Prezident Toshkent shahridagi bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi

21:33 21 Yanvar 2022 Siyosat
3245 0

Foto: president.uz

Prezident Shavkat Mirziyoyev 21-yanvar kuni Toshkent shahridagi bunyodkorlik ishlarini koʻzdan kechirdi.

Ulardan biri Yunusobod tumani, Shahrisabz va Amir Temur shoh koʻchalari kesishmasi yonida qurilayotgan Tashkent Central Park majmuasidir. Ushbu investitsiya loyihasi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 5-dekabrdagi qaroriga muvofiq amalga oshirilmoqda.

Majmua uchta 15 qavatli binodan tashkil topadi. Ularda besh yulduzli mehmonxona, biznes ofislar, konferensiya zali, savdo shoxobchalari, restoranlar boʻladi. Atrofda landshaft dizaynli bogʻ, yer ostida ikki qavatli avtoturargoh barpo etiladi.

Bugungi kunda binolarning asosi tiklangan. Majmua 2023-yilda qurib bitkazilishi moʻljallangan.

Davlatimiz rahbari qurilish ishlarini jadallashtirish, kelgusida xizmat turlarini koʻpaytirish boʻyicha koʻrsatmalar berdi.

Prezident Olmazor koʻchasida barpo etilayotgan Tashkent city mall majmuasini ham borib koʻrdi. Bu yerda 29 qavatli mehmonxona, 30 qavatli biznes markazi, 4 qavatli savdo-koʻngilochar shoxobchalar binosi boʻladi. Ularning qurilishi jadal davom etmoqda va 2023-yilgacha ishga tushirilishi kutilmoqda.

Shu yerda qurilish tashabbuskorlari va investorlar bilan qisqa muloqot boʻldi. Majmua mintaqamizdagi eng yirik savdo markazlaridan biri boʻlishi, unda va turdosh sohalarda 10 mingta yangi ish oʻrni yaratish mumkinligi, yaratilgan imkoniyatlar kichik va oʻrta biznes rivojiga kuchli surʼat bagʻishlashi taʼkidlandi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahar hokimligida barpo etilgan vaziyatlarni boshqarish markazini borib koʻrdi.

Ushbu markaz aholiga zamonaviy xizmat koʻrsatish maqsadida tashkil etilgan. 110 milliard soʻm mahalliy byudjet mablagʻi hisobidan 4 qavatli bino qurilgan. 60 ta server, katta hajmli kuzatuv ekrani, kompyuterlar bilan jihozlangan.

Markaz elektr energiyasi, tabiiy gaz, suv va issiqlik taʼminoti, yoʻl, transport, jamoat xavfsizligi kabi 60 dan ortiq soha idoralarining billing tizimi va portallari bilan integratsiya qilingan. Bu orqali mazkur sohalardagi maʼlumotlar, barcha mahalla va koʻchalaridagi holat geolokatsiya orqali yaqqol koʻrinib turadi. Tumanlarga biriktirilgan mutaxassislar buni onlayn rejimda kuzatib boradi va zarur paytda tezkor xizmat koʻrsatadi.

Bundan tashqari, situatsion markaz shahar infratuzilmasini tahlil qilish va rejalashtirish kabi strategik masalalar bilan ham shugʻullanadi. Masalan, qayerda shifoxona, maktab yo bolalar bogʻchasi qurish, qaysi yoʻl yoki muhandislik tarmogʻini taʼmirlash zarurligi toʻgʻrisida xulosa beradi. Markazda 100 nafarga yaqin malakali mutaxassislar ishlamoqda.

Prezident ushbu markaz tajribasini boshqa hududlarda ham joriy qilishga koʻrsatma berdi.

Shu yerda Toshkent shahrida mahallabay ishlashni tashkil etish boʻyicha yigʻilish oʻtkazildi.

Mamlakatimizda barcha sohalardagi chora-tadbirlar har bir mahallaning oʻzida tashkil etilmoqda. Toshkent shahrida ham Mahallabay ishlash agentligi boshqarmasi, 579 ta mahallada hokim yordamchilari va yoshlar yetakchilari faoliyat boshladi.

– Bu ikki tizim vakillari, yaʼni hokim yordamchilari va yoshlar yetakchilari mahalladagi islohotchi boʻladi. Aholi hayotini yaxshilash, tadbirkorlikni rivojlantirish, yoshlarni kasbga oʻrgatib, ishga joylashtirish masalalarida sizlardan umidimiz katta, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Mutasaddilarga qayerda qanday sohani rivojlantirish, ishsiz aholini qaysi kasblarga oʻqitish boʻyicha har bir mahallaning iqtisodiy asoslarini ishlab chiqish topshirildi.

Joriy yilda Toshkent shahri mahallalarida infratuzilmani yaxshilashga byudjetdan 500 milliard soʻm ajratilishi maʼlum qilindi. Shuningdek, davlat tomonidan mahallalarda biznesni rivojlantirishga 476 milliard soʻm kredit va subsidiyalar beriladi. Ushbu mablagʻlar hokim yordamchilari tavsiyasiga asosan, mahalladagi eng dolzarb boʻlgan ijtimoiy va kommunal masalalarga hamda tadbirkorlik loyihalariga yoʻnaltirilishi aytildi.

Toshkent shahar hokimligiga shu paytgacha birorta investitsiya loyihasi boʻlmagan 271 ta mahalla uchun loyihalar shakllantirib, ularga investitsiyalarni jalb etish boʻyicha topshiriq berildi. Yangi sanoat loyihalarini ishga tushirib, shahar eksportini 2 barobarga oshirish mumkinligi qayd etildi.

Mahalla raislari, hokim yordamchilari va yoshlar yetakchilari bilan suhbatda davlatimiz rahbari ularning eng asosiy vazifasi ish samaradorligini oshirish, mahallalarda har bir oila holidan xabardor boʻlib, “temir”, “ayollar” va “yoshlar” daftarlariga kiritilganlarga qoʻldan kelgancha yordam berish, inson qadrini ulugʻlash ekanini taʼkidladi.

Yoshlar yetakchilari har kun izlanishlari va oʻz ustida ishlashlari, tuman hokimiga yangi takliflar berib borishlari kerakligi koʻrsatib oʻtildi.

Mahallalarda qurilishi rejalashtirilgan ijtimoiy inshootlar loyihasi ham koʻrib chiqildi.

“Hududgaztaʼminot” aksiyadorlik jamiyati tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar, Tabiiy gaz isteʼmolini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimi natijalari haqida taqdimot ham oʻtkazildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер