Professional gid, eng avvalo, vatanparvar askar va mahoratli aktyor bo’lishi kerak
Bugungi kunda turizm nafaqat jahon iqtisodiyotining etakchi tarmoqlaridan biri, balki mamlakatlarning ijtimoiy barqarorligini ta’minlash, xalqaro maydondagi ma’naviy-madaniy qiyofasini shakllantirishning eng asosiy vositasi ham hisoblanadi.
Binobarin, mamlakatimizda keyingi paytda mazkur sohani tubdan isloh qilishga bo’lgan e’tibor mutlaqo o’zgardi.
Turizm tarmoqlarining huquqiy-tashkiliy asoslari, institutsional mezonlari, infratuzilmalari, ichki va tashqi qiyofalarini zamon talablari asosida takomillashtirish maqsadida qator hujjatlar qabul qilinib, amaliy tashabbuslar hayotga tatbiq etilayapti. Bularning bari soha rivojiga xizmat qilishi muqarrar. Shu bilan birga, bu yo’nalishda hamon uchrayotgan kamchiliklar haqidagi mulohazalar, ularning echimiga qaratilgan takliflarimiz borki, bu boshqalarni ham befarq qoldirmaydi degan umiddamiz.
Aslida, Frantsiyani Eyfel minorasi yoki Luvr muzeyi, Italiyani Kolizeyi va Venetsiyasi, Xitoyni Buyuk Chin devori, Misrni ehromlar emas, balki ushbu davlatlarda sayohlik sohasidagi o’ta kuchli va oqilona siyosat sharofati bilan yaratilgan o’ta samarali targ’ibot-tashviqot hamda reklama ishlari, xalqaro ko’rgazmalar, yarmarkalar, har tomonlama qulay moddiy-texnik baza va malakali kadrlarga ega infratuzilma mashhur qildi, desak yanglishmaymiz. Yurtimizda ham yaqin o’tgan davr ichida qator yangilanishlar ro’y berdi. Ziyoratgohlar, muqaddas qadamjolar tiklanib, qayta ta’mirlanmoqda. Ulug’ ajdodlarimiz nomlari abadiylashtirilayapti. Valyuta bozorini liberallashtirish, havo va temir yo’llar chiptalarini arzonlashtirish, xalqaro aeroportlarimizga “yashil yo’lak” tizimini kiritish, turoperatorlarga katta imtiyoz va preferentsiyalar berish bo’yicha sa’y-harakatlar izchil olib borilayotir. Bularning barchasi xorijlik sayyohlarda O’zbekistonga kelish ishtiyoqini oshirayapti, ularda diyorimiz haqidagi ijobiy tushunchalarning ko’payishiga zamin yaratmoqda.
Prezidentimizning 7 fevraldagi “Ichki turizmni jadal rivojlantirishni ta’minlash chora-tadbirlari to’g’risida”gi qarori ana shu ezgu maqsadga yo’naltirilgani bilan nihoyatda dolzarbdir. Zero, unda kun tartibida turgan qator yangiliklar joriy etilishi belgilab qo’yildi. Jumladan, viza rejimi bosqichma-bosqich isloh etiladi. Yaqindan boshlab Isroiol, Indoneziya, Janubiy Koreya, Malayziya, Singapur, Turkiya va Yaponiya davlatlari fuqarolari uchun viza olish bekor qilindi, 39 davlatdan keladigan mehmonlar uchun uni rasmiylashtirish tartib-taomillari soddalashtirildi. Bulardan nafaqat olim, balki shu yurt farzandi sifatida faxrlanaman. Biroq hali ishga solinmagan salohiyat mavjud va uni to’liq yuzaga chiqarish yo’lida muayyan kamchiliklar hamon uchrab turibdi. Ulardan esa aslo ko’z yumib bo’lmaydi.
