eshik-deraza oʻrniga "klyonka" tutib qishni kutib olayotganlar ham yoʻq emas. Qish qishloqlarda yashayotgan millionlab xalq uchun front. Bu front toʻrt oy davom etadi. Hammani bir oʻy oʻylantiradi. “Qishdan eson-omon chiqaylik”. U yogʻiga xudo poshsho. Axir jang maydonlarida ham odamlar shunday oʻylaydi-ku “Shu urushdan omon chiqsam bas, u yogʻiga Xudo poshsho” ...

Gaz yetishmovchiligining asosiy sababi nimada?

Qish fasli yaqinlashib kelishiga qaramasdan, hatto viloyat va tuman markazlarida ham elektr quvvati va tabiiy gaz aholiga oʻta cheklangan tarzda berilmoqda. Soʻnggi 4 yil davomida elektr energiyasida muammo deyarli kuzatilmadi.

Ammo yana boshlandi...

Baʼzi bir chekka qishloqlarda bir necha yillardan beri elektr quvvati va gaz asosiy muammolardan biriga aylanib qolgan. “Endi oʻzingiz oʻylab koʻring, gaz boʻlmasa, chiroq boʻlmasa, qanday hayot kechirishimiz mumkin? Misol uchun, koʻp joylarda gaz va chiroq yoʻq. Aholi tezak va oʻtin yoqib isinishga majbur. Shaharlarda sharoit sal yaxshi, lekin qishloqlarda...

Bu yilgi qish sovuqlarining boshlanayotgani mana shu kecha-kunduzda ham yurtdoshlarimizning sabr matonatini sinovdan oʻtkazmoqda. Gaz va koʻmir yoʻq ekan, viloyatlarda aholi dov-daraxtlarni kesib oʻtin yoqmoqda. Bozorda bir mashina oʻtinning narxi falon soʻm. Xoʻp puli borlar, oʻtin, boring ana koʻmir ham olishar, boshqalar-chi? Har doim ham tanganing ikki tomoni boʻlgani kabi masalaning ham ikkinchi tomoni mavjud. Misol, qishloq aholisi qahraton qishda gaz yoʻqligi uchun tezakdan foydalanishadi. Sababi oʻtin va koʻmirga puli yoʻq, ayni qish faslida yeyishga noni ham qolmagandan soʻng, tezakni sotishga ham majbur boʻladi. Xoʻsh, ularni tabiiy gaz bilan taʼminlamaslikka nima toʻsqinlik qiladi? Bu esa bizga qorongʻu.

“Muammo bir yillik emas, yillar davomida toʻplanib kelgan. Ammo hozir eng choʻqqisiga chiqmoqda. Juda qattiq sovuq boʻlyapti, kechalari minus oʻn, oʻn beshgacha boradi. Albatta, bizga gaz, elektr, issiq suv kerak. Qish boshidanoq xavfsizlik choralariga rioya etmagan deb koʻrilayotgan, gaz, elektr yoʻqligi bois xonadonlarni qoʻlbola uskunalar vositasida isitishga qaror qilgan oʻnlab fuqarolar is gazidan zaharlanib qolishi ham hech gap emas.

Albatta, birinchi navbatda bu yerda oʻzimizning eʼtiborsizligimiz, gaz kamligidan turli qoʻlbola vositalardan foydalanishga majburligimizdir. Buning oqibatida yoshlar uvol boʻlayotgani, vafot etayotgani, ayniqsa, achinarli. Bu esa ogʻriqli dardlarimizdan biridir.

Hurmatli isteʼmolchi, Agarda sizning huquqlaringiz buzilsa 1091 ishonch telefoni va @PotrebitelUz_bot orqali murojaat qilishingiz mumkin.

Shahboz Abdusattorov,
Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish
jamiyatlari federatsiyasi matbuot xizmati yetakchi mutaxassisi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?