Prezident Toshkent shahar hokimini qatʼiy ogohlantirdi. Ayrim tuman va shahar hokimlari, prokurorlari, IIB va soliq boshliqlari va respublikadan 11 nafar masʼulni lavozimidan ozod etdi

17:07 19 Aprel 2022 Siyosat
823 0

Ayni paytda Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida mahallabay ishlash tizimi natijadorligini oshirish hamda aholi bandligini taʼminlash masalalari yuzasidan videoselektor yigʻilishi boʻlib oʻtmoqda.

«Xabarlaringiz bor, tadbirkorlikni rivojlantirish uchun 500 million dollar va 2 trillion soʻmdan ziyod mablagʻlar yoʻnaltirishni belgilab olgan edik. Shuningdek, ayni paytda tadbirkorlarni eng bezovta qilayotgan soliq maʼmurchiligi, tekshiruvlar, ruxsatnomalarni soddalashtirish, byurokratiya va korrupsiyaga yoʻl qoʻymaslik kabi choralarni ham belgilab oldik.

Bugun esa Bosh vazir oʻrinbosarlari, viloyat, tuman va shahar hokimlari 2 ta eng muhim masala boʻyicha hisobot beradilar:

- hokim yordamchilari 3 oylik faoliyatining dastlabki natijalari;

- aholi bandligini taʼminlash boʻyicha birinchi chorakda amalga oshirilgan ishlar», dedi davlatimiz rahbari soʻzining avvalida.

Hokim yordamchilari uch oy davomida 35,3 million aholi yashaydigan 6 million 900 ming xonadonni toʻliq xatlovdan oʻtkazib, ularni 4 ta toifaga ajratgani taʼkidlandi. Bular:

- 11 foizi – kam daromadli;

- 47 foizi – doimiy daromadi boʻlgani bilan qoʻshimcha daromadga ehtiyoji bor;

- 6 foizi – ijtimoiy himoyaga muhtoj;

- 36 foizi – iqtisodiy ahvoli yaxshi, oʻziga toʻq oilalar hisoblanadi.

Yaʼni, yangi tizim orqali har bir hokim, uning iqtisod boʻyicha 1-oʻrinbosari va hokim yordamchilari aholining 64 foizi bilan manzilli ishlash kerakligini bilib oldilar.

Bu borada, joylardagi mutasaddi rahbarlar va hokim yordamchilari birinchi va ikkinchi toifadagi xonadonlar bilan ishlab, 3 oyda 736 ming nafar fuqaroning bandligini taʼminladi hamda 54 ming nafar fuqarolarni kasb-hunar va tadbirkorlikka oʻqitdi.

Mahallalardagi hokim yordamchilarining tashabbusi bilan 50 mingta oilaviy tadbirkorlik loyihalarini amalga oshirish uchun 1 trillion 300 milliard soʻm kredit va 20 milliard soʻm subsidiya ajratildi.

Natijada hududlarda 47 mingta yangi tadbirkorlar faoliyati yoʻlga qoʻyildi, 8 mingta kichik sanoat va servis loyihalari ishga tushirildi, 2,5 mingta korxona quvvatlari tiklandi va oshirildi.

«Oʻzbekiston tarixida birinchi marta bunday katta raqamlar amalda boʻlganini gapiryapmiz.

Mahallada tizim va sharoit yaratganimiz, albatta, qaysi tuman va shahar rahbarlari fidoyi boʻlib ishlagan boʻlsa, natija beryapti», dedi Prezident.

Eng yaxshi natija koʻrsatgan 14 nafar hokim yordamchilarini mukofotlash, ijobiy natijaga erishgan 2 ming 943 nafar hokim yordamchilariga tashakkurnoma yuborish topshirildi. Ijobiy natija koʻrsatgan hokim yordamchilari va respublika vakillari “Yangi Oʻzbekiston islohotchisi” koʻkrak nishoniga munosib nomzodlar zaxirasi ekani koʻrsatib oʻtildi.

Shu bilan birga, tizimdagi oqsoqliklar qatʼiy tanqid qilindi.

«Hali 40 foiz mahallada hokim yordamchilarining ishida natija koʻringani yoʻq. Misol uchun, 450 ta mahallada ishsizlik darajasi 20 foizdan yuqori.

Bunday mahallalar soni Toshkent viloyatida – 59 ta, Fargʻonada – 52 ta, Andijonda – 45 tani tashkil etib, qolgan hududlardan koʻp», dedi Prezident.

Shu munosabat bilan Toshkent shahar hokimi, birinchi oʻrinbosari va soliq boshligʻi qatʼiy ogohlantirildi. Fargʻona va Xorazm viloyatlari hokimlari 1-oʻrinbosarlari lavozimiga loyiqligini koʻrib chiqish topshirildi.

Shuningdek:

- Oltinkoʻl tumani, Zarafshon shahri hokimlari;

- Bekobod, Oqqoʻrgʻon, Kosonsoy, Nishon, Izboskan, Qoʻrgʻontepa, Shovot, Toʻrtkoʻl, Tomdi, Toʻraqoʻrgʻon, Qumqoʻrgʻon, Fargʻona tumanlari, Navoiy, Kattaqoʻrgʻon shaharlari hokimlarining 1-oʻrinbosarlari;

- Karmana, Forish tumanlari prokurorlari;

- Yangiyer, Shahrisabz shaharlari, Forish tumani IIB boshliqlari;

- Nurota, Muzrabot, Shahrisabz, Mirzachoʻl tumanlari soliq boshliqlari;

- respublikadan 11 nafar vakil lavozimidan ozod etildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер