Prezidentlikka nomzod Bahrom Abduhalimov: Muhtasham «siti»larga ruju qoʻyish ekologik tanglikni kuchaytiradi

18:53 21 Sentyabr 2021 Siyosat
1131 0

Foto: adolat.uz

“Adolat” SDP Siyosiy Kengashi raisi, mazkur partiyadan Oʻzbekiston Prezidentligiga nomzod Bahrom Abduhalimov «siti»lar qurilishiga oʻzining keskin munosabat bildirdi:

Soʻz ustasi Hojiboy Tojiboyevning “Chang boʻlmasa, jang boʻlmasa, inson ming yil yashaydi” degan hazilomuz gapida jon bor ekan. Dunyo mutaxassislari tomonidan oʻlimga olib keluvchi holatlar tahlil etilganida ayon boʻldiki, insoniyatning halokatiga urush, ocharchilik, kasalliklardan ham koʻra ekologiyaning ifloslanishi koʻproq sabab boʻlar ekan. Oʻlimning asosiy aybdori sifatida aynan notoza atrof-muhit koʻrsatilmoqda. Buni boshqacha qilib zaharlanish, deb atasa ham boʻladi. Binobarin, buzuq ekologik muhit insonni zaharlab, xavfli kasalliklarga eshik ochishi tibbiy jihatdan isbotlangan.

Biroq, bu omil insoniyatning diqqat markaziga oʻrnashib ulgurmadi. Ekologiyaning ifloslanishi sabab oʻlimga yuz tutganlar soni OITS, bezgak, sil qurbonlaridan 3 barobar koʻpdir. Urushda halok boʻlganlar esa ekologik muammo bois vafot etganlardan 15-marta kam ekan. Hatto Yer yuzini titratgan koronavirus vabosi ham ekologik muammolar oldida holva. Notoza atrof-muhit kishi bilmas holda zararni singdirib ulguradi.

Shuningdek, havoning ifloslanishi natijasida baʼzi saraton kasalliklari kelib chiqishi aniqlangan. Jumladan, atrof-muhit va havoning tamaki tutuni, asbest, kvars, erituvchilar, dizel moyi chiqindisi, koʻmir mahsulotlari, boʻyoq yoki yogʻoch changlari bilan ifloslanishi, havoda radon gazining mavjudligi oʻsma kasalliklari rivojlanish xavfini oshirishi mumkin. Ichimlik suvining tarkibida koʻp miqdorda margimushning boʻlishi teri, qovuq va oʻpka saratonini rivojlantirishi aniqlangan.

Ekologik muammolar bolalar hayotini ham xavf ostida qoldiradi. Zararli ekologik muhit sababidan xromosomalarda norasolik vujudga kelgan boʻlsa, aqliy va jismoniy rivojlanishdan orqada, nogiron bolalar dunyoga keladi. Onkologik xastaliklarning sabablari koʻp, ammo unga asosan yomon ekologiya aybdordir. Qaysi hududda ekologik holat tang boʻlsa, oʻsha yerning bolalarida xavfli oʻsmalar koʻp kuzatiladi.

Ekologik nosozlik nafaqat onkologiya, balki boshqa kasalliklar, masalan allergik va infeksion dardlarga sababchidir. Mutaxassislarning yangi izlanishlariga koʻra, har uchinchi holatda toʻsatdan oʻlim sindromiga atrof-muhitning avtomobil gazlari bilan ifloslanishi sabab boʻlmoqda.

Havodagi changga qarshi qanday kurashish mumkin? Buning yoʻllari koʻp, masalan sunʼiy koʻllardan foydalanish. Undagi suv havoning namlik miqdorini moʻtadillashtirib, atmosferani tozalab turadi. Lekin yurtimizda suv havzalari koʻpaytirilishning oʻrniga ularni yoʻq qilishga harakat qilinayotgani taassufli holatdir. Bundan ancha yillar avval poytaxtdagi Oʻzbekiston davlat konservatoriyasi binosi oʻrnida katta koʻl boʻlardi, hozir undan asar yoʻq. Yaqinda Milliy bogʻdagi koʻl ham tag-tugi bilan yoʻq qilinib, oʻrniga allaqanday «siti» qaqqaytirib qoʻyildi. Gʻafur Gʻulom nomidagi istirohat bogʻi ham shunday rejalar changalida turibdi.