Tan olish kerak, ayni paytda turizm jabhasining jadal rivojlanishida gidlarning saviyasi va o’z ishiga mas’uliyat bilan yondashishi, madaniy dargohlardagi ozodalik, yo’l bo’yi sayyohlik infratuzilmalari hamda yangi muzeylar ochish muhim ahamiyatga ega. Afsuski, yurtimizda mazkur yo’nalishlarda qator muammolar yig’ilib qolgan.
Gidlar haqida so’z borar ekan, bir voqea yodimga tushadi. Sankt-Peterburg shahrida o’qiganman. Bilasiz, bu joy muzeylari bilan juda mashhur. O’tgan asrning 80-yillari edi. O’shanda Ermitajga Leonardo da Vinchi mo’yqalamiga mansub “Mona Liza” portreti olib kelinishi haqida gazetalar, televidenie va radioda muntazam reklamalar berildi. Ishonasizmi-yo’qmi, uni ko’rish uchun adog’i yo’q navbatlar paydo bo’lgandi. Kechasi uxlamasdan biz ham o’z galimizni kutganmiz. Ertalabga yaqin chipta olishga muvaffaq bo’ldik. Muzeyga kirib, o’sha asarni tomosha qildik. U bir qarashda bunaqa bedorlikka arzimasdek tuyuldi. Lekin o’sha paytda gidning yoqimli va eng muhimi chin dildan, yuksak mahorat va did bilan ushbu suratdagi siymo haqida so’zlashi barchamizni hayratlantirgandi.
“Mana u — siz bilgan, ammo yaqindan ko’rmagan o’sha mashhur Mona Liza. Rassom uni ijtimoiy-siyosiy ahvol nihoyatda murakkab bo’lgan XVI asr boshida yaratgan. U — shu davrdagi soxtakorliklar, odamlarning bir-biriga nisbatan kirdikorlari, oqsuyaklari orasidagi o’ta yasama muhit ustidan miyig’ida kulib turgan dono ayol. U — o’z farzandiga “Hech narsadan qo’rqma, bolam, men sen bilanman. Faqat olg’a, jigarim” deb turgan munisa ona. U — o’z aka-ukasiga mehr bilan termulib turgan opa va singil timsoli. U — o’z turmush o’rtog’iga cheksiz muhabbat bilan qarayotgan yor. U — o’z nevaralarini sog’inib, erkalagisi kelayotgan momo...”
O’shanda ko’zimda yosh xalqalangandi. Sababi, gidning so’zlari yoshligimda baxtsiz voqea tufayli dunyodan erta ko’z yumgan singlimni yodimga soldi. Mendan uzoqda, O’zbekistonda meni sog’inib, ammo o’qishim va ishimga doimo rivoj tilab duo qilayotgan onamning mushtipar chehrasi ko’z o’ngimda gavdalandi. Atrofga boqdim. Bunday ahvolga tushgan bir men emas edim. Katta yoshli erkaklar, hassa tutgan chollar yig’layapti. Kimdir urush payti yo’qotgan hamshira safdoshi, sevgilisi, kimdir ayrilgan kampiri yoki yaqinlarini eslab yig’layapti. Ana gidning mahorati, professionalizmi qaerda!? Eng asosiysi, o’z kasbini suygan, mana shunday unutilmas tasavvur bera oladigan mutaxassisgina haqiqiy professional hisoblanadi.
Uzoq yillardan beri xorijlik do’stlarimiz kelsa, ularni Samarqand, Buxoro, Xiva, Shahrisabzdagi tarixiy qadamjolarga olib boramiz. Registon maydoni ansamblini aylanamiz. Go’ri Amir, Ulug’bek rasadxonasiga kiramiz. Yonimizda esa albatta gid bo’ladi. Afsuslanarlisi, ularning aksariyati boshqa ajdodlarimizni bir chekkaga qo’ya turaylik, buyuk Sohibqiron haqida bor-yo’g’i besh-o’n daqiqa gapiradi, xolos. Ma’lumotlar ham o’ta rasmiy, sayoz va quruq. Savollarga ham yuzaki javob qaytarishadi. So’zlarda na ehtiros, na vatanparvarlik va na chuqur hurmat alomatlari bor. Amir Temurning ulkan jasoratlari, oz sonli qo’shin bilan o’zidan o’n barobar ko’p armiyani mag’lubiyatga uchratgan haqida deyarli to’xtalmaydi. Aslida bular haqida berilib, ulkan g’urur bilan so’zlash, sayyohlarni hayratga solish kerak emasmi?
