Qadaming qutlugʻ kelsin, Navroʻz!

15:34 21 Mart 2022 Jamiyat
993 0

Foto: Халқ сўзи

Fargʻona ahli eng suyukli va qadrdon bayram – Navroʻzga xush kayfiyatda peshvoz chiqib, viloyat markazidan tortib eng olis mahallalar, koʻchalar, xiyobonlar, madaniyat va istirohat bogʻlari bayramona bezatildi. Tabiatdagi goʻzallik qalblarga koʻchgan holda hofizlaru sozandalar, askiya bilan davrani yayratadigan qiziqchilar, folklor va etnografik jamoalar, xalq oʻyinlari namoyandalari xalqimiz xizmatida..

Fargʻona shahridagi viloyat teatr-konsert saroyining bayramona bezatilgan maydonida kattayu kichik chinakam xalq sayli va tomoshalardan bahramand boʻldi.

Erta tongdan fayzli xiyobon uzra Navroʻzi olam, fasllar kelinchagi - bahorni vasf etgan qadrdon va sevimli kuy-qoʻshiqlar jarang sochmoqda. Bir tomonda sumalak va bahoriy noz-neʼmatlar, bir yonda “Navroʻz taomlari” tanlovi ishtirokchilarining palov, koʻk somsa, koʻk chuchvara, halim, qatlama kabi darmondori taomlari hayotga, yashashga boʻlgan ishtiyoqingizni kuchaytiradi.

Xalq oʻyinlari ustalarining chiqishlari gulduros qarsaklar bilan olqishlanadi. Milliylik ifori ufurib turgan amaliy sanʼat namunalari xalqimizning yaratuvchanlik salohiyatini namoyon etadi. Qalbi va qoʻli gul chevarlarning mahsulotlari, hunarmandlarning atlasu adraslari, qalampirnusxa Margʻilon doʻppilarining sehru jozibasi oʻzgacha.

“Oʻzbekiston – umumiy uyimiz” shiori ostida turli millat va elatlarning urf-odatlari hamda qadriyatlarini targʻib qilishga qaratilgan madaniy dasturlari bayramning barcha koʻngillarga birdek surur bagʻishlashini anglatadi.

— Bayramda hammadan ham koʻra farzandlarimiz yayrashmoqda, — deydi fargʻonalik Shuhratjon Rahmonqulov. — Bugungi tantanada oilaviy qatnashib, yana bolalikka qaytganday boʻldik va eng masrur damlarni esga olyapmiz.

Margʻilonsoy boʻylab varrak uchirayotgan shoʻx-shodon bolalar, sport musobaqalari, naqshinkor soʻrilarda askiyaning zoʻridan soqollari silkinib qah-qah urayotgan otaxonlar... Naqadar yoqimli manzaralar! Elimizga tinchlik-omonlikni hadya etib, rizq-roʻzini yashil dalalar uzra moʻl-koʻl qilib sochib keladigan Navroʻzning bu yilgi qadamlari qutlugʻ kelsin, deymiz!

Botir Madiyorov, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?