Prezidentlikka nomzod Bahrom Abduhalimov: Kvotadan voz kechish — kontrakt narxini tushirishning maqbul yoʻli emasmi?

19:02 14 Sentyabr 2021 Jamiyat
516 0

Foto: “Xalq soʻzi”

“Adolat” SDP Siyosiy Kengashi raisi, mazkur partiyadan Oʻzbekiston Prezidentligiga nomzod Bahrom Abduhalimov oliy taʼlim muassasalaridagi toʻlov-kontrakt narxlarini balandligi borasida oʻz fikrlarini bildirib oʻtdi:

Test natijalariga koʻra oliy oʻquv yurtiga qabul qilingan yoshlar va ularning ota-onalari quvonchdan sarmast ekanliklari tabiiy. Ammo talabaga aylanganlar ichra toʻlov-shartnoma asosida qabul qilinganlar davlat byudjeti hisobidan oʻqiydiganlardan koʻra ancha koʻp. Oliy taʼlimga oʻrinlar oshirilganiga qaramay byudjet oʻrinlari hamon cheklangan.

Biz kontrakt pullarini baland qoʻyib, yosh avlodning oʻqishi uchun qiyinchilik tugʻdirsak, talaba ota-onasining puliga bir amallab oʻqishni bitirib olar. Ammo, uning oʻqishiga ketgan pullar kimning nasibasidan kesiladi? Voyaga yetmagan ukalarining... Hamma ham birdek toparman-tutarman emas. Bor-budini sotib, oliy taʼlim olishga intilgan farzandi uchun bergan ota-ona norasidalariga nima yedirib, nima ichiradi?

Nega bugun hukumat, tegishli vazirlik va idoralar bu masala bilan qiziqmaydi? Nega, odamlarning, ayniqsa, yoshlarning ovoziga quloq solmaydi? Talabadan olinayotgan pullar xarajatining ochiqligi, shaffofligi, hisobdorligi nega taʼminlanmaydi? Vaqt oʻtyapti. Odamlar intizorlik bilan kontrakt toʻlovlari yengillashishini kutyapti. Ammo, natijadan darak yoʻq...

Kontrakt masalasi nafaqat ilk bor talaba boʻlganlar, balki barcha bosqichdagilarni oʻylantiradi. Shu oyning 15-sentyabriga qadar shartnoma pulini toʻlash zarurati, aks holda talabalar safidan chiqarilish ehtimoli talaba ahli va ularning oilalari uchun ogʻriqli masalaligicha qolaveradi.

Kuni kecha Oʻzbekiston OTMlarining 2021/2022-oʻquv yili uchun toʻlov-kontrakt puli miqdorlari belgilandi. Toʻlov miqdori taʼlim sohasi va yoʻnalishlariga qarab farqlanadi.

2021-yil 1-sentyabrdan boshlab mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdori – oyiga 822 000 soʻm boʻlsa, 2021-yil 1-sentyabrdan boshlab bazaviy stipendiya miqdori oyiga 517 880 soʻmni tashkil qilyapti.

Maʼlumki, talabalarga stipendiya olmagan taqdirda kontrakt narxining tushirish imkoniyati berilgan. Bu ham ularga yaratilgan bir qulaylik, albatta. Oʻrta hisobda bakalavrlar uchun kontraktning stipendiyali toʻlov miqdori 2020-2021 oʻquv yili uchun 13 306 000 soʻm (misol uchun, jahon siyosati yoʻnalishi – 16 023 820, sanʼat – 13 985 830, transport – 12 627 170); stipendiyasiz toʻlov miqdori 7 771 270 soʻm (misol uchun, huquq yoʻnalishi – 9 809 260, arxitektura va qurilish – 7 091 940, gumanitar fanlar – 6 412 610)ni tashkil etadi.

Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi Axborot xizmati xabarida “Oʻzbekiston Respublikasi taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish boʻyicha Davlat komissiyasining 6-son bayoni bilan pandemiya sharoitida respublika aholisining toʻlov qobiliyati pasayganligini hisobga olib, farzandi toʻlov-kontrakt asosida oʻqiydigan oilalarga yengillik yaratish va ularni qoʻllab-quvvatlash maqsadida, istisno tariqasida, 2021/2022-oʻquv yili uchun respublika oliy taʼlim muassasalarida bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari (magistratura mutaxassisliklari) boʻyicha bitta talabani toʻlov-kontrakt shaklida bir yillik oʻqitish qiymati miqdorlari tasdiqlandi” deb taʼkidlangan.

