Shavkat Mirziyoyev mehnat taʼtilidan qaytdi. Davlat rahbari Jizzaxda

15:08 11 Yanvar 2021 Siyosat
435 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 11-yanvar kuni Jizzax viloyatiga keldi.

Davlatimiz rahbari dastlab Markaziy harbiy okrugning artilleriya brigadasini borib koʻrdi.

Mazkur harbiy qismda katta hajmdagi qurilish va taʼmirlash ishlari amalga oshirilib, barcha zamonaviy qulayliklar yaratilgan. Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qoʻmondoni Shavkat Mirziyoyev ushbu sharoitlarni koʻzdan kechirdi.

- Asosiy maqsadimiz - xalq bilan armiya birdamligi. Harbiy qismlar eshiklari el uchun ochiq boʻlishi kerak. Milliy armiyamizning nuri, maʼnaviyati hammaga yetib borishi zarur. Yoshlarni bu yerga olib kelib koʻrsatish, oʻrgatish kerak. Bu ularni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, mamlakatimiz tarixi va qudrati haqida bilimlarini boyitishga xizmat qiladi. Bundan ota-onalar ham xursand boʻladi, - dedi Prezident.

Oʻquv binosi eng ilgʻor harbiy tayyorgarlik talablariga mos jihozlangan. Oʻquv trenajyorlari jangovar vaziyatga maksimal yaqinlashtirilgan.

Davlatimiz rahbari askarlarning oʻquv-mashgʻulotlarini koʻzdan kechirdi. Harbiy bilim va koʻnikmalarni maktab davridanoq toʻgʻri yoʻlga qoʻyish, harbiy bilim yurtlari bilan harbiy okruglar oʻrtasidagi aloqani kuchaytirish muhimligi taʼkidlandi.

Mutasaddilarga bugun dunyoda kuzatilayotgan xavf-xatarlardan kelib chiqib, jangovar tayyorgarlikni yangi pogʻonaga koʻtarish, xorij tajribasini oʻrganish, eng ilgʻor axborot texnologiyalarini oʻzlashtirish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.

Yotoqxonalarda harbiy xizmatchilarning yashashi, dam olishi, vaqtini mazmunli oʻtkazib, bilimlarini mustahkamlashi uchun barcha qulayliklar bor.

Harbiy qism oshxonasiga xizmat koʻrsatish boʻyicha autsorsing tizimi joriy qilingan. Bu askarlarning hamma vaqti va kuch-gʻayratini professional tayyorgarlikka qaratish imkonini bermoqda.

Shavkat Mirziyoyev harbiy qismdagi tibbiyot punktini kirib koʻrdi. Bu yerda harbiy xizmatchilar va ularning oila aʼzolariga malakali xizmat koʻrsatilmoqda. Prezidentimiz ushbu punktdagi uskuna va kadrlar salohiyatidan foydalanib, harbiy qism yaqinidagi Olmachi mahallasi aholisini tibbiy koʻrikdan oʻtkazish, xalq salomatligini mustahkamlashga hissa qoʻshish zarurligini taʼkidladi. Shuningdek, Mudofaa vazirligining zaxirasi sifatida har biri 500 oʻrinlik ikkita mobil gospital tashkil etish boʻyicha topshiriq berildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?