Qadamlarimiz davr shiddati va islohotlar qamroviga hamohang boʻlsin

11:52 22 Fevral 2022 Jamiyat
682 0

Hayot shundayki, bugungi kun talabi kechagidan farq qiladi. Ayniqsa, shiddat bilan oʻzgarayotgan hozirgi zamonda ushbu haqiqat yanada yaqqolroq namoyon boʻlmoqda. Davr ruhi, mavjud ehtiyojlarni teran anglaydigan, shunga uygʻun tarzda ish tutib, oldinga dadil qadam bosadigan jamiyat esa taraqqiyot pillapoyalaridan, albatta, yuqoriga qarab koʻtarilib boraveradi.

Mamlakatimizda ham soʻnggi besh yilda inson qadrini ulugʻlash yoʻlida juda katta islohotlar olib borildi va ulkan natijalarga erishildi. Ayni paytda islohotlar jarayoni yangi surʼatda davom ettirilmoqda. Bunda yoshlarga oid davlat siyosatining amaliy ifodasini taʼminlashga alohida eʼtibor qaratilayotgani diqqatga sazovordir.

Gap navqiron avlod xususida ketar ekan, shu oʻrinda bir jihatni taʼkidlash joizki, har bir davlatning yoshlari erishadigan muvaffaqiyatlar, ularning bilimi, salohiyati va madaniyati ana shu mamlakatning ertangi kunini belgilab beruvchi eng muhim mezonlardan biri sanaladi. Biz bu borada faxrlansak arziydi. Chunki oʻgʻil-qizlarimiz yaxshi ilm olib, jamiyatga munosib ulush qoʻshish hissi bilan ulgʻaymoqda.

Qoraqalpogʻiston Respublikasida boʻlib, oʻz isteʼdodi ila soha rivojiga munosib hissa qoʻshayotgan taxtakoʻpirlik iqtidor egalari bilan uchrashganda, beixtiyor ana shu fikrlar xayolimdan oʻtdi.

Dastlab tuman madaniyat boʻlimi xodimlari bilan muloqot qildik. Bugungi yoshlarga taʼlim-tarbiya berish, ularning madaniy saviyasini yuksaltirish borasida qoʻyilgan qatʼiy talablar va oldimizda turgan muhim vazifalar xususida soʻz yuritib, zarur topshiriq va koʻrsatmalar berdik.

Shundan soʻng, tuman madaniyat markazida mavjud baxshichilik, raqs, rubob, doira, doʻmbira, drama, tasviriy va amaliy sanʼat yoʻnalishlari, shuningdek, «Shugʻla» ashula va raqs xalq ansambli, «Sarjaylaoʻ» ashula va raqs xalq jamoasi, «Miyras» folklor-etnografik xalq jamoasi va «Shamurat Otemuratov» nomidagi xalq teatri jamoalari faoliyati bilan yaqindan tanishdik. Quvonarlisi, ushbu toʻgarak va jamoalarga 203 nafar havaskor aʼzolikka qabul qilingan.

Mazkur uchrashuvda bugun davlatimiz tomonidan yaratib berilayotgan imkoniyatlarga javoban astoydil mehnat qilishimiz, daxldorlik hissi bilan yashab, “Kelajak uchun eng yaxshi sarmoya, taʼlimga tikilgan sarmoya” ekanligini unutmasligimiz lozimligini taʼkidladik. Zero, ana shu tamoyil asosida yoshlarni qoʻllab-quvvatlashning samarali natijalarini dunyoning eng yetakchi davlatlari tajribasida ham koʻrishimiz mumkin.

Oʻylaymanki, mazkur muloqotimiz taxtakoʻpirlik madaniyat xodimlari va sanʼatsevar yoshlar uchun mazmunli hamda samarali kechdi. Ular berilgan topshiriq, koʻrsatma va takliflar mazmun-mohiyatidan bugungi islohotlar ham, talab va imkoniyatlar ham kechagidan tubdan farq qilishini aniq tushunib oldilar. Va, shubhasiz, keyingi faoliyatlarini ham ana shu talablar asosida olib boradilar.

Ozodbek Nazarbekov,

madaniyat vaziri.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?