Qadring baland boʻlsin, ona tilim!

23:32 21 Oktyabr 2021 Jamiyat
206 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Prezident Shavkat Mirziyoyevning kuni kecha Oʻzbek tili bayrami kuni munosabati bilan xalqimizga yoʻllagan tabrigida soʻnggi yillarda mamlakatimizda barcha soha va tarmoqlar kabi ona tilimiz qadri va nufuzini yanada oshirish borasidagi siyosat va amaliy ishlar yangi bosqichga koʻtarilayotgani alohida taʼkidlandi.

Chindan ham oʻzligimizni, millat sifatida qadr-qimmatimizni anglatib turuvchi oʻzbek tili bugun jahon miqyosida munosib oʻringa ega boʻlib bormoqda. Birlashgan Millatlar Tashkilotining yuksak minbarida, ulkan siyosiy sammit va uchrashuvlarda baralla yangramoqda. 21-oktyabr Oʻzbek tili bayrami kuni sifatida milliy solnomamizga kirgani va bu kun yurtimiz boʻylab keng nishonlanayotgani zamirida ham, avvalo, ona yangligʻ muqaddas tilimizga boʻlgan ehtirom mujassam.

Oʻzbek tili bayrami kuni Buxoro shahridagi Yoshlar markazida “Ona tilim – faxrim, gʻururim” deb nomlangan madaniy-maʼrifiy anjuman boʻlib oʻtdi. Viloyat keng jamoatchilik vakillari, talaba-yoshlar ishtirok etgan tadbirda qayd etilganidek, 2020-yil 10-aprelda Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbek tili bayrami kunini belgilash toʻgʻrisida”gi Qonuni qabul qilingani ona tilimizning nufuzini oshirishga qaratilgan muhim qadam boʻldi. Anjuman Buxoro viloyat musiqali drama teatri jamoasi tomonidan namoyish etilgan sahna koʻrinishi va kuy-qoʻshiqlarga ulandi.

Foto: “Xalq soʻzi”

Samarqandda oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berilganligining 32 yilligi bagʻishlangan tadbirlar shahar markazidagi Alisher Navoiy haykali poyiga gullar qoʻyish bilan boshlandi. Ayni shu yerda tilshunos olimlar, mahalla faollari, yoshlar ishtirokida oʻtgan bayram tadbirida ona tilimizni bezavol kelajak avlodga yetkazish borasida masʼuliyatli vazifalar turgani haqida soʻz yuritildi. Talabalar sheʼrlar oʻqidi.

Oʻzbek tili bayrami kuni Surxondaryo viloyati markazidagi Alisher Navoiy haykali poyi ham gullar bilan toʻldi. Tanatanali tadbirda Termiz davlat universiteti rektori A. Marahimov, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi viloyat boʻlimi rahbari M.Ollomurodov va boshqalar xalqimizning faxru iftixori, shon-shavkati, milliy timsoli - oʻzbek tilini asrab-avaylash ahamiyati haqida toʻxtaldilar. Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sohibalarining dilbar sheʼrlari barchaga zavq ulashdi.

Foto: “Xalq soʻzi”

Qarshi shahridagi Maʼnaviyat maskanida “Qadring baland boʻlsin, ona tilim” mavzuidagi tadbirda Qashqadaryo viloyati hokimining davlat tili masalalari boʻyicha maslahatchisi Ziyoda Aminovaning fikrlari barchaning diqqatini tortdi. Uning soʻzlariga koʻra, viloyatdagi korxona va tashkilotlar, muassasa va savdo nuqtalarida 9 ming 668 ta tashqi yozuv mavjud boʻlib, shundan 2500 dan ziyodi bexato va sof oʻzbekona boʻlishiga erishildi. Bu borada tilshunos olimlar, deputatlar va keng jamoatchilik ishtirokida tuzilgan ishchi guruhi astoydil faoliyat olib borayotgani aytib oʻtildi.

Sahnada Alisher Navoiy siymosi gavdalantirildi, ijro etilgan mumtoz va zamonaviy kuy-qoʻshiqlar bayramga oʻzgacha koʻtarinkilik bagʻishladi.

“Xalq soʻzi” muxbirlari.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?