Mirzo Ulug’bek rasadxonasiga borsak ham, shu ahvol. Gidlar tomonidan yodlab olingan matn xuddi robotlardek, behis va mexanik tarzda takrorlangani-takrorlangan. Eng achinarlisi, ular ushbu bobomiz qoldirgan ulkan ilmiy salohiyatdan ko’ra u qanday o’ldirilgani, kechirasizu, boshi qaeridan kesilganigacha gapirib beradi. Mirzo Ulug’bekning bunday mash’um taqdiri haqida eshitgan turistlar nima deb o’ylaydi? Boz ustiga, Ulug’bek qolib rasadxona joylashgan hududni topgan arxeolog V. L. Vyatkin haqida ko’proq so’zlab berishadi. Buning o’rniga uning ilm-fanga ko’rsatgan homiyligi, yaratgan asarlari, kashf qilgan yulduzlari, u o’sha paytdayoq nafaqat Osiyo, balki Evropada ham etuk olim sifatida tan olingani, hozir uning nomini abadiylashtirish, ilmiy merosini yosh avlodga etkazish bo’yicha olib borilayotgan xayrli ishlar xususida fakt hamda hujjatlarga asoslanib ma’lumot berilsa, ayni muddao emasmi? Afsus, sayoz fikrli, o’z ishiga mas’uliyatsiz, nomiga ishlaydigan, moddiy manfaatni ma’naviyatdan ustun qo’yadigan gidlar juda ko’p. Shulardan kelib chiqib aytish lozimki, gidlik nihoyatda mas’uliyatli, yuksak martaba. U mahoratli aktyor, professional tarixchi va tarjimon, eng asosiysi, haqiqiy vatanparvar bo’lishi kerak.
Binobarin, yurtimizda gidlar tayyorlash standartlarini mutlaqo qayta ko’rib chiqish kerak. Ularga beriladigan ta’lim sifatini keskin oshirish lozim. Zarur bo’lsa, gidlar markazi ochib, bunday mutaxassislarni imtihon asosida ishga qabul qilish, ular o’rtasida muntazam musobaqalar o’tkazib turish ham foydadan xoli emas. Davlat esa qalbida vatanga mehr-muhabbat, ulug’ ajdodlariga chuqur ehtirom jo’sh urgan gid-mutaxassisllarni nafaqat moddiy jihatdan, balki ma’nan doimo qo’llab-quvvatlashi shubhasiz.
Yana bir masala muzeylardagi orastalik, yo’l bo’yidagi infratuzilmalar bilan bog’liq. Buni ham ochiq aytmasak bo’lmaydi. Shu kabi ba’zi madaniyat dargohlariga sayyohlarni olib borganda, u erdagi yoqimsiz manzaralarni ko’rib to’g’risi uyalib ketasan kishi. Birida burchakka suprundisini yig’ib qo’ygan bo’ladi. Boshqasining shiftlarda o’rgimchak to’rlariga ko’zingiz tushadi. Buni mehmonlar ko’rib, nima deb o’ylaydi? Axir, tozalik, ozodalik yuksak madaniyat va ma’naviyat belgisi sifatida nafaqat muzeylar, balki u joylashgan shaharning ham yuz-ko’zi hisoblanmaydimi?
