Prezident jamoat transportida yurib, xizmat sifatini koʻrdi

20:08 01 Iyun 2023 Siyosat
1016 0

Prezident Shavkat Mirziyoyev 26-may kuni “Toshshahartransxizmat” aksiyadorlik jamiyati tizimidagi 7-avtobus saroyini borib koʻrdi.

Aholining kundalik hayotiga daxldor har bir masala davlatimizning eʼtiborida. Xususan, jamoat transporti tizimi oʻsib borayotgan talabdan kelib chiqib rivojlantirilmoqda.

Soʻnggi yillarda Toshkent shahri ham eniga, ham boʻyiga oʻsdi. Muqim aholi, vaqtincha yashovchilar, turistlar, talabalar soni oshdi. Ilgari shaharda kuniga 800-900 ming yoʻlovchi jamoat transportidan foydalangan boʻlsa, hozirda bu koʻrsatkich 1 million 300 mingdan oshgan. Shu bois avtobuslar yetishmasligi, kutish vaqti koʻpligi kabi muammolar yuzaga kelgan edi.

Davlatimiz rahbari oʻtgan yil 13-dekabr kuni poytaxtmizdagi 18-avtobus saroyida boʻlib, bu ahvolni oʻzi koʻrgan, yangi avtobuslar olib kelish va yoʻlovchilarga qulayliklarni oshirish boʻyicha topshiriqlar bergan edi. Shundan kelib chiqib, joriy yil 16-fevralda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Jamoat transporti tizimini isloh qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi. Bu galgi tashrif chogʻida Shavkat Mirziyoyev sohadagi vazifalar ijrosi bilan tanishdi.

Aprel-may oylarida Toshkent shahriga 755 ta zamonaviy avtobus olib kelinib, yoʻlovchilari eng koʻp yoʻnalishlarga qoʻyilgan. Natijada avtobuslarning kunlik soni 1 ming 400 taga yetgan, 9 ta qoʻshimcha yoʻnalish ochilgan. Yaqin kunlarda yana 245 ta avtobus keltiriladi.

Jumladan, 7-avtobus saroyi shu paytgacha 18 ta yoʻnalishda kuniga 90 ming yoʻlovchiga xizmat koʻrsatar edi. Yaqinda uning parki 67 ta yangi transport bilan boyidi. Tabiiyki, yoʻlovchi tashish quvvati oshib, avtobuslarning oraliq vaqti qisqardi.

Mutasaddilar Toshkent shahrining yangilangan Transport bosh rejasi boʻyicha ham axborot berdi. Qayd etilganidek, u shaharning kengayishi va yoʻlovchilar oqimi tahlili asosida, 167 ta yoʻnalishdan iborat tarzda ishlab chiqilgan. Shundan 17 tasida kunlik reja belgilash tartibi bekor qilinib, bosib oʻtilgan masofaga qarab hisob-kitob tizimiga oʻtilgan. Iyun-iyul oylarida qolgan 150 ta yoʻnalish ham tender savdolari orqali shunday tizimga oʻtkaziladi. Natijada qatnovlar muntazamligi taʼminlanadi, xizmat sifati oshadi.

Bunda haydovchilarning malakasi ham juda muhim. Shu bois Transport universiteti va boshqa oʻquv markazlarida haydovchilikka oʻqitish hamda qayta tayyorlash yoʻlga qoʻyilgan. Avtobus haydovchilarining oylik maoshlari ikki barobar oshirilib, yil boshidan beri mingdan ziyod haydovchi ishga qabul qilingan.

Davlatimiz rahbari avtobuslarga sifatli servisni yoʻlga qoʻyish muhimligini taʼkidladi. Yoʻlkira toʻlovi tizimini tartibga solish, harakat nazoratini raqamlashtirish, bekatlarda sharoitlarni yaxshilash boʻyicha koʻrsatmalar berdi.

- Yangi avtobuslar, albatta, xalqimizga qoʻshimcha sharoit yaratdi, - dedi Shavkat Mirziyoyev. - Endigi vazifa yoʻllarda tirbandlikni kamaytirib, avtobuslarning erkin harakatini taʼminlash. Pirovard maqsad - Toshkentda jamoat transporti qamrovini 2 million yoʻlovchiga yetkazish.

Prezident avtobusga oʻtirib, oddiy yoʻlovchilar bilan birga yoʻnalish boʻylab yurib koʻrdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?