Prezident Toshkent viloyati hokimining ikki oʻrinbosarini ishdan oldi

17:33 15 Oktyabr 2024 Siyosat
450 0

Foto: Prezident matbuot xizmati

Toshkent viloyatida qishloq yerlari Andijondan 1,5 karra koʻp. Lekin, yetishtiriladigan mahsulot hajmi bir xil. Viloyatda 1 gektardan oʻrtacha daromad Andijondan 2 karra, Namangan va Fargʻonadan 1,5 baravar, Buxorodan 1,3 baravarga kam.

Soʻnggi uch yilda viloyatdagi 21 ming gektar yer dehqonchilik uchun 51 ming nafar aholiga berildi. Lekin, yil boshidan bor-yoʻgʻi 72 million dollarlik meva-sabzavot eksport boʻldi. Bu – oʻtgan yilgidan kam.

Viloyatdagi samarasiz 2 ming 200 gektar bogʻ va tokzor hisobiga yiliga 10 million dollar eksport yoʻqotilayapti.

Suv tejovchi texnologiya boʻyicha Toshkent viloyati eng oxirgi oʻrinlarda.

Bu borada viloyat hokimining qishloq xoʻjaligi boʻyicha birinchi oʻrinbosari B.Alimbekov Toshkent viloyati qishloq xoʻjaligidagi imkoniyatlardan foydalana olmagani, tayyor qilib berilgan tizimni ishlata olmagani uchun lavozimidan ozod etildi.

Yaqinda bogʻdorchilik boʻyicha yangi tizim joriy qilindi.

Ohangaron va Boʻstonliqda 1 ming gektardan adir va togʻ oldi yerlarida malina va golubika plantatsiyasini, Parkentda 2 ming gektar va Ohangaronda 1 ming gektarda uzum va gilos bogʻlarini tashkil qilish imkoniyatlari koʻrsatib oʻtildi.

Bunda, 5 ming aholini, ayniqsa kambagʻal oilalardan boʻlganlarni daromadli qilish mumkin.

Mutasaddilarga bir yilda 2,2 ming gektar bogʻ va tokzorni yangilash, Angrenda anor sharbatini ishlab chiqarishni boshlash, Ohangaron tumanida olxoʻrini qayta ishlash quvvatini yaratish topshirildi.

Umuman, viloyatni bogʻdorchilik boʻyicha namunali hududga aylantirib, eksportni 300 million dollarga yetkazish vazifasi qoʻyildi.

Yigʻilishda viloyatda kambagʻallikni qisqartirish rejalari koʻrib chiqildi.

Prezident viloyatda “Kambagʻallikdan farovonlik sari” dasturi doirasida kelasi yili 116 ming aholini kambagʻallikdan olib chiqish boʻyicha hisob-kitoblarni maʼqullamadi.

“Bor imkoniyatlar va yaratib berilayotgan sharoitlar hisobiga viloyatda kambagʻal oila qolishini oʻzi uyat”, dedi davlat rahbari.

Masalan, Toshkent viloyati kichik biznes orqali aholi ishli qilish boʻyicha respublikada eng oxirgi oʻrinlarda turibdi. Viloyat sanoatining atigi 25 foizi kichik biznesga toʻgʻri keladi. Yoki, oilalar daromadida kichik biznes ulushi 1,5 foizni tashkil qiladi.

Viloyatdagi 12 ming vakant oʻrinning 2 mingtasi obodonlashtirish, gul ekish, koʻcha supirish kabi malaka talab etilmaydigan mehnatga mansub. Lekin, ish izlab yurgan 2 ming aholini bu ishlarga jalb qilish oʻrniga, ularga har yili 4 milliard soʻm ishsizlik nafaqasi toʻlanmoqda.

Faoliyatidagi kamchiliklar va sohadagi ishlar qoniqarsiz olib borilayotgani uchun viloyat hokimining birinchi oʻrinbosari E.Muxitdinov lavozimidan ozod etildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?