Putin, Pashinyan va Aliyev Sochida muzokaralar oʻtkazadi — Kreml

19:13 23 Noyabr 2021 Dunyo
513 0

Illyustrativ foto

26-noyabr kuni Sochida Rossiya prezidenti Vladimir Putin va Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev hamda Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan oʻrtasida muzokaralar boʻlib oʻtadi. Bu haqda Kreml matbuot xizmati maʼlum qildi.

Uchrashuv Togʻli Qorabogʻda oʻt ochishni toʻxtatish toʻgʻrisidagi bayonot imzolanganining bir yilligi munosabati bilan tashkil etilmoqda.

Davlat rahbarlari muzokaralar davomida 2020-yil 9-noyabr va 2021-yil 11-yanvarda imzolangan kelishuvlar qanday amalga oshirilayotganini muhokama qilishi kutilmoqda.

Rossiya prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov noyabr oyi boshida uch tomonlama muzokaralar oʻtkazilishi rejalashtirilayotganini, bu onlayn formatda tashkil etilishi haqida xabar qilgandi. Ammo, vaziyat jiddiylashgani sabab uchrashuvning formati oʻzgargani maʼlum boʻldi.

Maʼlumot uchun,16-noyabr kuni Armaniston va Ozarbayjon chegarasida Togʻli Qorabogʻ Respublikasi hududida janglar boshlandi. Armaniston Mudofaa vazirligining xabar berishicha, otishma paytida bir arman harbiy xizmatchisi halok boʻlgan, yana 13 nafar xizmatchilar harbiy asirga aylangan. Ozarbayjon esa yetti askarining halok boʻlgani va oʻn nafari yaralanganini eʼlon qilgan edi.

Shundan soʻng, Rossiya Mudofaa vaziri Sergey Shoygu Armaniston Mudofaa vaziri Suren Papikyan va Ozarbayjon mudofaa vaziri Zakir Gasanov oʻrtasida telefon orqali muloqot tashkil etildi. Shu kuni Rossiya prezidenti Armaniston bosh vaziri bilan Armaniston-Ozarbayjon chegarasidagi vaziyatni muhokama qildi. Tez orada Armaniston va Ozarbayjon harbiy harakatlarni toʻxtatdi.

19-noyabr kuni Yevropa Kengashi prezidenti Sharl Mishel bilan telefon orqali suhbatlar chogʻida Pashinyan va Aliyev mojaro avj olish holatlarining oldini olish maqsadida mudofaa vazirlari oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri aloqalar oʻrnatish uchun sharoit yaratishga kelishib oldi. Shu bilan birga, mamlakatlar 15-dekabr kuni Yevropa Kengashining Bryusseldagi Sharqiy hamkorlik sammitida uchrashish taklifini qabul qildi.

Putin va Pashinyan 21-noyabr kuni telefon orqali muloqot qilgandi. Unda ikki tomon manfaatli aloqalarni davom ettirishga kelishib olingani va Armaniston bosh vaziri Rossiyaga “faol vositachilik harakatlari” uchun minnatdorchilik bildirgani xabar qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?