Putin tinchlik boʻyicha muzokaralarni emas, urushni davom ettirishni istamoqda – Zelenskiy

13:25 23 Avgust 2025 Dunyo
219 0

Ukraina prezidentni Vladimir Zelenskiyning taʼkidlashicha, Rossiya tinchlik boʻyicha oʻtkazilishi rejalashtirilayotgan uchrashuvni bekor qilishga hamda urushni davom ettirishga urinmoqda. Bu haqida “BBC News” nashri xabar berdi.

Unda aytilishicha, Ukraina yetakchisi Rossiya prezidenti Vladimir Putinni urushni tugatish uchun oʻtkazilishi kutilayotgan muzokaralarga yoʻl qoʻymaslik uchun qoʻlidan kelgan barcha ishni qilayotganlikda ayblagan. Shuningdek, Ukraina rahbari Rossiyadan farqli ravishda hech qanday uchrashuvdan qoʻrqmasligini ham qoʻshimcha qilgan.

Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovning taʼkidlashicha, Rossiya Alyaskada boʻlib oʻtgan AQSH-Rossiya sammitida Tramp tomonidan koʻtarilgan bir qator masalalarda murosa qilishga rozi boʻlgan, biroq Ukraina tomoni Vashingtondagi muzokaralarda ilgari surilgan ayrim masalalar yuzasidan murosa qilishdan bosh tortgan. Shu tufayli Rossiya tashqi ishlar vaziri Ukrainani tinchlik kelishuviga erishishga toʻsqinlik qilayotganlikda ayblagan.

“Boʻlib oʻtgan muzokaralarda qabul qilinishi kerak boʻlgan bir nechta tamoyillar borligi hamma uchun maʼlum edi. Ukrainaning NATOga aʼzo boʻlmasligi va hududiy masalalarni muhokama qilish shular jumlasidandir. Biroq Zelenskiy hamma narsaga yoʻq dedi”, — deydi Sergey Lavrov.

Avvalroq, AQSH prezidenti Donald Tramp Rossiya yetakchisi bilan telefon orqali suhbatlashgandan soʻng Putin-Zelenskiy sammitini oʻtkazish uchun kelishuv boshlaganini, ushbu muzokaralarda oʻzi ham ishtirok etishini maʼlum qilgan edi.

Ukraina prezidenti ushbu muzokaralarni toʻlaqonli qoʻllab-quvvatlashi, biroq u tinchlik kelishuviga erishilgan taqdirda Rossiya tomonidan kelajakda sodir boʻlishi mumkin boʻlgan har qanday hujumning oldini olish uchun Gʻarb ittifoqchilaridan xavfsizlik kafolatlarini talab qilgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?