Taʼtildagi prezident, gulxan atrofidagi Abdurahmonov, qishloqda tunagan Mirzayev, “Oskar”ga kechikkan “Farida” — Hafta “trend”lari

01:09 11 Yanvar 2021 Jamiyat
2116 0

Yangi yilning ilk haftasida oʻzbekistonliklar uchun muhim va qiziqarli voqealarga boy boʻldi. “Xalq soʻzi” shu kabi xabarlarning eng muhimlarini saralab hafta dayjestini sizlarga havola qiladi.

Prezident qisqa muddatli taʼtilga chiqdi

архив фото


Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2021-yil 4-yanvardan qisqa muddatli mehnat taʼtiliga chiqdi.

“Chiroyli raqam” rekord qiymatda sotildi

Ijtimoiy tarmoqlarda 30 Z 777 ZZ avtomobil raqami shov-shuvlarga sabab boʻldi. 30 Z 777 ZZ raqami onlayn kim oshdi savdosida 596,5 mln soʻmga sotildi. Bu oʻz oʻrnida rekord darajadagi taklif miqdori ekanligi qayd etildi.

Ota 3 hafta avval kanalga choʻkib ketgan oʻgʻlini hamon qidirmoqda

2020-yilning 22-dekabr kuni ikki tanishi hamrohligida boʻlgan voyaga yetmagan Abdulaziz ismli yigit baʼzi sabablarga koʻra, kiyimlarini yechib Katta Fargʻona kanaliga tushgan va choʻkib ketgan. Viloyat favqulodda vaziyatlar, IIB boshqarmasi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi idoralar qutqaruv guruhi tomonidan bir necha kunlik qutqaruv ishlari hozircha natija bermayapti.

Maʼlum boʻlishicha, bolaning otasi Rossiyadan endigina kelgan. Kelgan kunidan boshlab oʻgʻlining jasadini qidirmoqda.

Toshkent shahrida yakka tartibdagi uy-joy qurish uchun ajratilgan yerda uchdan ortiq qavatli kvartiralar qurilgan. Bu aholining eʼtirozi va kommunal sohadagi muammolarni keltirib chiqarmoqda – Ortiqxoʻjayev

Senatning oʻn birinchi yalpi majlisi boʻlib oʻtdi. Unda “Oʻzbekiston Respublikasining Shaharsozlik kodeksini tasdiqlash haqida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni ham muhokama qilindi.

Muhokamada Toshkent shahar hokimi, senator Jahongir Ortiqxoʻjayev ham soʻzga chiqdi.

«Toshkent shahrida yakka tartibdagi uy-joy qurish uchun ajratilgan yer uchastkasida koʻp qavatli kvartirali uylar qurish holatlari ortib bormoqda. Buning oqibatida qurilgan koʻp qavatli kvartirali uylardagi muhandislik kommunikatsiyalar tizimiga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda. Ayrimlari quvvatiga yetmay, ayrimlari esa turli xil avariya holatlarini keltirib chiqarmoqda.

2020-yil oʻtkazilgan xatlovda 100dan ortiq yakka tartibdagi uy-joy qurish uchun ajratilgan yer uchastkalarida uchdan ortiq qavatli kvartiralar qurilgan. Bu esa aholining eʼtirozlariga va kommunal sohadagi muammolarni keltirib chiqarmoqda», deydi J.Ortiqxoʻjayev.

Qarshida gaz chaqnashi natijasida bir uy butunlay sochilib ketdi

Joriy yilning 6-yanvar kuni 8:10larda Qarshi shahar “Otchopar” MFYda joylashgan uylarning birida gaz-havo aralashmasining chaqnashi yuzaga kelgan. Oqibatda binoning devorlari toʻliq quladi.

Oʻzbekistonliklar uchun gʻayrioddiy hodisa roʻy berdi

«Oʻzgidromet» Oʻzbekistonda gʻayrioddiy hodisa kuzatilayotgani haqida maʼlumot berdi. Maʼlum qilishicha, bu hodisa Oʻzbekistonda nihoyatda kam uchraydi, koʻpincha u qishi barqaror sovuq hududlarda kuzatiladi.

Oʻzbekistondagi sovuq ob-havo

Oʻzbekistonning anomal sovugʻini ushbu rasmdan ham bilish mumkin.

Prezidentga sheʼr oʻqib bergan talaba Yozuvchilar uyushmasi aʼzoligiga qabul qilindi

Oʻzbekiston yoshlari forumida Jizzax davlat pedagogika instituti talabasi, “Mard oʻgʻlon” mukofoti sovrindori Sayfiddin Okanov ham ushbu uchrashuvda oʻz taklifi bildirgan, oʻzi yozgan sheʼrini Prezidentga oʻqib bergan edi. 

Xuddi shu haftadayoq Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzoligiga qabul qilingan 12 nafar jizzaxlik ijodkorga guvohnomalar topshirildi. Ular orasida Yozuvchilar uyushmasi Jizzax viloyati boʻlimining “Sangzor mavjlari” toʻgaragi rahbari Sayfiddin Okanov, Zomin tumanidagi “Zomin bulbullari” toʻgaragi rahbari Abdugʻaffor Shodmonqulov, Sharof Rashidov tumanidagi “Isteʼdod gʻunchalari” toʻgaragi rahbari Abduxalil Sattorov ham bor.

«Trimol» yoki “TURMOL”

Ijtimoiy tarmoqlarda barchaga tanish boʻlgan «Trimol» dori vositasining umumiy koʻrinishi va nomidan foydalanib «Turmol» tabletkalarini ishlab chiqarayotgan namanganlik “uddaburon tadbirkor” haqida maʼlumotlar tarqalgan edi.

