Prezident Toshkentda yangi shaharcha qurilishini maʼlum qildi

16:37 31 Avgust 2021 Jamiyat
953 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Yangi Oʻzbekiston” bogʻi va Mustaqillik monumenti ochilishiga bagʻishlangan tantanali marosimdagi nutqi eʼlon qilindi.

«Bugun barchamiz, koʻpmillatli butun xalqimiz jonajon Vatanimiz mustaqilligining oʻttiz yillik qutlugʻ bayramining quvonchi va shukuhi bilan yashamoqdamiz.

Azal-azaldan obod shahar va qishloqlar, bogʻu rogʻlar, betakror madaniy obidalar bunyodkori sifatida shuhrat qozongan mehnatkash va olijanob xalqimiz pandemiya va global iqtisodiy inqiroz taʼsiriga qaramasdan, ushbu tarixiy sanani munosib mehnat zafarlari, ulkan yutuq va gʻalabalar bilan kutib olmoqda.

Mamlakatimizning barcha hududlarida yangi-yangi korxonalar, zamonaviy uy-joylar, ilm-fan, taʼlim, tibbiyot, madaniyat va sport maskanlari, ravon yoʻl va koʻpriklar, bogʻ va xiyobonlar barpo etilmoqda.

Xalqimiz farovonligini yuksaltirish, hayot darajasi va sifatini yanada yaxshilashga qaratilgan oʻnlab yirik loyihalar, ijtimoiy dasturlar amalga oshirilmoqda.

Ayni daqiqalarda barchamiz yana bir tarixiy voqea, yaʼni istiqlolimizning shonli sanasiga bagʻishlab bunyod etilgan “Yangi Oʻzbekiston” bogʻi va Mustaqillik monumentining tantanali ochilish marosimiga toʻplanib turibmiz.

Yodingizda boʻlsa, biz may oyida keng jamoatchilik bilan birga yaxshi niyat bilan bogʻ hududida dastlabki nihollarni ekib, majmuaga tamal toshi qoʻygan edik.

Bugun ezgu orzu-intilishlarimiz ijobat boʻlib, qisqa muddatda xalqimiz, bunyodkor vatandoshlarimizning azmu shijoati bilan mana shu ulkan maydonda muazzam bogʻ va yodgorlik kompleksini barpo etishga erishdik.

Biz tarixchi olimlar, ijodkor ziyolilar, nuroniylar va yoshlarimiz bilan maslahatlashib, “Yangi Oʻzbekiston” majmuasining gʻoyaviy va meʼmoriy yechimlariga alohida eʼtibor qaratdik.

Agar yuqoridan nazar tashlasangiz, bogʻning shakli ulkan daraxtning beshta shoxiga oʻxshaydi. Bu esa, Harakatlar strategiyasining beshta ustuvor yoʻnalishini ramziy maʼnoda ifoda etadi.

Bu goʻzal bogʻda poytaxtimiz aholisi, Toshkent viloyati va barcha hududlarimizdan, xorijdan keladigan mehmonlar yayrab dam olishi, oilasi, farzandlari bilan birga mazmunli hordiq chiqarishi uchun barcha zamonaviy sharoitlar yaratilmoqda.

Bu yerda sunʼiy koʻl, sport maydonchalari, bolalar oʻyingohlari, amfiteatr, favvoralar, savdo va xizmat koʻrsatish obyektlari, hunarmandchilik doʻkonlari barpo etildi va etilmoqda.

Majmua hududidagi manzarali noyob daraxtlar, gul-chechaklar odamning bahri dilini ochadi, barchamizni tabiat bilan oshno boʻlib, uygʻun boʻlib yashashga daʼvat etadi.

Majmua yonida eng ilgʻor texnologiyalar va zamonaviy andozalar asosida Olimpiya shaharchasi bunyod etiladi. Bu yerda 2025-yili mamlakatimiz mezbonlik qiladigan Yoshlar oʻrtasidagi Osiyo oʻyinlarining asosiy musobaqalari oʻtkaziladi.