Amerika naturalisti Genri David Toro koʻllarga “Yerning koʻzi” deya taʼrif bergan. Afsuski, hozir bizda muhtasham «siti»larga ruju qoʻyilib, hayot va sogʻliq uchun foydali manbalardan voz kechilmoqda. Yurtimizda soha mutaxassislari yetarli boʻlishiga qaramay ularning hukumat qarorlari payti fikr bildirmay, qoʻl qovushtirib oʻtirishi taajjublanarli.

Suv resurslarini muhofaza qilish zarurligi soʻnggi oʻn yil mobaynida bir qator global va mintaqaviy muzokaralarda muhokama qilingan. Masalan, bu mavzu 1992-yilda Suv va atrof-muhit boʻyicha xalqaro konferensiyada (Dublin konferensiyasi) taqdim etilgan boʻlib, uning xulosalari Dublin tamoyillari deb atalgan.

Bu 1992-yilda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Atrof-muhit va barqaror rivojlanish konferensiyasi (“Yer sammiti”)da ham ushbu masala koʻtarilgan. 1999-yilda Butunjahon suv kengashi “Suvning umumiy koʻrinishi” deb nomlangan hujjatni ishlab chiqqan boʻlib, suv resurslaridan oqilona foydalanish boʻyicha asosiy koʻrsatmalar berildi.

2002-yilda Yoxannesburgda boʻlib oʻtgan Barqaror rivojlanish boʻyicha jahon sammitida suv XXI asrning global ustuvor yoʻnalishlaridan biri sifatida belgilangan. Ichimlik suvi – alohida katta mavzu, hozir soʻz yuritayotganimiz sunʼiy suv havzalari ham muhim masala boʻlib, jiddiy eʼtiborni talab qiladi.

Orol dengizi — Markaziy Osiyodagi yopiq havzada joylashgan katta koʻl. Sovet tuzumidagi notoʻgʻri siyosat — paxta dalalarini sugʻorishdagi xoʻjasizlarcha munosabat, yaʼni Orol dengiziga oqib tushayotgan daryolardan katta miqdordagi suvning burilishi tufayli suvning maydoni va hajmi sezilarli darajada kamaygan, oqibatda shoʻrlanish darajasi oshgan. Bu xatoning azobini haligacha tortyapmiz. Mamlakatimizda dengiz yoʻqligi bois Oʻzbekiston yod tanqisligiga uchragan hududlar roʻyxatida turadi, aholining katta qismi turli daraja va koʻrinishlardagi endokrin kasalliklar bilan yuribdi. 

Shunga oʻxshash xatolikka Xitoyda ham yoʻl qoʻyilgan. 1950-yili Xubey provinsiyasida guruch maydonlarini koʻl suvlari hisobidan melioratsiya qilish mamlakatdagi koʻllar sonini kamaytirib yubordi. Shuningdek, Uxan shahrida uylar qurish uchun yerlarni oʻzlashtirish koʻllarga va ularning suvlaridan foydalanishga katta taʼsir koʻrsatdi. Tarixda saboq chiqarishga undovchi voqealar koʻp. Fors shoiri Rudakiy aytganidek, “Kimda-kim hayotdan olmasa taʼlim, Unga oʻrgatolmas hech bir muallim”.

Oʻzbekiston Ekologik partiyasi “navnihol” siyosiy kuch boʻlishiga qaramay, ekologik muammolar hajman unga moslashmasligi tabiiy. Balki mazkur tashkilotning faoliyati atrof-muhitdagi vaziyatdan kelib chiqib, salmoq kasb etishi shart.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?