Xabarga koʻra, «Trimol» dori vositasini ishlab chiqarayotgan Hindistonning “AJANTA PHARMA LIMITED” kompaniyasining Oʻzbekistondagi vakolatxonasi tashabbusi bilan oʻzlarining tovar belgisi bilan oʻxshash hamda isteʼmolchini chalgʻishiga sabab boʻluvchi tovar belgisidan foydalanib qonunga xilof ravishda ishlab chiqarayotgan “MERRYMED FARM” MCHJga huquqiy chora koʻrish uchun agentlikka murojaat qilgan.

Agentlik esa murojaatga asosan holat boʻyicha ishni oʻrganib, Maʼmuriy sudga bayonnoma kiritdi. Natijada “MERRYMED FARM” MCHJga BHM 3 baravari miqdorida yaʼni 669.000 soʻm jarima jazosi tayinlandi.

8 yoshli bola Lacettiʼda supermarket ichiga kirib ketdi

Joriy yilning 7-yanvar kuni soat 13:50larda, Toshkent shahar, Mirzo Ulugʻbek tumani, Gyote-5 koʻchasida haydovchi, 1983-yilda tugʻilgan J.Sh. «Lasetti» rusumli transport vositasida harakatlanib kelib, ushbu koʻchada joylashgan «Makro» supermarketi yaqiniga toʻxtab, oʻt oldirgich kalit va farzandini qarovsiz qoldirib oʻzi supermarket ichiga kirib ketgan. Avtomobilda boʻlgan 8 yoshli farzandi oʻt oldirgich kalitni burab yuborishi oqibatida avtomobil harakatlanib ketgan va supermarket oynasini sindirib, ichkariga kirib toʻxtagan.

Mamlakatimizda ilk marotoba ochiq osmon ostida “Muz maydoni” tashkil etildi

Alisher Navoiy nomidagi Davlat akademik katta teatri oldida Bunyod etilgan muz maydonidagi tantanali ochilish marosimi va konsert dasturi boʻlib oʻtdi.

Toshkentda 7 ta toʻlov terminallari oʻgʻirlandi

Toshkent shahrida bir necha toʻlov terminallari oʻgʻirlangani aniqlangan. Yashnobod tumani IIB tomonidan olib borilgan ishlar natijasida jinoyat ishida gumonlanayotgan ikki nafar shaxs qoʻlga olingan.

Maʼlumotlarga koʻra, gumonlanayotgan shaxslar 2020-yil 15-dekabrdan 2021-yilning 2-yanvar vaqt oraligʻida jami 7 ta toʻlov terminallarini oʻgʻirlab, ularni buzgan va ichidagi pullarni sarflab yuborishgan.

Namanganda koʻprik qulab tushdi

Ijtimoiy tarmoqlarda Namangan viloyatining Davlatobod tumanidagi Shimoliy Fargʻona kanali ustida qurilayotgan koʻprik qulab tushgani haqida xabarlar tarqaldi.

Viloyat hokimligining maʼlum qilishicha, uzunligi 37 metr, eni 3 metr boʻlgan va piyodalar qatnovi uchun moʻljallangan koʻprik mahalliy tadbirkor tomonidan “Oʻn bir Ahmad” ziyoratgohiga keluvchilar uchun qulaylik yaratish maqsadida barpo etilayotgan boʻlgan. Buning uchun davlat byudjetidan mablagʻ sarflanmagan.

Gulxanda isinayotgan hokim

Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov Asaka tumanidagi 5 ming 200 nafar aholi istiqomat qilayotgan Ulugʻbek mahallasi aholisining dardu-tashvishlari va muammolarini ochiq osmon ostida eshitdi.

Viloyat hokimi chekka qishloqdagi aholi xonadonida tunadi

Sirdaryo viloyati hokimi Gʻofurjon Mirzayev viloyatning chekka hududlarida yashovchi aholining holidan xabar olish, ularning tashvish va muammolarini oʻrganish maqsadida Xovos tumanidagi “Binokor” mahallasida boʻldi. Va shu mahalla fuqarosining xonadonida tunab qoldi.

Jizzaxda koʻp qavatli uyning bir qismi qulab tushdi

Hafta yakuni ham dilxiralik bilan yakunlandi. 10-yanvar kuni soat 17:15 lar atrofida Jizzax shahar Zilol mahallasi Mustaqillik koʻchasida yangidan qurilayotgan koʻpqavatli uylardan biri qulab tushdi. 

Qulab tushgan bino yuzasidan prokuratura tekshiruv boshlab yubordi, shuningdek, qulab tushish sabablarini oʻrganish boʻyicha Hukumat komissiyasi tuzildi.

Suvsiz qolayotgan andijonliklar

Shu yilning 9-yanvar kuni Andijon shahriga ichimlik suvi yetkazib beruvchi diametri 1400 mm.li boʻlgan «Xonobod-Andijon» markaziy suv quvurining Andijon tumani Xortum MFYga qarashli “Anjirzor” koʻchasi hududida joylashgan suv taqsimlash jihozida nosozlik yuzaga keldi. Qayd etilishicha, nosozliklarni bartaraf etish uchun bir necha kun talab etiladi.

“Faridaning ikki ming qoʻshigʻi” filmi “Oskar”da qatnashmaydi

“Faridaning ikki ming qoʻshigʻi” filmi belgilangan vaqtda yuborilmaganligi sabab “Oskar”da qatnashmaydi. “Xalq soʻzi” bu masalaga oydinlik kiritish maqsadida film prodyuseri va mutasaddilardan izoh oldi.

Eʼlon qilingan maqola yuzasidan “Oʻzbekkino” Matbuot kotibi Nozim Safari tahririyat bilan bogʻlandi va vaziyatga izoh berdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?