Prezident surxondaryolik yosh ijodkorga “Spark” sovgʻa qildi

15:42 03 Iyun 2021 Jamiyat
856 0

Prezident Shavkat Mirziyoyev Surxondaryo viloyatiga tashrifi chogʻida yangi qurilgan koʻp qavatli uyga koʻchib oʻtgan Nazira Raximova xonadonida boʻlib, yolgʻiz ona hamda uning qizi Ruxshona bilan suhbatlashgan edi.

Samimiy muloqot chogʻida yosh ijodkor Ruxshona davlat rahbariga yangi nashrdan chiqqan kitobini sovgʻa qildi. Oʻz navbatida, bilimli, zukko, oqila, yuksak iqtidor sohibiga davlatimiz rahbarining mehri tushib, “Spark” avtomashinasi sovgʻa qilishini maʼlum qildi. Bugun Nazira Raximova xonadoniga keng jamoatchilik vakillari tashrif buyurdi va Prezident sovgʻasi “Spark” avtomashinasi tantanali ravishda Ruxshonaga topshirildi.

Shu munosabat bilan uyushtirilgan tadbirda Surxondaryo viloyati hokimi Toʻra Bobolov, Yoshlar ishlari agentligi raisi Alisher Saʼdullayev, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbari Mirhojiddin Hojimatov, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyid va boshqalar ishtirok etdi.

- Prezidentimiz eʼtibori va gʻamxoʻrligidan boshim osmonga yetdi. Aslida, Termiz shahriga ilm izlab kelgandim, toleim kulib, bu yerda bir qator yutuq va muvaffaqiyatlarni qoʻlga kiritdim. Onajonim 15 yildan buyon birinchi guruh nogironi. U kishining holini soʻrab kelganlari uchun davlatimiz rahbaridan behad minnatdorman. Rosti, bu kutilmagan tashrif sabab onamning kechinmalarini aslo soʻz bilan ifodalay olmayman. Prezidentimizning menga otalarcha gʻamxoʻrligi, ayniqsa, onamning ruhiyatiga katta ijobiy taʼsir koʻrsatdi. Menga bildirilgan bu ishonch va ragʻbatni aʼlo xulqim, ilmu-iqtidorim va Vatanimga munosib farzand boʻlish bilan oqlashga vaʼda beraman, - deydi biz bilan suhbatda Ruxshona Abdurazzoqova.

Maʼlumot uchun, qahramonimiz Ruxshona Denov tumanida tugʻilib oʻsgan. Ikki yil muqaddam puxta bilim olish, oʻz iqtidorini toʻlaroq namoyon etish maqsadida onasi bilan Termiz shahriga koʻchib kelgandi. Ruxshona hozirda Termizdagi 1-son al-Hakim at-Termiziy nomidagi yosh fizik va matematiklar mayetab-internatida tahsil olmoqda. U oʻqib, oʻrganish barobarida mudom ijodiy izlanishda. Maqsad sari qatʼiy intilishi unga hamisha omad va zafar eshigini ochib bermoqda. Bugunga qadar uning 3 ta kitobi nashrdan chiqqan. Yoshlar oʻrtasida oʻtkazilgan koʻplab tanlovlar gʻolibi. Jumladan, 2018-yilda “Yosh kitobxon” respublika koʻrik-tanlovi viloyat bosqichida 10-14 yoshgacha boʻlgan ishtirokchilar orasida 1-oʻrinni egallab, respublika bosqichida ham muvaffaqiyatli qatnashgan. 2019-yilda Afgʻoniston Islom Respublikasida boʻlib oʻtgan “Kangourou” matematiklar festivalida Xalqaro sertifikat bilan taqdirlandi. Uning shu kabi qator yutuqlari, alohida iqtidor va qobiliyati inobatga olinib, oʻtgan yili “Zulfiya” nomidagi davlat mukofoti bilan taqdirlandi.

Ilhom RAHMATOV, 

“Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?