Pulmonologik kasalliklar avloddan avlodga oʻtadimi?

17:35 24 Iyul 2021 Jamiyat
176 0

SSV respublika ixtisoslashtirilgan ftiziatriya va pulmonologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktor oʻrinbosari Nodir Sotvoldiyevning pulmonologik kasalliklar borasidagi fikrlarini taqdim qildi.

— Pulmonologik kasalliklar avloddan avlodga oʻtishi ham mumkinmi?

— Hamma pulmonologik kasalliklar ham nasldan naslga oʻtmaydi, nasl suradigan kasalliklar guruhiga mukovicsidoz, bronxial astma va boshqa allergik kasalliklar kiradi.

Masalan, oilada ota yoki ona bronxial astma bilan kasallangan boʻlsa, bolaning kasallanish ehtimoli 20-30 foizni tashkil qilishi mumkin. Agar har ikkalasi (ota va ona) kasallangan boʻlsa, bolaning kasallanish ehtimoli 75 foiz yetish ehtimoli bor. Bu holat onaning homiladorlik davrida kechadigan boʻlsa bu xavf yana ham ortishini taxmin qilish mumkin. Respirator infeksion kasalliklar nasldan naslga oʻtmaydi.

Ular kelib chiqishiga koʻra, organizm immun sistemasi faoliyatining sustligi, mikroorganizmlarning miqdori va uning virulentligi(mikroorganizmlarning kasallik qoʻzgʻatishi) yuqori boʻlishiga bogʻliq.

— Oʻzbekistonda nafas aʼzolari kasalliklari sabab roʻy beradigan oʻlim koʻrsatkichlari ancha yuqori. Bu jihatdan yurak-qon tomir tizimi kasalliklaridan keyingi oʻrinlarda tursa ham, yurtimizda pulmonologlar kardiologiya mutaxsassislaridan kam. Bugungi pandemiya sharoitida bu mutaxassislar tanqisligi sezilmayaptimi?

— Davlat statistika qoʻmitasi bergan maʼlumotlarga koʻra, nafas aʼzolari kasalliklarida roʻy beradigan oʻlim koʻrsatkichi 2008-yilda 6,6 foizni tashkil qilib, uchinchi oʻrinni egallagan, birinchi oʻrinda yurak-kon tomir kasalliklari (59,3 foiz) va ikkinchi oʻrinda oʻsma kasalliklari(7,1 foiz)ni koʻrsatmoqda.

Bolalarda esa nafas aʼzolari kasalliklari tufayli roʻy bergan oʻlim koʻrsatkichlari 2008-yilda bolalarda kuzatilgan oʻlim holatlarining 35 foizini tashkil qilgan.

2017-2019-yillarda nafas aʼzolari kasalliklar sabab roʻy beradigan oʻlim koʻrsatkichi kamayib, xavfli xastaliklar orasida beshinchi oʻrinni egalladi. Bolalar orasida bu koʻrsatkich ikki baravar kamayib, 16-16,6 foizni tashkil qildi. Bu, albatta, Oʻzbekistonda pulmonologiya sohasining rivojlanayotganligidan dalolat beradi.

Zamonaviy diagnostik va davolash usullari yurtimizning barcha hududlarida tatbiq etilgani bunga sabab boʻlmoqda deb ayta olamiz. Markazimiz xodimlari tomonidan doimiy yangi davolash va diagnostika standartlari va protokollari ishlab chiqiladi va uning bajarilishi doimiy monitoring qilib boriladi. Bu ham oʻz oʻrnida sohani rivojlanishiga olib kelishi turgan gap.

Pandemiya sharoitida nafaqat pulmonologlarning, balki boshqa ixtisoslikdagi mutaxassislarning ham tanqisligi kuzatildi, lekin bunday holatlar imkon qadar oʻz vaqtida bartaraf etib borilmoqda.

— Hozirda nafas olish tizimida surunkali kasalliklari bor bemorlar uchun koronavirus eng katta xavfdir. Ular oʻzini virus xavfidan himoya qilish uchun nima qilishlari kerak?

— Koronavirus infeksiyasining spetsifik profilaktikasi ishlab chiqish bosqichida. Bu vaksinatsiya jarayoni boʻlib, kasallikni oldini olish uchun preparat yaratish demakdir.

Nospetsifik profilaktika esa oʻzi-oʻzini yakkalash tartibi, shaxsiy gigiyena qoidalariga rioya qilish, tibbiy niqoblardan toʻgʻri va muntazam foydalanish, xonalarni tez-tez shamollatish, vitamin va oqsillarga boy ovqatlanish va dam olishni toʻgʻri tashkil qilish, shuningdek, surunkali kasalliklari bor insonlar shifokorlar nazoratida doimiy davolanishni davom ettirishlari kerak boʻladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?