Bundan tashqari, ushbu hududda zamonaviy oliy taʼlim muassasasi, tibbiyot klinikalari, xalqaro koʻrgazma markazlari va boshqa obyektlardan iborat butun bir yangi shaharcha qurilmoqda.

Eng muhimi, barchangiz koʻrib turganingizdek, bogʻning markaziy qismida, taʼbir joiz boʻlsa, uning yuragida oʻxshashi yoʻq muhtasham badiiy obida – Mustaqillik monumenti barpo etildi.

Biz bugun Vatanimiz mustaqilligining 30 yillik bayramini keng nishonlayapmiz. Lekin, aslida, Oʻzbekiston hududidagi milliy davlatchilik tarixi 3 ming yildan ziyod davrni tashkil etadi.

Bu jahon fanida eʼtirof etilgan ilmiy haqiqatdir. Ushbu monumentni yaratishda ana shu konseptual gʻoyani yorqin ifoda etishga harakat qildik.

Maʼlumki, el-yurtimiz oʻzining qadimiy oʻtmishi davomida qancha-qancha unutilmas voqealarni, turli sinov va qiyinchiliklarni, zafarli davrlar bilan birga, fojiali kunlarni ham boshidan kechirgan. Lekin bir haqiqatni taʼkidlash kerakki, Vatanimiz hududida mavjud boʻlgan har bir davlatchilik tuzumi, har qanday ijtimoiy jarayon – u gʻalaba yoki magʻlubiyat boʻladimi, yuksalish yoki tanazzul boʻladimi – barcha-barchasi xalqimiz bosib oʻtgan murakkab tarixiy yoʻlning uzviy va ajralmas qismidir. Shuning uchun ham biz tariximizning barcha bosqichlarini yaxlit holda qabul qilib, har tomonlama chuqur oʻrganishimiz zarur.

Oʻtmishdagi yutuq va gʻalabalaridan kuch-quvvat olib, xato va magʻlubiyatlaridan xulosa va saboq chiqarib yashaydigan xalq oʻzining taraqqiyot yoʻli va kelajagini toʻgʻri belgilay oladi.

Shu sababli biz ushbu yodgorlik timsolida Oʻzbekistonimizning qadimgi tarixidan boshlab to bugungi kunga qadar yuz bergan eng muhim voqealarni muhrlashga qaror qildik. Boy va betakror merosimiz, buyuk sarkarda va jahongirlar, alloma va mutafakkirlar, jadid bobolarimizning oʻlmas siymolarini aks ettirishga intildik.

Oʻzbekistonning sobiq mustabid tuzum davridagi ogʻir va mashaqqatli hayoti, qatagʻon siyosati, xalqimizning Ikkinchi jahon urushida koʻrsatgan jasorat va matonati taʼsirchan lavhalarda oʻz ifodasini topdi. Gʻoyat qiyin va murakkab sharoitda respublikamiz ravnaqini, xalqimizning tinchligi va omonligini oʻylab, oʻzini ayamasdan xizmat qilgan atoqli davlat arboblarimiz faoliyati ham atroflicha yoritildi.

Oʻzbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Abdugʻaniyevich Karimov rahbarligida xalqimizning milliy mustaqillikka erishish yoʻlini aks ettirish eʼtibor markaziga qoʻyildi.

Bu betakror yodgorlik yurtimizda yangi Oʻzbekistonni – Uchinchi Renessans poydevorini yaratish gʻoyasi bilan uygʻun holda barpo qilingani ayniqsa ahamiyatlidir.

Ulugʻvor Mustaqillik monumenti timsolida biz tarix, bugungi zamon va kelajak tushunchalarini oʻzaro uygʻun holda namoyon etishga alohida eʼtibor qaratdik.