Keyin yo’l bo’yidagi turizm infratuzilma ob’ektlari bilan bog’liq kamchiliklar ham ko’p. Ixcham motellar, kafe va oshxonalar, guzarlardan tortib oddiygina sanuzel tarmoqlari va ulardagi sanitariya-gigiena holatlari... Bu boradagi ayrim aytish uyat bo’lgan holatlar tufayli bir haftalik sayohatini ikki-uch kun o’tar-o’tmas tugatib, uyiga qaytib ketib qolgan turistlar ham bor. Ushbu masalaga ham echim tez orada topilishidan nafaqat biz, balki turistlar ham manfaatdordir.
Qaniydi, barcha muzeylarimiz maktab o’quvchilari uchun bepul qilib qo’yilsa. Qaniydi ko’plab yoshlarimiz ota-onasi bergan pulini internet-kafega sarflamasdan, teatrga chipta olsa, yig’ib kitob olsa, o’qib-o’rgansa, kelajakda mutafakkir darajasiga ko’tarilib, ajdodlariga munosib avlod bo’lsa...
Zero, dunyodagi eng mashhur fanlarning ikkitasiga bizning millat vakillari nomi berilgan. Bunday xalq jahonda boshqa yo’q. Buyuk bobokalonlarimizdan Abu Ali ibn Sinoning Evropada tanilgan Avitsenna nomini meditsina atamasi paydo bo’lishi bilan bog’lashadi. Muhammad al-Xorazmiy algebra faniga va algoritmlashtirish nazariyasiga asos solgan. Qolaversa, Amerikani Beruniy kashf qilgan. Ahmad al Farg’oniy, Mirzo Ulug’bek va yana ko’plab olimlarimizning beqiyos kashfiyotlari-chi?... Yana bir dalil. Yaqinda dinozavrlarning asl vatani Amerika emas, balki aynan O’zbekiston ekanligi ham isbotlandi.
Nega yurtimizning shunday boy ilmiy tarixi, yangiliklari boru, lekin uni dunyoga ko’z-ko’z qila oladigan, tanishtira oladigan fan tarixi muzeyimiz yo’q. To’g’ri, poytaxtimizda O’zbekiston davlat san’at muzeyi, O’zbekiston tarixi davlat muzeyi, Temuriylar tarixi davlat muzeyi, O’zbekiston amaliy san’at muzeyi, O’zbekiston Respublikasi Qurolli kuchlari markaziy muzeyi, O’zbekiston tasviriy san’at galereyasi, O’zbek liboslari galereyasi kabi dargohlar bor. Tan olish kerak, ularga o’z ixtiyori bilan boradigan ziyoratchilar soni ham u qadar ko’p emas.
O’z navbatida yuqorida aytib o’tganimdek, hamyurtlarimiz va chet ellik mehmonlarga dunyo fanlari rivojiga ulkan hissa qo’shgan olimlarimiz, ularning tarixiy asarlari, kashfiyotlari, ixtirolarini bir erda jamlagan, mazkur ma’naviy-intellektual merosning bugungi va kelajak avlod oldidagi ulkan ahamiyati haqida batafsil ma’lumot taqdim eta oladigan zamonaviy hamda yaxlit maskan mavjud emas.