Ammo, koʻrib turganingizdek, kamaytirilib belgilangan summa ham ozmuncha miqdor emas. Ayniqsa kamxarj xonadonlar, ehtiyojmand insonlar, yolgʻiz onalar, faqat erkak kishi ishlaydigan oilalar uchun bir yilda shuncha pulni topish oson emas. Talaba boʻlgach kontrakt pulini toʻlolmasdan oliy oʻquv yurtidan hujjatini qaytib olayotganlar koʻzidagi tirqirab oqayotgan yoshchi? Ha, ayrim yoshlar moliyaviy muammo sabab ilm olish imkoniyatidan mosuvo boʻladi. Yoki kimdir shartnoma puli uchun uch-toʻrt soʻm topaman deb oʻzini ishga uradi (tanlagan va taʼlim olayotgan sohasi boʻyicha mehnat boʻlsa mayli edi, yaxshiroq daromadni koʻzlab qora ishlarni qilishga majbur boʻladi), bu esa toʻlaqonli hamda sifatli taʼlim olishiga putur yetkazadi.

Kontrakt narxini tushirishga taklif berishdan avval u nimalarga asosan belgilanishini koʻrib chiqish lozim. Oʻrnatilgan tartiblarga koʻra, kontrakt summasi 2 asosiy omil – oliy taʼlim muassasasining moddiy-texnik bazasi xarajatlari hamda professor-oʻqituvchilarning oylik maoshlariga  yoʻnaltiriladi.

Oliy taʼlim muassasasining moddiy-texnik bazasi xarajatlari deyarli oʻzgarishsiz, yaʼni: isitish, taʼmirlash, tozalash, qoʻriqlash, obodonlashtirish 100 talabaga ham, 300 talabaga ham bir. Faqat elektr taʼminoti qishda yoritish va jazirama yoz davrida konditsioner ishlatishda ortishi mumkin. Guruhlar sonidan kelib chiqib esa professor-oʻqituvchilarning shtatini va darslar uchun “stavka”larini oshirish lozim boʻladi.

Shundan kelib chiqib aytish mumkinki, oliy taʼlimdan kvotalar yoʻqotilsa, yaʼni, past ball toʻplaganlar ham toʻlov-shartnoma asosida talabalikka qabul qilinsalar, yuqoridagi xarajatlarni koʻtaruvchi manbalar ortadi va kontrakt narxi oʻz-oʻzidan pasayadi. Oddiy qilib aytganda, auditoriyalarda oʻqish uchun yaratiladigan sharoitlar uchun xarajatlar deyarli oʻzgarmagan holda, biror fandan dars beruvchi professorning yoki oʻqituvchining dars bergani uchun maoshi talabalar guruhlarining soni ortishiga qarab oʻzgaradi (ortadi). Bu xarajatlar umumlashtirilib kontrakt toʻlovining miqdori aniqlanadi va bu miqdor, tabiiyki, guruhlar soni ortishiga qarab kamayib boradi.

Xullas, bu muammoning yechimi bor. Buning uchun, kvotalarni olib tashlash va kelgusida oliy taʼlim muassasasiga kirishni yengil va uni bitirishni yaxshi va aʼlo baholar bilan oʻqishiga bogʻlash kerak. Shunda oʻqishga kirgan talaba oʻz ustida ishlaydi, kursdan kursga oʻtolmay qolib ketmaslik uchun harakat qiladi va yaxshi oʻqimasa diplom ololmasligini his qilib, oʻqishga masʼuliyat bilan yondashadi.

Yana bir masala. Oliy taʼlim muassasalarining kunduzgi taʼlim shaklida tahsil olib (bakalavriat va magistratura), 2021-yil 1-noyabrga qadar koronavirus infeksiyasiga qarshi emlangan (vaksina olgan) talabalarga 2021/2022-oʻquv yili uchun belgilangan stipendiyasiz bazaviy toʻlov-kontrakt miqdorlariga 10 foiz chegirma berilishi belgilandi. Bu koʻplab talabalar tomonidan iliq qarshi olinib, ularni sogʻliqlariga eʼtiborli boʻlishga ham undadi. Lekin hamon Oliy taʼlim vazirligi bu boʻyicha biror hujjat qabul qilib, masalani mufassal aniqlashtirganicha yoʻq. Aniq maʼlumotlar kim tomonidan va qachon berilishi haqida ham sukunat hukm surmoqda.

Mavzuga doir savollar koʻp. Masalan, vaksina chegirmasi faqat kontraktga tegishlimi yoki super-kontraktga hammi? Ilk bosqichda emlanganlik haqida maʼlumotnoma ham chegirmadan foydalanishga asos boʻladimi yoki bu faqat toʻliq emlanib sertifikatni qoʻlga kiritganlarga taalluqlimi? Toʻlovlarni boʻlib toʻlash imkoniyati yaratilgan ekan, chegirma toʻlovlar orasida teng taqsimlandimi yoki biror toʻlov davrida chegirmaning butun miqdoridan foydalansa boʻladimi?

Albatta, dolzarb masalalar pishiq-puxta chora-tadbirlarga ega boʻlishi shart. Va hukumat bu muammoning yechimini tezda topishi lozim. Oʻshandagina taʼlim toʻlovlari adolatdan boʻladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?