Milliy davlatchiligimizning ramzi boʻlgan Sohibqiron Amir Temur saltanatining moviy gumbazi, yulduzlar olamiga qarab yuksalgan Mirzo Ulugʻbek rasadxonasi, dunyo ilm-fani va sivilizatsiyasiga beqiyos hissa qoʻshgan ulugʻ mutafakkir bobolarimizning eng nodir ilmiy kashfiyotlari oʻzining bor mahobati va shukuhi bilan koʻz oldimizda yaqqol namoyon boʻlib turibdi.

Tinchlik va erkinlik, ezgulik va farovonlik timsoli boʻlgan, koʻkda magʻrur parvoz qilayotgan Humo qushi tasviri monumentning eng yuqori qismida – bamisoli uning gultoji boʻlib oʻrin egalladi.

Bir soʻz bilan aytganda, Mustaqillik monumenti ona Vatanimiz, mard va jasur, tinchliksevar va mehnatkash, qahramon xalqimiz sharafiga bunyod etilgan buyuk obida sifatida qad rostladi.

Monument poyiga bitilgan: “Xalqimiz tarixida ezgu iz qoldirgan barcha ajdodlarimiz doimo qalbimizda” degan chuqur maʼnoli soʻzlar ota-bobolarimiz xotirasiga bugungi avlodlarning yuksak hurmat va ehtiromini anglatadi.

Mana shunday ishlarimizning davomi sifatida “Yangi Oʻzbekiston” bogʻiga yaqin hududda zamonaviy xalqaro aeroport qurilmoqda.

Kelgusida xorijdan tashrif buyuradigan yuksak martabali mehmonlar avvalo mana shu monumentni ziyorat qilib, xalqimiz va davlatimizga hurmat bajo keltiradi.

Bundan buyon Navroʻz, Mustaqillik kabi qutlugʻ bayramlarimiz, katta ommaviy davlat tadbirlarini, turli sayil-tomoshalarni barcha zamonaviy sharoitlarga ega boʻlgan shu goʻzal maskanda oʻtkazamiz.

Aytish kerakki, bugun qalblarimizda cheksiz quvonch va hayrat uygʻotayotgan “Yangi Oʻzbekiston” bogʻini qisqa vaqt ichida, ayniqsa, pandemiya sharoitida barpo etish oson boʻlgani yoʻq. Lekin, barcha qiyinchiliklarga qaramasdan, qoʻli gul quruvchi va meʼmorlar, muhandis va bogʻbonlar, mohir haykaltarosh va rassomlar, turli soha mutaxassislari, rahbar va yetakchilar, azamat yoshlarimiz tunu kun fidokorona mehnat qilib, ushbu betakror majmuani el-yurtimizga bayram sovgʻasi sifatida tortiq etdilar.

Fursatdan foydalanib, bu tom maʼnodagi tarixiy ishga hissa qoʻshgan barcha yurtdoshlarimizga, chet ellik hamkorlarimizga oʻz nomimdan, xalqimiz nomidan chuqur minnatdorlik bildirishga ruxsat bergaysiz.

Hech shubhasiz, ushbu majmua xalqimiz, avvalo, yosh avlodimiz uchun Vatanga muhabbat va sadoqat timsoliga, qutlugʻ ziyoratgoh, oʻziga xos noyob madaniyat va maʼrifat, tarbiya markaziga aylanib qoladi.

Bu yerga qadam qoʻygan har bir inson nafaqat yayrab hordiq chiqaradi, balki avvalo oʻzi uchun beqiyos ibrat, maʼnaviy kuch oladi, deb ishonaman.

“Yangi Oʻzbekiston” bogʻi, Mustaqillik majmuasi hammamizga, butun xalqimizga muborak boʻlsin!

Yurtimizda mana shunday goʻzal va betakror maskanlar yanada koʻpaysin!

Mana shunday ulugʻ ishlar bunyodkori boʻlgan mard va tanti, mehnatkash xalqimiz doimo omon boʻlsin!

Barcha ezgu ishlarimizda Yaratganning oʻzi madadkor boʻlsin», dedi davlat rahbari.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?