Vaholonki, dunyo tajribasida buning aksini ko’rish mumkin. Masalan, Xitoyda Shanxay fan va texnika tarixi muzeyi, Amerikadagi Nyu-York va Kolumbiya okrugi tabiiy fanlar tarixi muzeylari, Buyuk Britaniyadagi Oksford fan tarixi muzeyi, Frantsiyaning Tuluza shahridagi Kosmos shaharchasi, Italiyaning Milan shahridagi Leonardo da Vinchi nomidagi fan va texnologiyalar muzeyi, Germaniyaning Drezden shahridagi gigiena muzeyi, Ispaniyaning Valensiya shahridagi san’at va fan shaharchasi, Shveytsariiyadagi “Tecnhorama” ilmiy markazi, Shveytsariyadagi Albert Eynshteyn uy-muzeyi shular jumlasidandir. Ushbu davlatlar o’z ibn sinolari, al xorazmiylari, beruniylari bilan faxrlana olmasa-da, lekin ularning fan tarixi bilan bog’liq dargohlari nafaqat mahalliy aholi, ayniqsa, yosh avlodning sevimli maskani, balki har yili millionlab turistlar tashrif buyuradigan madaniy-ma’rifiy markazlar qatoridan mustahkam joy olgan. Bular haqida har yili internet, gazeta, jurnal, tele va radiokanallarda qiziqarli ma’lumotlar to’xtovsiz uzatiladi, jozibador aktsiyalar, tadbirlar o’tkaziladi. Hatto Gollivud kinoijodkorlari tomonidan Amerikadagi mashhur muzeylardan biri haqida har tomonlama qiziqarli va ommabop filmlar turkumi yaratilganki, u ham sayyohlar uchun o’ziga xos reklama vazifasini o’tadi.
Jahon tsivilizatsiyasiga eng buyuk fan darg’alarini etkazib bergan mamlakatimizda bunday imkoniyat yo’q deb o’ylaysizmi? Albatta, bor. Bor bo’lsa ham, ortig’i bilan yaratilgan. Madaniyat, sayyohlik borasida hozir taqdim etilayotgan imtiyozlar, qaratilayotgan katta e’tibor muzeychilikni ham chetlab o’tmasligi shubhasiz.
Endi bir tasavvur qiling-a. Milliy va ilg’or me’morchilik yutuqlarini o’zida ifodalagan nihoyatda ko’rkam va zamonaviy bino. Shundoqqina kiraverishda yurtimizda topilgan dinozavr qoldiqlarining namunaviy skeleti o’rnatilgan (Bu, ayniqsa, yosh avlod va xorijlik sayyohlarni o’ziga ohanraboday tortadi). Ichkariga kirib borishingiz bilan gumbazida o’rta asrlarda Ulug’bek kashf qilgan minglab yulduzlar tasviri tushirilgan va ular nur sochib turibdi Atrofda ajdodlarimiz portretlariga, byustlari, ilmiy qo’lyozmalariga ko’zingiz tushadi. Bir tomonda arxeologiya bo’yicha beqiyos boyliklarimiz, g’ordagi yozuvlar haqida tarixiy-tasviriy ma’lumotlar. Bir tomonda birinchi televizor maketi. Axir ushbu qurilma ilk bor O’zbekistonda yasalgan...
Agar mazkur tashabbus amalga oshsa, O’zbekistonda nafaqat hamyurtlarimiz, balki mehmonlar ham katta hayrat va hayajon bilan tomosha qiladigan, ma’naviy ozuqa oladigan, madaniy va estetik zavqlanadigan muntazam to’ldirib boriladigan bitmas-tuganmas xazina, yana bir beqiyos maskan paydo bo’ladi.
Bakriddin ZARIPOV,
akademik, biologiya fanlari doktori, professor
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Eron va Isroil oʻrtasidagi ziddiyatlar xronologiyasi yoxud bugungi “urush”ning ildizi qayerda?
- Oʻzbekiston Tashqi ishlar vazirligi Isroil–Eron mojarosi yuzasidan bayonot berdi
- “Air India” fojiasidagi tirik qolgan yagona yoʻlovchi hikoyasi
- “JCH-2026”ga Osiyodan toʻgʻridan-toʻgʻri yoʻllanmani qoʻlga kiritgan terma jamoalar maʼlum
- Shomurodovning koʻz yoshlari, Fayzullayevning raqsi va muxlislar hayqirigʻi — Mundial eshiklarini ochgan oʻyindan fotoreportaj
- Toshkent davlat tibbiyot universitetining “Bitiruvchi – 2025” tantanali marosimi boʻlib oʻtdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring