Profilaktika tadbirlari natijasida oʻn mingdan ortiq holatda suvning isrof boʻlishi oldi olindi

00:32 16 Iyul 2022 Iqtisodiyot
709 0

Foto: “Oʻzagroinspeksiya”ning Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi

Qishloq xoʻjaligida suv tanqisligini oldini olish va suv isteʼmolchilari orasidagi munosabatlarni tartibga solish boʻyicha belgilangan chora-tadbirlar yuzasidan qabul qilingan Prezident va Hukumat qarorlari ijrosini taʼminlash maqsadida, “Oʻzagroinspeksiya” tomonidan suvdan foydalanish va suv isteʼmoli tartibiga, shuningdek, suv olish limitlariga qatʼiy rioya etilishi boʻyicha tizimli nazorat oʻtkazilib kelinmoqda.

Xususan, 2022-yil vegetatsiya davrida qishloq xoʻjaligi ekinlarini sugʻorish maqsadlari uchun ajratilgan 28,2 mlrd m3 suv olish limitlari doirasida foydalanilishi nazoratga olindi.

“Oʻzagroinspeksiya”ning Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi boshligʻi Xolida Shadiyevaning maʼlum qilishicha, inspeksiya tomonidan suvdan oqilona va samarali foydalanish hamda suv isteʼmoli qoidalariga rioya etilishiga oid qonunbuzilish holatlarini erta oldini olish maqsadida joylarda 12.430 ta profilaktika tadbirlari oʻtkazilib, unda 24 954 nafar fermer xoʻjaliklari va klaster tashkilotlari xodimlari ishtiroki taʼminlangan.

Oʻtkazilgan profilaktika tadbirlarida aniq koʻrsatmalar va amaliy choralar koʻrib borilishi natijasida 10 mingdan ortiq holatda qishloq xoʻjaligi ekinlarini sugʻorishda suvni isrof boʻlishi oldi olingan boʻlsa, 2423 ta holatda suv tejovchi texnologiyalar oʻrnatilgan maydonlarda mazkur texnologiyadan foydalanmasdan, qishloq xoʻjaligi ekinlarini anʼanaviy sugʻorishga yoʻl qoʻyilishi oldi olinishiga erishildi.

Bundan tashqari, Inspeksiya xodimlarining amaliy yordami bilan 835 ta holatda suvdan foydalanuvchi va suv isteʼmolchilari oʻrtasidagi nizoli holatlar bartaraf etildi, 1107 ta holatda suv taʼminoti ogʻir boʻlgan suv isteʼmolchilariga suv yetkazib berishda koʻmaklashildi, 142 ta joyda oʻquv seminarlari tashkil qilindi hamda 598 ta holatda amaldagi qonun hujjatlari va ularga kiritilgan oʻzgartirishlarni tushuntirish, ularning talablari buzilishining oldini olishga qaratilgan uslubiy va tavsiyaviy yordamlar koʻrsatildi. Buning natijasida esa, suv isteʼmolchilarining suvdan foydalanish madaniyati darajasi yuksalib, sugʻorish uchun ajratilgan suv resurslaridan oqilona va tejab foydalanish taʼminlanmoqda.

Bugungi kunda, “Oʻzagroinspeksiya” va uning hududiy boshqarmalari hamda tumanlar boʻlimlari tomonidan joylarda suv resurslaridan oqilona va samarali foydalanish, suvdan foydalanish va suv isteʼmoli tartibiga qatʼiy rioya etilishi ustidan tizimli nazorat oʻrnatilgan boʻlib, nazorat tadbirlari davom ettirilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?